Liverpul shahrida o‘tayotgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida kunning beshinchi final jangini o‘zbekistonlik iqtidorli bokschi qizimiz Navbahor Hamidova o‘tkazdi. U -65 kg vazn toifasida qozog‘istonlik Aida Abikeevaga qarshi ringga chiqdi.
Bellashuv juda shiddatli va keskin o‘tdi. Ilk ikki raundda Navbahor ochkolarda oldinda edi, raqibini ko‘p jihatdan qiyin ahvolga soldi. Biroq uchinchi raundda hakamlar uni ogohlantirishdi va bu qaror jang taqdiriga ta’sir ko‘rsatdi. Yakunda hakamlar yagona qaror bilan qo‘shni Qozog‘iston vakilasini g‘olib sifatida e’lon qilishdi.
Shu tariqa, Navbahor Hamidova O‘zbekiston delegatsiyasi uchun jahon chempionatidagi hozircha yagona kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu natija ham aslida yurtimiz boks maktabi uchun katta yutuq hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Fazliddin Erkinboyev yurtimizga birinchi oltinni olib kelgan bo‘lsa, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ikkinchi, Javohir Ummataliyev uchinchi, To‘rabek Habibullayev to‘rtinchi va Abdumalik Xalokov beshinchi oltin medalni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, musobaqaning avvalgi kunlarida ayollar o‘rtasidagi bahslarda bokschilarimiz 3 ta bronza bilan taqdirlanishgandi.
Boks. JCH-2025. Final. 14 sentyabr
-65 kg: Navbahor Hamidova — Aida Abikeeva (Qozog‘iston) – 2:3
Kunning qolgan qismida Akmaljon Isroilov (Angliyaga qarshi) va Jahongir Zokirov (Qozog‘istonga qarshi) ham oltin medal uchun ringga ko‘tariladi. Musobaqa yakunida O‘zbekiston delegatsiyasi yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga intilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!