14:35 / 04.01.2025
73

Joriy yilda sogʻliqni saqlash tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda?

Joriy yilda sogʻliqni saqlash tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda?
2025 yilda Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini transformatsiya qilish jarayonida qanday yoʻnalishlarga alohida e'tibor qaratilishi ma'lum qilindi.

Avvalo, kasalliklar profilaktikasi va erta tashxis boʻyicha takomillashtirilgan dasturlar amalga oshiriladi, yangi turdagi ommaviy skrining tekshiruvlari yoʻlga qoʻyiladi.

Tuman (shahar) shifoxonalarida yangi 220 ta diagnostika va 488 ta davolash usuli tatbiq qilinadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy qilinadi. 2026 yilda esa ushbu yangilik Surxondaryo, Fargʻona, Andijon, Toshkent, Namangan hamda Jizzax viloyatlarida tatbiq qilinadi.

Ushbu hududlarda davlat tomonidan aholiga bepul koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari kafolatlangan paketi joriy etiladi, eng koʻp uchraydigan kasalliklar boʻyicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.

Tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq etiladi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar byudjet hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi.

Shuningdek, barcha darajadagi tibbiy ta'lim tizimini toʻliq transformatsiya qilish, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari klinikalari faoliyatini takomillashtirish orqali “ilm-fan–ta'lim–malaka oshirish–amaliyot” integratsiyasini ta'minlash, bilim va kasbiy malakani baholash tizimini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish boʻyicha islohotlar boshlanadi.

Oʻttiz ming nafar mutaxassis Toshkentdagi tibbiyot markazlarida, ming nafari xorijdagi nufuzli klinikalarda oʻz kasbiy mahoratini oshiradi.

Turkiyalik mutaxassislar tomonidan birlamchi boʻgʻin tibbiyot xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi.

2025 yilda yana 7 ta ixtisoslashtirilgan markaz va 2 ta oliy ta'lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, 30 ta sanitariya qoidalari va me'yorlari yangilanadi.

Shuningdek, yuqori texnologik jarrohlik yordami koʻrsatish sifatini yanada oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tegishli tuman(shahar)lar namunaviy hamda ilgʻor hududlarga aylantiriladi.

2025 yilda sogʻliqni saqlash sohasiga 41 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Buning hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy koʻrik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Joriy yilda sogʻliqni saqlash tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda?