21:30 / 27.12.2023
176

Ekspert: «Jadidlar orzusi o‘tmishda qolgan edi, endi kelajak masalasiga aylandi»

Ekspert: «Jadidlar orzusi o‘tmishda qolgan edi, endi kelajak masalasiga aylandi»

Jadidlar faqat yozuvchilik yoki matbaa bilan shug‘ulanmagan. 100 yil oldin, kerak bo‘lsa, yoshlarni Germaniyaga o‘qishga yuborishgan. Ular tuzgan Turkiston muxtoriyati ilk demokratik davlatlardan bo‘lgan. Konstitutsiyasi ham juda yaxshi ishlab chiqilgan. Kun.uz'ning yozuvchi Javlon Jovliyev bilan suhbatida jadidlar faoliyatiga umuman boshqacha rakursdan nazar solamiz.

— Nima uchun ma’naviyat va ma’rifatga bu qadar e’tibor qaratilyapti va aynan prezidentning shaxsan o‘zi tomonidan?

— Biz endi anglab yetyapmizki, mamlakatdagi taraqqiyotning asosi ilm-ma’rifatda. Shu sababli hukumat darajasida alohida e’tibor berilyapti. Prezidentimizning o‘zi alohida to‘xtaldi bunga. Rivojlangan davlatlarning asosida ilm-fan rivoji yotadi. U yerlarda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizimlar, institutlar o‘z ishini bajaradi, bizga ham shular kerak. Yoshlarga, ziyolilarga, umuman millatga, kelajakka ishonch ruhi kerak. Bizda pessimistik qarashlar, ketish istaklari ko‘p, ko‘p yoshlar shunchaki ketishni o‘ylaydi. Bu narsani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim, ma’rifat bilan to‘ldirish mumkin, shu narsani anglab yetishyapti ham.

Prezidentimiz ming kitob tarjimasi haqida gapirdilar, bu bo‘yicha qaror ham chiqqan edi. O‘zbekiston kitob tarjimasi bo‘yicha orqada qolib ketyapti, bizda butun dunyo tan olgan klassik asarlar ham tarjima qilinmagan, faqat ma’lum bir qismigina bo‘lgan.

Yana bir yaxshi loyiha «Mutolaa» ilovasi yaratilmoqda Yoshlar ishlari agentligi va Xalq banki ko‘magi bilan. Bu ilovada kitoblarning elektron va audio variantlarini topish mumkin bo‘ladi. Bir paytlar jadid bobomiz ham xuddi shunday mutolaaxona ochgan edi, bu ham shuning zamonaviy ko‘rinishi.

Endi eskicha qarashlar bilan yashab bo‘lmaydi. Prezidentimiz ham kichkina bolalarimiz nimani o‘ylayotganini bilishimiz kerak, dedilar. Yangi avlod nima haqida o‘ylayotganini bilish kerak. Yoshlarimiz internet tarmog‘ida ekan, biz ham shunga kirib borishimiz, zamonaviy shaklda yaxshi kontentlar olishimiz, internetni shular bilan to‘ldirishimiz lozim.

— Jadidlar yo‘lidan yurish, ularning tutumlarini tutishga chaqiriqlar bo‘lyapti. Nega aynan jadid bobolarimiz yo‘li tanlanyapti?

— Chunki bizning vaziyatimiz o‘sha jadidlarning vaziyatidek. Ya’ni yangi hayotni da’vo qilyapmiz, O‘zbekistonni yangilamoqchimiz. Jadidlar shunday qilmoqchi edi. Ular faqat yozuvchilik yoki matbaa bilan shug‘ullanmadi, millat-xalq uchun nima qilish kerak bo‘lsa, hammasi uchun harakat qilishdi va oxirida jon ham berishdi.

Masalan, hozir bizda ayrim sohalarda kadrlar muammosi bo‘lyapti, 100 yil oldin ham shunday bo‘lgandi, shuning uchun Germaniyaga o‘qishga yuborishdi yoshlarni. Hozir ham shunday jarayon. Mamlakatni yangilash uchun birinchi navbatda xalqning tafakkurini, ongini o‘stirish kerak, busiz iloji yo‘q. Xalq qanday taraqqiy etishni bilishi lozim.

Turkiston muxtoriyati ilk demokratik davlatlardan bo‘lgan, ularning konstitutsiyasi ham juda yaxshi ishlab chiqilgan, xalqchil bo‘lgan, na irqchilik, na diniy bosimlar bo‘lmagan. Jadidlardan birinchi o‘rinda nimani olish kerak, deyilsa, yurakni olish kerak, deyman. Ularda vatan ishqida yonish, vatanni sevish birinchi o‘rinda turgan. Hech qanday manfaatlarsiz sevishgan. Mana shu tuyg‘ularni xalqimizga singdirolsak, barcha kasb egalari vijdonan, burch bilan ishlaydi, shunda mamlakatimiz yangilanadi, albatta.

— Ma’naviy, ma’rifiy tomonlama raqobatga tayyormizmi?

— Tajovuzlarga, ta’sirlarga nisbatan tayyor emasmiz deb o‘ylayman. Bizda ilgaridan bo‘lgan narsalar bor: ommaning gapiga ishonish, qaysi ma’lumot birinchi kelsa tarqatish kabilar. Axborot filtrimiz shakllanmagan, oddiygina Telegram tarmog‘ida hakerlar jo‘natadigan virusli havolalarga ham kirib qo‘yamiz. Bu-ku oddiy narsa, ma’naviyatga, o‘zlikka ta’sir qiluvchi narsa emas, lekin shungayam aldanib qolyapmiz.

Tayyor bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak? Birinchi navbatda davlat xalqqa ma’lumotlarni o‘z vaqtida yetkazishi, OAV juda faol va ochiq bo‘lishi kerak. OAV, bloger, yozuvchi-shoirlarni qanchalik bo‘g‘sak, ular to‘ldirishi kerak bo‘lgan bo‘shliq o‘rniga boshqalar kirib keladi. Jurnalistikaga qachonki erkinlik berilsa, shunda kuchli jurnalistlar paydo bo‘ladi. Bo‘g‘ib qo‘yilgan jurnalist o‘solmaydi. Shuning uchun ma’naviy xuruj va tahdidlarga tayyor emasmiz deb bilaman.

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universitetida ham dars beraman. Talabalarimga doim maktablarda ona tili va adabiyot o‘qituvchisi eng lideri bo‘lishi kerak, unda ko‘proq millatparvarlik bo‘lishi kerak, deyman. Jamiyatda johiliyat kuchayib ketishi tuyg‘ular tarbiyalanmaganidan, tinglanmaganidan yuzaga keladi, bu esa adabiyot, san’at orqali bo‘ladi, tuyg‘ularni tarbiyalaydi.

Ona tili va adabiyot o‘qituvchilarining ham maoshi oshirilishi juda yaxshi yangilik bo‘ldi. Chunki ona tili va adabiyot o‘qituvchisi maktabda boshqa til o‘qituvchisidan kam oylik olib, bundan afsuslanmasligi kerak, juda yomon narsa bu. O‘zbek tili va adabiyoti asosan O‘zbekistonda o‘rganiladi, aynan bizga kerak. Shuning uchun bunga e’tibor katta bo‘lishi lozim, bizning zimmamizda bu.

— O‘zbek, o‘zbekistonlik, O‘zbekiston kabi tushunchalarni saqlab qolish uchun nimalarga e’tibor berishimiz kerak?

— Bu masala muhim va og‘riqli. Chunki o‘zbek degan tushuncha chet elda ham, boshqa joylarda ham qanaqadir ezilgan xalq degan tushuncha bilan o‘lchanib qoldi. Ma’lum vaqt chet eldagi o‘zbeklar ahvoli, O‘zbekistonga kelib ketish muammolari, qiyinchiliklari shuni shakllantirdi, hatto o‘zbekligini aytishdan uyaladiganlarni ham ko‘rdik. Lekin bu o‘sha odamlarning aybi ham emas. O‘zbek xalqi qachonki o‘z qaddini tiklasa, odamlarimiz o‘zbek degan nomdan faxrlana boshlaydi. Xalq — o‘zbek yaxshi yashashi kerak.

O‘zbekni o‘zbekka sevdirish uchun o‘zbekning kimligini ko‘rsatib berish kerak. Bu muammo boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida ham bor. Ijtimoiy tarmoqlarda, internetda ham haqiqiy o‘zbek kimligini bildiruvchi kichik-kichik materiallar bo‘lishi kerak.

Bola savodini o‘zbek tilida chiqarsin, o‘zbekcha o‘qimas, o‘zbekcha yozmas ekan, u hech qachon o‘zligini anglamaydi. Bizda esa yosh bolani birdan ruscha bog‘chaga beradi, rus maktabga beradi, u bola na rus tilini, na o‘zbek tilini biladi. Har bir ota-ona o‘zbek ekanini anglatishi kerak bolasiga.

— Hozir ham jamiyatda jadidlarni dinsizlikda, kofirlikda, g‘arbga xizmat qilishlikda ayblashlar uchrab turibdi. Jadidlar va qadimchilarni murosaga keltirish yo‘li bormi? Chunki bu narsa bizga pand berishi mumkin, bunga tarix guvoh.

— Yozuvchi sifatida odamlarni, jamiyatni ko‘p kuzataman, o‘qituvchi sifatida talabalarni ham kuzataman. Talabalar gohida ikkiga bo‘linib qoladi, biri taraqqiyotni rad etadi, biri dunyoga ochilish kerakligini aytadi — xuddi 100 yil oldingiday. Bundan tashqari, soqol, kiyim muammolari bo‘ladi. Qachon bu narsalar insonning shaxsiy ishi, shaxsiy chegarasi ekanini anglashadi, degan savol qiynaydi. Ko‘p narsalarga mutaassiblik bilan qarash bor. Natijada ikkita qutb paydo bo‘lyapti: biri g‘arb taraqqiyotiga talpinadi, biri mutaassib. Biz bunday qarama-qarshi bo‘lmasligimiz kerak. To‘g‘ri, jamiyatda fikrlar turli bo‘ladi, lekin bu millat manfaatlariga ziyon keltirmasligi kerak. Kimdir aytayotgan fikrlar millat bolalarini chalg‘itib, boshqa tomonga burmasligi lozim. Biz iymon-e’tiqodimizni va o‘zligimizni saqlagan holda dunyoga chiqishimiz kerak. O‘zligimizdan o‘ssak, dunyoga ochilsak, yangiliklarni qabul qilolsak, biz shunda taraqqiy etamiz.

100 yil oldin qadimchilar da’vo qilgan narsalar juda dahshatli edi. O‘ylab ko‘raylik, dunyoviy maktablar ochilmaganda, qay ahvolda bo‘lardik? Samarqandlik shoir, jadid Siddiq Aziziy uyida dunyoviy maktab ochgani uchun qadimchilar uning uyini shaytonning uyi deb e’lon qilib, bolalarni yubormaslikka buyuradi. Siddiq Aziziyning onasi vafot etganda janozasiga odamlar bormaydi, o‘quvchilari bilan o‘zi ko‘madi. Mana shundan ham jadidlarga qanchalik qiyin bo‘lganini bilish mumkin. Bugun ham ijtimoiy tarmoqlarda odamlarni bemalol dinsizga, xudosizga chiqarib qo‘yishadi. O‘sha hukm qiluvchilarning o‘zining iymonida muammo bor deb o‘ylayman. Iymonimizni yo‘qotsak ham, dunyoga ochilmay qolib ketsak ham, biz xarob bo‘lamiz.

Tarix bizga katta ustoz. Nima xato qilganimizni, nimani to‘g‘ri qilganimizni ko‘rsatib turadi. Tarixda mudhish xatolar qildik. Vatanini, millatini sevgan insonlar shu xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi. Xonliklar davrida dunyoga yopilib, oqibatda nima bo‘ldi? Oxirda qullikdan chiqib, battarroq qullikka tushdik. Bu bor haqiqat. Bugun ta’lim, ijtimoiy hayot o‘zgarmasa, ertaga kelajagimiz juda xavotirli bo‘ladi. Shuning uchun ham bu masala davlat darajasida ko‘tarilyapti.

Mustaqillikning boshidan ta’limni yaxshi ushlashimiz kerak edi. Kuchli kadrlar va mutaxassislarni shakllantirishimiz va qadrlashimiz lozim edi. Avval iqtisod, keyin siyosat, degan tamoyil ham o‘zini u qadar oqlamadi.

— Jadidlarimiz e’tibor bergan narsalarga biz bugun ham e’tibor beryapmiz, ya’ni turkiy davlatlar bilan yaqinlik, dunyo ilm-fan yangiliklarini olish, rivojlanishni o‘zligimiz atrofiga qurish kabilar. Shu borada ham fikrlaringiz?

— Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, turkiy davlatlar bilan yaqinlashish boshlandi. Busiz iloj yo‘q edi, chunki atrofimizda gigant davlatlar turibdi, ularga tenglashish uchun turkiy davlatlar birlashishi kerak edi. Turkistonni ayro tasavvur qilish faqat dushmanlarga xos. Ostonada bo‘lganimda ham ular prezidentimiz turkiy dunyo birligi uchun harakat qilayotganini alohida ta’kidlashdi.

Birlashish madaniy iplar bilan bog‘lanishi kerak, shu tomon biroz oqsayapti. Masalan, bizda qozoq, qirg‘iz adabiyotidan tarjimalar kam, filmlari targ‘iboti kam. Siyosiy birlashuvdan ham ko‘ra madaniy birlashuv juda qalin bo‘ladi. Siyosiy birlashuv ma’lum bir siyosiy tuzum o‘zgarishi bilan uzilib qolishi mumkin, lekin madaniy birlashuv juda katta kuch. Markaziy Osiyoni birlashtirish uchun uning madaniyatini birlashtirish lozim.

100 jildlik turkiy adabiyot durdonalari chop etildi yaqinda, juda katta loyiha bu, Turkiyada ham bo‘lgani yo‘q bu ish. Mana shunday madaniyat bog‘lanaversa, birlik mustahkamlanaveradi.

Alifbo birligi masalasi ko‘tarilyapti, bu ham muhim. Bir vaqtlar ruslar ataylab alifbolarimizni turlicha qilib tashlagan, tushunish qiyin. Qozog‘istonda ham nega qozoq dramaturglari asarlarini sahnalashtirmaysizlar, degan savol berishdi, xuddi shunday, ular ham bizning asarlarni sahnalashtirishmagan. Qo‘shni mamlakatlar adabiyotiga unchalik e’tibor bermaganmiz.

Oilam bilan yoki talabalarim bilan muzeylarga borganimda, u yerda ko‘proq chet elliklar yoki rusiyzabon yurtdoshlarimiz bo‘ladi. Nega biz bolalarimizni olib bormaymiz, o‘zi bolalarga tekin bo‘lsa? Katta-katta muzeylarimiz bor, qimmatli eksponatlar bor. Bu narsalar bolalarning tasavvurini o‘zgartiradi. Odamlar bolam telefonga o‘rganib qoldi, deb noliydi, lekin shundan qutulish uchun nima qilyapti, teatrga, muzeyga olib borish kerak-ku. Shaharda yashovchi ota-onalarga tegishli bu gap, qishloqda-ku bularning iloji yo‘q, boshqa yo‘llarni qilish kerak.

Sovet propagandasi zo‘r ishlagan, har bir qishloqda kutubxona, klublar bo‘lgan. Biz ham mana shunday madaniyat maskanlarini qaytarishimiz kerak. Sovet davrida qurilgan bo‘lsa ham, xalqimiz puliga qurilgandi shular, biz esa buzib tashladik. Madaniy markaz, kutubxonalar har bir qishloqda bo‘lishi kerak.

— Teatr borasida ham gap ketdi, har oyda bir marta tashkilotlarda teatr kuni bo‘lishi aytildi. Teatr haqida ham ikki og‘iz?

— Juda bir og‘riqli nuqta edi teatr. Teatrda ishlovchilarning oyligi ham juda kam, arzimagan maoshga ishlab yurganlar ko‘p edi. Madaniyat uylaridagi maosh ham shunday edi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda san’atkorlarga uy olish bo‘yicha subsidiyani muhokama qilishdi, san’atkor deganda xonandalarni tushunishadi, lekin teatrlarda parda ortida mehnat qiladiganlar ham san’at vakili, ular arzimagan oylikka ishlaydi. Kutubxonachilar ham xuddi shunday juda kam oylik olar edi, o‘zim ham ishlab ko‘rganman.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat