14:00 / 25.09.2024
102

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishida ishtirok etish uchun 25 sentyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari yig‘ilishning yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi hamda tadbir doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazadi. Boshqaruvchilar kengashining to‘qqizinchi yig‘ilishi “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusiga bag‘ishlangan.

Global iqtisodiyot kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi, Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalarida infratuzilmani rivojlantirishning strategik dasturlari va rejalari muhokama etiladi.

Samarqand shahrida o‘tkaziladigan ikki kunlik sammitda 100 dan ortiq mamlakatdan yuqori darajali delegatsiyalar, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari, yetakchi xorijiy kompaniyalarning boshqaruvchilari va nufuzli ekspertlar, jami 2 mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

O‘zbekiston 2016 yil noyabr oyida OIIBga a’zo bo‘lgan. So‘nggi yillarda mamlakat bankning eng yirik benefitsiarlaridan biriga aylandi. Amalga oshirilgan va joriy loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshib, “yashil” energetika, yo‘l-transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash kabi asosiy yo‘nalishlarni qamrab olgan.

15 sentyabrda ham Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston—Germaniya sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga borgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurdi