“Energiya inqirozi” deb mamlakat yoki mintaqani energiya bilan ta’minlashda yuzaga keladigan har qanday jiddiy tanqislikka aytiladi. Bunday inqirozdan chiqish uchun muqobil yechim sifatida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish keng ommalashdi. Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi quyosh, shamol, gidroelektr, geotermal yoki boshqa energiya manbalariga sarmoya kiritib, ulardan elektr energiyasini olish orqali “Energiya mustaqilligi”ga qanday erishish va daromad olish haqidagi ma’lumotlari bilan bo‘lishadi.
Quyosh panellari nima?
Quyosh panellari bu — quyosh energiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr tokiga aylantiradigan fotovoltaik konvertor, ya’ni yarimo‘tkazgichli qurilma hisoblanadi. Ular quyoshdan olingan yorug‘lik, quyoshdan taraladigan issiqlik nuri emas, balki undan chiqadigan yorug‘likni elektr tokiga aylantirib beradi.
Quyosh panellari quyosh elektr stansiyasi deb ham ataladi. Ularning 3 xil turi mavjud:
1. On-grid – tarmoqli quyosh tizimi;
2. Off-grid – mustaqil quvvat tizimi;
3. Gibrid – tarmoqqa ulangan akkumulatorli quyosh tizimi.
Off-grid, ya’ni akkumulator (batareya) bilan ishlaydigan quyosh elektr stansiyalari zaxirada quyoshdan yig‘gan energiyasini saqlab turadi va sutkaning istalgan vaqtida undan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu turdagi quyosh elektr stansiyalarini elektr energiya yetib bormagan yoki tok tarmoqlarida tez-tez uzilishlar kuzatiladigan hududlarga o‘rnatish maqsadga muvofiqdir.
On-grid – tarmoq elektrostansiyalarida esa faqat quyosh panellari va invertorlar bo‘ladi. Mazkur turdagi stansiya elektr tarmog‘i bilan parallel ravishda ishlaydi. Quyosh panellaridan olingan energiyani invertor 220 yoki 380 voltga aylantirib, kunning yorug‘ vaqtida iste’molchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beradi. Ortib qolgan energiyani davlat elektr tarmog‘iga uzatadi. Tarmoqelektrostansiyalaridan ko‘pincha elektr energiyasini tejash maqsadida foydalaniladi. Bu qurilmaning ikki tomonli hisoblagichi bo‘lib, u davlat hisobidan va quyosh energiyasidan umumiy qancha ishlatilganini ko‘rsatib turadi.
Gibrid tizimlar esa quyosh panellari bozorida nisbatan yangi sanaladi. Bu kommunal tarmoqqa ulangan va ortiqcha energiyani saqlash uchun mo‘ljallangan batareyaga ega quyosh paneli tizimi hisoblanadi. Gibrid tizimda kunduzi panellar uy qurilmalarini quvvat bilan ta’minlaydi, shu bilan birga batareyani zaryad qilish uchun energiya yig‘adi, batareyada to‘plangan quvvatni tunda quyosh nuri bo‘lmaganda ishlatish mumkin. Agar tok ortiqcha bo‘lsa, u kommunal tarmoqqa qaytariladi. Bundan tashqari, batareya to‘liq zaryadsizlangandatarmoqdan quvvat zaxira sifatida foydalanish mumkin!
Quyosh panellarini qayerga qanday o‘rnatish kerak?
Quyosh panellari obyektning geografik hudud sharoitiga qarab joylashtiriladi. Mamlakatimizda ularning janubga qarab o‘rnatilishi tavsiya etiladi. Hovlili turar joylarda quyosh panellarini o‘rnatish uchun uyning tomlari eng qulay lokatsiya hisoblanadi. Sababi, tomda quyosh panellariga deyarli soya tushmaydi.
Yirik quvvatli quyosh panellari uchun esa keng va katta masshtabli ochiq maydonlardan, daraxtlar soya solmaydigan yerlardan foydalanish lozim. Ha, aytmoqchi, panellarni o‘rnatishda ularga qattiq jismlar tegsa, sinishi mumkinligini ham unutmaslik zarur. Yodda tuting, panel darz ketsa, uni ta’mirlash imkoni mavjud emas.
6 oy davomida davlatga 40 million so‘mlik elektr energiyasini sotgan hamyurtimiz bilan suhbatda aynan shu kabi savollarga oydinlik kiritiladi:
“Xonadonimizga 50 kVtlik quyosh panellari o‘rnatganmiz. Loyihalar tuman elektr tarmoqlari korxonasiga berilgan va ularga energiya sotish bo‘yicha 5 yillik shartnoma tuzilgan.
Panellarining narxi o‘tgan yili ancha qimmat edi. Biz 400 mlnga o‘rnatganmiz. Bugungi kunda narxlar pasaydi – 300 mlnga o‘rnatish mumkin. Quyosh elektr stansiyasi Toshkent sharoitida har bir kilovatti 1 yilda 1500-1600 baravargacha elektr energiyasini generatsiya qilar ekan. Hisoblagichimizdan ham ko‘rish mumkin. Bir yillik statistikasi 75000 dan 80000 kVtgacha elektr energiyasini ishlab chiqaryapti. Shuni hisobga oladigan bo‘lsak, biz panellar narxi qimmat vaqtda o‘rnatganimiz uchun 5 yilda bu quyosh stansiyasi o‘zini oqlaydi. Shuningdek, har bir kilovatt 400 so‘mdan aylanyapti, agar uni 1000 so‘mdan sotadigan bo‘lsak 600 so‘m foyda ko‘rish mumkin.
Quyosh panellarini o‘rnatish uchun o‘rtacha 20 kun vaqt ketdi. Mahallada quyosh panellarini birinchi bo‘lib o‘rnatganlar yutadi. Masalan 240 kVtli transformatorga 3-4 kishi ulangandan keyin boshqa ulanishning imkoni bo‘lmaydi. Keyin ulanayotganlar alohida transformator qo‘yishga majbur bo‘lishadi. Shuning uchun birinchi bo‘lib o‘rnatish qulay.
Bizning quyosh panellarimiz On-grid tizimida o‘rnatilgan. Shuning ichida 5 kVtlik invertor bilan akkumulator ham o‘rnatilgan. Sababi On-grid tizimi elektr energiya tarmoqda uzilganda ishlamaydi.
Shunda akkumulatorda yig‘ilgan tok tugaguncha elektr bilan ta’minlab turadi. Masalan, 8 soat davomida xonadondagi barcha elektr energiyasi bilan ishlaydigan qurilmalarni ta’minlab beradi. Panellar yilning mart oyidan boshlab to oktyabr oyigacha ya’ni quyoshli kunlarda energiya ishlab chiqaradi”.
Qiziq fakt. Quyosh panellari o‘rnatilgandan so‘ng, deyarli hech qanday parvarish qilish talab etilmaydi. Faqat ularning toza va soyadan xoli ekaniga ishonch hosil qilinsa, bas. Quyosh panellarining yaroqliligi standart 25 yillik kafolatga ega bo‘ladi, ular 30-40 yilgacha xizmat qilishi mumkin. Quyosh panellari bir sutkada 1 soatdan 24 soatgacha ham iste’molchini elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi. Ularni xarid qilayotganda kundalik foydalaniladigan elektr qiymati va iste’molchilar soni qancha ekani hisobga olinadi.
Agar xaridor oylik, yillik elektr iste’molini yozib, mutaxassisga ko‘rsatsa, unga aynan qancha quvvatli quyosh paneli kerakligini aniqlash oson bo‘ladi.
Quyosh panellari – mo‘may daromad manbai
Xonadonga o‘rnatilgan quyosh panellari iste’molga yetadiganidan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarsa, davlat uni kafolatli ravishda sotib oladi. Buning uchun quyosh paneli raqamli hisoblagichga ulanadi va davlat bilan jismoniy shaxs o‘rtasida hisob-kitoblar avtomatik ravishda yuritiladi.
O‘zbekistonda 2023 yil 1 apreldan boshlab hududlardagi uy xo‘jaliklarida umumiy quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan kichik quvvatli quyosh panellarni o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha «Quyoshli xonadon» dasturini amalga oshirish boshlangan. Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
Quyosh energiyasi ekologik toza elektr manbai hisoblanadi. U qazilma yoqilg‘idan olinadigan, elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonida yuzaga keladigan uglerod chiqindilari va ifloslanishni kamaytiradi. Sababi quyosh energiyasi ishlab chiqarilish jarayonida emissiya hosil qilmaydi va uning chiqindilari tabiiy gaznikidan taxminan 12 baravar, ko‘mirnikidan 20 baravar oz hisoblanadi.
Quyosh panellarini o‘rnatish orqali siz nafaqat elektr ta’minotida mustaqillikka erishasiz, ma’lum vaqt o‘tib xarajatlaringiz qoplanganidan so‘ng, mo‘may daromad manbai egasiga aylanasiz, balki bu ishni amalga oshirganingiz bilan tabiatga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga, tabiiy resurslarning kelgusi avlodlar uchun ham saqlanib qolishiga katta yordam bergan bo‘lasiz. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»