date
views 891

Do‘ppi bilan artilgan tufli

Do‘ppi bilan artilgan tufli

«Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin...»

Bahodir Isoning shu she’riga kuy bastalab aytilgan qo‘shiqni yaxshi ko‘raman. Ijrochi ham maromiga yetkazib kuylagan o‘ziyam.

Haqiqatan, hayotimizda bunday voqealar ko‘plab uchramoqda. Ming bora shukrki, yurtimizning tinch, omonligi, mustaqillik sharofati bilan barcha imkoniyatlar eshigi keng ochilgan, har bir inson, oila sidqidildan mehnat qilsa, yangi qirralari ochib borilayotir.

Mehnat qilgan elda aziz. Bu hikmat bekorga aytilmagan. Ammo pul topishning yo‘llari ham ko‘p-da. Kimlardir jonini jabborga berib, astoydil mehnat qiladi, ro‘zg‘ori obod bo‘lishiga intiladi.

Albatta azob bilan topilgan davlatning qadri kimmati boshqacha bo‘ladi. Xarajat qilayotganida avvalgi kuni esiga tushib turadi-da.

Bir to‘da yigit to‘yga hozirlanib tursa, oshnalardan biri yangi tuflisini yangi do‘ppi bilan artayotganmish.

– Esing joyidami, yangi do‘ppi bilan artyapsan?

– Tuflini mehnat qilgan pulimga olganman, do‘ppimni otam olib bergan, – dermish u.

O‘zbekiston imkoniyatlar mamlakatiga aylandi. Esini bilgan har bir odam ming bir mulohaza bilan qadam bosadi. Oramizda yo bir o‘rtakashlik, yoki qandaydir «imkoniyat»lardan foydalanib qolayotgan «ishbilarmon»larning ko‘payib borayotgani sir emas. Ular na ota-onaga hisob beradilar va na jamiyatga. Odamlar bu toifa qanday daromad olayotganini biladi. Birdaniga dang‘illama uy, qo‘sha-qo‘sha super mashinalar, super «yangalar» yana allambalolar... Hammasidan ham o‘zini tutishi oshib tushadi.

Og‘aynim hikoya qilib berdi. Xo‘jalikda ombor mudiri bo‘lib ishlab yurganida bir bechora yigit ro‘zg‘origa yetishmaganidan har zamonda undan bir paqir, bir qop bug‘doy so‘rab kelar ekan. Qonunga zid bo‘lsa ham ahvolini ko‘rib, juda bo‘lmasa savobi tegadi-ku, deb bug‘doyni bepul berib yuborarkan mudir.

Kunlar o‘taveribdi. Zamon aylanib, o‘sha yigit birovlarga qo‘shilib, tez kunda boyib ketibdi. Cho‘ntagi to‘la pul, tagida chet el avtosi. Muomala ham boshqacha. Odamlar hayron.

– Viloyatdan kelgan mehmonlarni kuzatish uchun idoraning oldidan chiqqandim, – deb hikoya qiladi og‘aynim, – mashinam tushmagurning motori o‘chib qolsa, deng! Ittifoqo, o‘sha yigit allambalo avtomobilida yonimizdan o‘tib qoldi. To‘xtatdim. Uka, shu mashina yurmayapti, bir itarishib yuborsang, o‘t olardi, dedim. Nima deb javob berdi, deng! «Siz meni kim deb o‘ylayapsiz?» – deydi. «Men seni ikki-uch yil oldin paqirlab bug‘doy so‘rab yalinib kelib yurganingni bilaman», – debdi og‘aynim.

Yigit mashinadan ham tushmay zarda qilib ketib qolibdi.

Oradan besh-o‘n yillar o‘tgach, ular nogahonda yana uchrashib qolishibdi. Yigit odmigina kiyingan, xuddi bir paytlardagiday nochor ahvolda emish!

– Ha, uka, nima bo‘ldi? Osmonda eding, yerga tushib qolibsan?

Yigit boshini egibdi:

– Aka, shunday bo‘lib qolli, hayot shafqatsiz ekan.

– Qarab qo‘y, men hamon avvalgidayman.

Ko‘ryapsizki, Yaratganning adolat tarozisi bor. Baribir oqqan daryo o‘zaniga tushadi. Demoqchimanki, yangi «boy»lar o‘tgan kuniga nazar solib, daromadlarini elning obodligiga, ba’zi nochor oilalarga yordam berib, ezgu amallar qilib, savob ishlarga sarf qilsa, ikki dunyo saodatiga erishadi.

Vodiy tomonning odamlarini bilsangiz kerak, ancha odamoxun, sertavoze bo‘lishadi. Islom dinida sobitqadam. Bir tumanda uch yuzdan ortiq qori borligini eshitganman. Olimlar tomonidan Qur’oni Karim to‘g‘ri talqin qilinsa, bu kitob barcha insoniyatni faqat yaxshilikka yetaklashini hammamiz ham anglab yetavermaymiz.

Bir olim kishi aytadi:

– Bizda dunyo topib boyiganlar ko‘proq oldinga engashadi, ya’ni hamma-hamma xalqqa egiladi, sizlarda orqa tomonga tortib ketarkan, ya’ni o‘ziga g‘o‘dayib qolarkan.

Avvalo, ularni shunday qilayotgan o‘zimiz. Maqtovni haddan oshiramiz. Ba’zi joylarda qarab tursang, ayrimlar sal nochor kiyingan katta yoshdagilarni ham chekkalab, yuqoriga o‘tib ketaveradi.
Aslida umr bo‘yi shu jamiyat, shu xalqqa xizmat qilgan bilan ular orasida osmon bilan yercha farq bor. Gul atrofini chopib turmasa, hamma yoqni begona o‘t bosadi, gulning bo‘yi, chiroyi ko‘rinmay qoladi. Bunday holatlarda hammamiz bir bo‘lib ularga ozgina tanbeh berib tursak foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, Yaratganning oldida hazrati inson barobardir, faqat yaxshi amallari uni elu xalq oldida hurmat shohsupasiga olib chiqadi.

Yaqinda bir joydan o‘tayotib uch-to‘rtta yigitni ko‘rdim. Har biri o‘zining yangi mashinasini maqtayapti. Jamoat joyida zo‘r dasturxon tuzab, ichkilik ichib o‘tirishibdi. Og‘zilaridan inson chidab bo‘lmaydigan so‘kinishlar, haqoratli so‘zlar chiqyapti, bu bilan o‘zlarini reklama qilishyapti.

– Hoy ukalar, bu yer jamoat joyi, sal o‘zlaringni bosinglar, – dedim maslahat bergan bo‘lib.

– E, boboy, yo‘lingizdan qolmang, – deyishdi. – Cho‘ntagida hemiri yo‘g‘-u, bizga aql o‘rgatishini qaranglar!

Angladimki, bular shaytonlar toifasidan, ularga pandi-nasihat xayf!
Shunga aytadilar-da, «Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin», deb!

Abdug‘affor Shodmonqulov.

Manba: Xabar.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Do‘ppi bilan artilgan tufli