06:36 / 12.05.2024
225

1,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan andijonlik xaker nadomati...

1,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan andijonlik xaker nadomati...
Foto: “Daryo”
Yoshlarning zamonaviy IT sohasini o‘rganishi yaxshi, ammo unda to‘plagan bilimlaridan g‘arazli maqsadda foydalanishlari jamiyatimiz uchun katta xavf tug‘diradi.

Mahkum — 18 yoshda. U Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlari bilan aybdor deb topilib, 4 yil-u ikki oyga ozodlikdan mahrum etilgan. U fuqarolarning plastik kartalardagi bir yarim milliard so‘m mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgan.

“Ziyoli oilada tug‘ilganman”

Bir yarim yil davomida IT bo‘yicha o‘qib, B sertifikatini qo‘lga kiritganman. To‘rtta sherigim bilan sayt yaratib, bir nechta plastik kartalardagi mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirganmiz.

Dadam ichki ishlar xodimi, onam o‘qituvchi. Ziyoli oilada tug‘ilganim uchun ular juda kichikligimdan boshlab tahsil olishimga jiddiy e’tibor berishgan. 14 yoshimdan buxgalteriya va IT sohalari bo‘yicha o‘qishni boshlaganman.

IT sohani o‘rgangan yoshlarga ish topish oson, meni ham bir nechta firmalar ishga taklif qilgan. Ammo yoshligimga borib, oson pul topishga qiziqib qoldim. Qiziqqonlik jinoyat yo‘lini tanlashimga sabab bo‘ldi
, — deydi mahkum.

“Ilovalar orqali o‘zlashtirilgan pullar”

Tengdosh do‘stimning taklifi bilan bu ishga qo‘l urganman. Jamoamizda jami to‘rt kishi bo‘lgan. Telegram guruhlari orqali ehson bo‘lyapti yoki sovrinli o‘yin ishtirokchisiga aylaning degan ilovalarni jo‘natganmiz. Uni bosgan akkaunt egasi avtomatik ravishda saytga ulanadi va uning plastik karta raqami bilan bog‘liq ma’lumotlar ochiqlanadi.

Birinchi marta 273 million pulni o‘zlashtirganman. Undan keyin summalar ortib boravergan. Biz onlayn tarzda hisob raqam ochtirganmiz va o‘zlashtirilgan pullar unga tushgan. Katta miqdordagi summani bir hududdagi bankomatdan yechsak, organ xodimlari bilib qoladi, deb viloyatlar bo‘ylab ularni naqdlashtirib chiqardik.

O‘zim jami 42 ta plastik kartadan 1,5 milliard so‘mni o‘zlashtirganman. O‘g‘irlangan pullarni besh oy davomida o‘z ehtiyojlarim uchun sarflaganman. Pulingiz ko‘p bo‘lsa atrofingizda oshna-og‘aynilar soni ham ortarkan. O‘z hisobimdan ularni Dubayga dam olishga olib borganman. Xullas oson kelgan pulning ketishi ham yengil bo‘larkan
, — deydi mahkum.

“Radar sirimni fosh qildi”

Kun kelib har qanday qing‘ir ishning izi chiqarkan. Ota-onam mashina olib berishgandi. U onamning nomida bo‘lgan. Mashinani tez boshqarganim uchun radarga ko‘p tushardim. Jarimalarim soni 18 millionga yetgan va men o‘g‘irlangan pullar yig‘iladigan hisobdan jarima to‘laganman. Organ xodimlari onamni chaqirib, mashinani kim boshqarishini so‘ragan va mening izimga tushishgan. Radar sabab hamma sirlarim fosh bo‘lgan.

Dadam ham organ xodimi, ammo bu ish bilan shug‘ullanishimni bilishmasdi. Chunki tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanardim. Kiyim va telefon aksessuarlari sotadigan do‘konim bor edi.

Qilgan ishimdan afsuslanaman, agar to‘g‘ri ishlaganimda bugungidek panjara ortida o‘tirmagan bo‘lardim
, — deydi mahkum.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 1,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan andijonlik xaker nadomati...