Professor Ershahin: «Fitrat, Cho‘lponning g‘oyalari yangidan tadqiq qilinishi faqat yaxshilikka xizmat qiladi»
Anqara universiteti professori Sayfettin Ershahin Toshkentda o‘tgan «Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari» xalqaro konferensiyada jadidlarning vaqf masalasini qanday yondashgani haqida nutq so‘zladi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda jadidchilik butun islom olamiga dahldorligi haqida gapirdi.
«Jadidchilik Islom dunyosidagi modern bir harakat edi. Ovro‘pa, umuman G‘arb dunyosi bilan Turkistonni teng ko‘ra olgan harakat edi. U Turkistonda omadli bo‘lgan deyish mumkin. Chunki jadidlar Buxoro xalq respublikasi, Xorazm xalq respublikasi kabi jumhuriyatlar qurdi. O‘zbekistonning ilk marta tashkil topishida jadidlarning buyuk xizmatlari singdi. Bugun ham O‘zbekistonda davlat rahbari darajasidagi e’tibor sababli ularning xotirasiga chuqur e’tibor qaratilyapti.
Mana shu e’tibor sababli O‘zbekistonda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish mumkin bo‘lar, balki. Albatta, Forobiylar zamonidagi bir renessansdan, Amir Temur davridagi omadli bir xotiralardan so‘zlashimiz mumkin bo‘lsa, bugungi davrni ham balki bir renessans sifatida baholash mumkindir. Bu konferensiyaning o‘ziga xosligi ham shunda.
Jadidlarning har mavzuda ilmiy ishlari bor. Ular ta’lim, adabiyot, til mavzusidagi dokladlarini uchratish mumkin. Shu bilan birga men bu yerda ularning vaqf masalasini qanday hal etganliklari hamda amalga oshirganliklari masalasida nutq so‘zladim.
Jadidchilik faqat O‘zbekiston miqyosida emas, balki butun Islom dunyosida ahamiyatlidir. Anjumanda so‘zlanganlarga e’tibor qaratsak, Misrda, Usmoniy va yangi turk davlati davrida, Eronda, tatarlar orasida ham bu harakatlar bo‘lgani haqida bilib olamiz. Shu qator o‘zbek jadidlarining qaysi soha va yo‘nalishlarda faol bo‘lganliklari haqida ham nutq so‘zlanyapti. Bu anjumanlarning foydali tarafi shundaki, agar jadidchilik jadal bir harakat bo‘lsa, o‘zbek jadidlari bu yo‘lda qaysi yo‘nalishlarda yana faol bo‘lganliklari haqida fikrlar almashiladi. Masalan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning maktablar mavzusidagi fikrlari, Abdurauf Fitrat, Cho‘lponning g‘oyalari yangidan tadqiq qilinishi faqat yaxshilikka xizmat qiladi deb hisoblayman va bu uchun barchani tabriklayman», — dedi professor.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring