
Ukrainada “Energoatom” atrofida avj olgan korrupsiya ishi mamlakat siyosiy kun tartibini bir zumda o‘zgartirdi. Prezident Volodimir Zelenskiy 12-noyabr kuni Telegram orqali qilgan murojaatida adliya vaziri German Galushchenko va uning o‘rnini vaqtincha egallagan energetika vaziri Svetlana Grinchuk lavozimlarida qololmasligini qat’iy bayon qildi. Davlat rahbari bu qarorni “ishonch masalasi” deb atadi.
Zelenskiyga ko‘ra, agar ayblovlar mavjud bo‘lsa, ularga aniq javob berilishi shart. Shu bois, u bosh vazirdan har ikki vazirning iste’fo arizalarini qabul qilishni so‘radi va Oliy Rada deputatlarini bu qarorni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Prezident shu bilan birga “Energoatom” ishida tilga olinayotgan ikki shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi qarorni imzolashini ham ma’lum qildi.
Ismlar oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, oradan ko‘p o‘tmay Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko bu ikki shaxs kim ekanini ochiq bildirdi: Zelenskiyga yaqin inson sifatida tilga olinib kelingan “Kvartal 95” studiyasi asoschisi Timur Mindich va moliyaviy ta’sirga ega Aleksandr Sukerman. Ular “Energoatom” bo‘yicha boshlangan tergovdan bir oz oldin mamlakatni tark etgan.
Shu paytda Grinchuk ham o‘z pozitsiyasini bildirdi — prezident murojaatidan taxminan bir soat o‘tib, u iste’fosini e’lon qildi. Feysbukdagi murojaatida u o‘z faoliyati davomida biror qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaganini, ayblovlar asossiz ekanini ta’kidladi. “Vaqt barchasini joyiga qo‘yadi”, — deb yozdi u.
Galushchenkoning iste’fosi haqidagi xabarni esa bosh vazir ayni kuni kechroq tasdiqladi. U Oliy Radaga ularni lavozimdan ozod etish yuzasidan takdimnoma kiritganini bildirdi. Parlamentda ushbu masala yuzasidan ovoz berish 18-noyabrga belgilangan.
Korrupsiya ishining o‘zi esa juda katta ko‘lamga ega. NABU va SAP ma’lumotlariga ko‘ra, “Energoatom”da kontragentlardan shartnoma qiymatining 10–15 foizini “otkat” sifatida talab qilish tizimi shakllantirilgan bo‘lgan. To‘lovlarni asossiz kechiktirmaslik yoki yetkazib beruvchi maqomidan mahrum etmaslik uchun noqonuniy to‘lov talab qilingani aytilmoqda. Tergov doirasida 10 noyabr kuni Galushchenko, Mindich va kompaniyaning o‘zida tintuvlar o‘tkazilgan.
11 noyabr kuni “Energoatom” kuzatuv kengashi navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni muhokama qildi. Shundan so‘ng bosh vazir Sviridenko kengash vakolatlarini muddatidan oldin tugatish bo‘yicha qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.
Bugungi vaziyat shundan dalolat beradiki, Ukraina hukumati korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va javobgarlikka asoslangan siyosat yuritayotganini ko‘rsatmoqda. Prezident Zelenskiyning o‘z vaqtida va qat’iyat bilan qabul qilgan qarorlari mamlakatda tizimli o‘zgarishlar kechayotganining navbatdagi isbotidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.