13 oktyabr kuni Savdo-sanoat palatasida prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yangilangan tarkibining ilk majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlarni rag‘batlantirish uchun tuzilayotgan yangi reyting loyihasi muhokama qilindi.
Tadbirdan so‘ng Kun.uz muxbiri majlis yakunlari bo‘yicha SSP rahbari Davron Vahobov va iqtisodchi Yuliy Yusupovlar bilan suhbatlashdi.
- Nima munosabat bilan yig‘ildik bugun?
- Davron Vahobov, SSP rahbari: 18 avgustda davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqotdan keyin yangi tarkibdagi jamoatchilik kengashi shakllangan edi. 4 sentabr kuni 292-sonli prezident qarori bilan 10 dan oshiq sohalarni qamrab olgan tadbirkorlardan tashkil topgan kengash tuzildi. Bugun birinchi yig‘ilish. Yig‘ilishdan maqsad — prezidentning 292-sonli qarori bo‘yicha yo‘l xaritasini tuzish va ochiq muloqotda ko‘tarilgan masalalarni muhokama qilish. Birinchi band – kichik biznes banki shakllanishi, ikkinchisi – soliq ma’murchiligi, uchinchisi – bojxona imtiyozlari, to‘rtinchisi moliyalashtirish bo‘yicha. Shu bo‘yicha jamoatchilik kengashi xulosasini olish.
Tadbirkorlarni baholash deganda inson omilisiz baholash mezonlarini shakllantirishimiz kerak. Bugun boshlang‘ich mezonlarni shakllantirdik. Tadbirkor mezonlar bo‘yicha o‘z faoliyatini yuritsa, ko‘plab imtiyozlarga ega bo‘ladi. Deylik, soliq imtiyozlari, tekshiruvlar yo‘qligi. Bu platforma orqali tadbirkor o‘zi hamkorlik qilayotgan yoki shunday niyatda bo‘lgan tadbirkorning reytingini ko‘rib turadi. Reytingi pastroq tadbirkorlar yuqoriroqqa chiqishga harakat qiladi, imtiyozlarga intiladi.
- Nega aynan Soliq qo‘mitasiga reytingni tuzish ishi topshirilyapti?
- Bu taklif. Soliq bazasida barcha tadbirkorlarning elektron bazasi bo‘lgani uchun shu asosda shakllantirish taklif etildi. Jamoatchilik kengashi qo‘llab-quvvatlamasa, boshqa bir bazada shakllantiriladi, taklif edi faqat. Savdo-sanoat palatasi (SSP) nazoratda qatnashishi mumkin.
- Siz o‘zingiz tadbirkorsiz, tadbirkorlar ustidan nazorat qilishda ishtirok etsangiz, manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmaydimi?
- Bizneslarim – katta soliq to‘lovchi korxonalar. SSPda esa asosan kichik va o‘rta korxonalar. Men raqobat muhiti bo‘lishini qo‘llab-quvvatlayman. Soliq to‘lovchilar to‘liq shaffof ishlasa, raqobatbardoshlik oshadi.
- Kafe va oshxonalarga alkogol mahsulotlari sotishga ruxsatnoma olib faoliyat yuritishi talab qilinib, bo‘lmasa yopilishi aytilayotgan ekan, bu haqida murojaatlar kelyapti bizga. SSP ularga yordam beroladimi?
- Bunday topshiriq yo‘q. Tushunmovchilik bo‘lgan. SES talablari va soliqlar masalasida to‘g‘ri faoliyat yuritish haqida tushuntirish berilgan faqat.
- Hozir mamlakat bo‘ylab qishloq xo‘jaligi kooperativlar tuzilyapti, bu juda ijobiy jarayon, ammo kooperativlarga joylarda to‘sqinliklar bo‘lyapti. Ularga yorlam beroladimi SSP?
- Qaysidir tumanda kooperativ tuzilsa, rejalar bo‘lsa, o‘zim yordam beraman. Germaniya kabi davlatlar shu amaliyotga o‘tgan, bizda faqat fermerlar shunga birlashsa bo‘ldi. Menga reja bilan, kelishuv bilan kelsa, yordam berishga tayyorman. Menimcha, kooperativlarga bir tumanning kamida 25 foiz fermeri birlashishi kerak. Chunki birjada sotish, sotib olish, o‘g‘it, yoqilg‘i olish kabilarda osonlik bo‘ladi. Tola, chigit ajratish kabi xizmat ko‘rsatish xarajatlarini shakllantirib, o‘rtada umumiy hal qilish kerak. Umuman, kooperativlarga yordam berishga tayyormiz. Noqonuniy to‘siqlarni bartaraf qilishda ham.
- Tashabbus sizga qanchalik yoqdi?
- Yuliy Yusupov, iqtisodchi: O‘ylaymanki, bunday reytinglar tadbirkorlarni jazolash uchun emas, balki ularni rag‘batlantirish va reytingdagi yuqori o‘rni bilan faxrlanishdan boshlab, qandaydir imtiyozlar berish uchun foydalanilsa, foydali bo‘ladi. Soliqchilar ham undan risklarni tahlil qilish mezoni sifatida foydalanishlari mumkin: “korxona yuqori reytingga egami, uni yaqin kelajakda tekshirmasligimiz mumkin”. Ammo ushbu reytinglar haqiqatan ham ishonchli bo‘lishi juda muhimdir. Buning uchun ular obektiv ko‘rsatkichlar asosida qurilgan bo‘lishi kerak. Va biz jamoat kengashida bunday reytingni qanday qilish kerakligini muhokama qildik. Loyihada asosiy e’tibor soliqqa tortish masalalariga qaratilgan, aslida biznesning ishonch reytingi nafaqat bunga asoslanishi kerak. Juda noaniq mezonlar mavjud, ularni kim va qanday aniqlashi aniq emas. "Menga bu yoqadi, bu yoqmaydi" bo‘lmasligi kerak. Barcha mezonlar mutlaqo obektiv bo‘lishi va hech qanday sub’yektiv baholarga bog‘liq bo‘lmasligi lozim.
- Biz yaxshi g‘oyalarga o‘rganib qolganmiz, lekin ularni amalga oshirish ko‘pincha biz kutgandek bo‘lmaydi. Bu holatda nimani kutish kerak?
- Bu yerda Savdo-sanoat palatasi tashabbus bilan chiqmoqda. Savdo-sanoat palatasi mohiyatan biznesga nisbatan yomon maqsadlari yo‘q. Bizga ko‘rsatilgan hujjatlarda esa reyting jazo uchun emas, balki faqat mukofot uchun qo‘llanishi ko‘rinib turibdi. Misol uchun, Soliq qo‘mitasi 2 yil oldin tadbirkorlarni QQS to‘lovchi maqomidan mahrum qilish uchun tavakkalchilik tahlilidan foydalanishga qaror qildi, go‘yo QQS to‘lash – qandaydir mukofot... Bu tadbirkorning majburiyati axir! Ko‘plab kompaniyalarga QQS to‘lashga ruxsat berilmadi, emishki ular ba’zi xavflarni tahlil qilish mezonlariga javob bermagan. Tahlillar bunga mo‘ljallanmagan.
- Jamoatchilik kengashi yangi hayot, yangi nafas olishini kutishga asosimiz bormi?
- Umid qilamiz. Bugun yaxshi muhokama bo‘ldi. Umid qilamanki, bu boshlanish, hammamiz optimist bo‘lishimiz kerak, aks holda bu qiyin davrda qanday yashaymiz?
Shokir Sharipov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring