Samarqandda sunnat amaliyoti fojiali yakunlandi: ikki bola vafot etdi

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida yuz bergan og‘ir holat jamoatchilik e’tiborini tortdi. Tuman tibbiyot birlashmasida sunnat amaliyotidan so‘ng ikki nafar voyaga yetmagan bolaning vafot etgani qayd etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi holat 2021 yilda tug‘ilgan bolaga tegishli bo‘lib, u 22 mart kuni tuman tibbiyot birlashmasida sunnat qilingan. Biroq jarrohlik amaliyoti to‘liq va to‘g‘ri bajarilmagani sababli, bolaning sog‘lig‘i og‘irlashgan va u 27 mart kuni jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Marhum bolaning yaqinlari ushbu holat yuzasidan shifokorlar faoliyatiga huquqiy baho berilishini va aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini talab qilgan.
Ikkinchi fojiali holat esa 3 aprel kuni “Yo‘g‘ontepa” mahallasida yashovchi 2024 yilda tug‘ilgan yana bir bolaga nisbatan amalga oshirilgan sunnat amaliyoti bilan bog‘liq. U ham tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan operatsiya qilingan, biroq keyinchalik sog‘lig‘i yomonlashib, 8 aprel kuni jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Mazkur holatlar yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki tergovga qadar tekshiruv davomida zarur ekspertiza va protsessual harakatlar amalga oshirilgan. Jumladan, voqea joyini o‘rganish, tibbiy hujjatlarni tekshirish hamda boshqa tergov tadbirlari belgilangan tartibda olib borilgan.
Natijada, 2 may kuni Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi — kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Rasmiy idoralar yakuniy xulosalar va huquqiy baho tergov natijalariga ko‘ra berilishini bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!