Superliganing 21-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Xorazm” (1:0) uchrashuvidan keyin poytaxt klubi bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev jurnalistlar bilan suhbatda ishtirok etdi va o‘yin yuzasidan fikrlarini bildirib o‘tdi.
Murabbiy avvalo yangi stadionda to‘p tepishdan olgan taassurotlari haqida to‘xtaldi:
– Olimpiya majmuasi katta mehnat bilan barpo etilgan va bu yerda o‘ynash alohida hissiyotlarni uyg‘otdi. Yigitlar katta kuch sarflab juda og‘ir bellashuvni o‘tkazishdi. Shuning uchun g‘alaba bilan jamoamizni chin dildan tabriklayman. Biz “Xorazm”ga qarshi bahs oson kechmasligini yaxshi bilardik. Chunki ular Superligada qolish uchun kurashayotgan jamoa sifatida har bir uchrashuvda oxirigacha jang qiladi.
Shuningdek, u futbolchilarning harakat sur’ati haqidagi savolga ham munosabat bildirdi:
– Kimgadir jamoa og‘ir harakat qilgandek tuyulgandir, ammo men mutlaqo bunday deb o‘ylamayman. Aksincha, futbolchilar sifatli o‘yin namoyish etishdi. “Xorazm” tajribali murabbiy qo‘l ostida yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan jamoa. Ular ochko uchun kelganini anglab turgandik va hatto g‘alaba qozonishlari ham ehtimoldan holi emasdi. Biz esa sekinroq, ammo o‘yin sifatiga urg‘u bergan holda harakat qildik.
Zeytullayev stadion gazoni haqida ham o‘z fikrini bildirdi:
– Maydon holati qoniqarli. Asosiysi, butun Superligada barcha jamoalar yaxshi maydonlarda o‘ynashi kerak. Shundagina milliy chempionatda futbol taraqqiyoti haqida jiddiy gapirish mumkin bo‘ladi. Buning uchun vaqt va moliyaviy sarf zarur, lekin maqsadga erishishga arziydi.
Jamoaning hozircha to‘rtinchi o‘rinni egallab turgani haqida savolga javob bergan murabbiy barcha sa’y-harakatlarni jamoaviy mehnat samarasi ekanini ta’kidladi:
– Bu natijada hammaning hissasi bor. Yil boshida rahbariyat bilan rejalarni muhokama qilganmiz. Qaysi yo‘ldan borish, kimlarga raqobatchi bo‘lish masalasida bir necha variant ko‘rib chiqilgandi. Eng muhimi, o‘z g‘oya va uslubimizni futbolchilarga singdira olishdir. Shu yo‘ldan qat’iyat bilan yurib kelmoqdamiz.
Shu tariqa, Zeytullayev jamoaning oldingi maqsadlari aniq va ularga yigitlarning ishtiyoqi ham yetakchi kuch bo‘layotganini ta’kidlab, muxlislarni yanada ko‘proq quvonchli pallalar kutmoqda degan umidni bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar