Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer mamlakat bayrog‘i zo‘ravonlik va bo‘linish timsoliga aylanishiga yo‘l qo‘yilmasligini aytdi. Unga ko‘ra, bayroq Britaniyaning xilma-xilligini ifodalaydi va hech kim kelib chiqishi yoki teri rangi sabab ko‘chalarda o‘zini xavf ostida his qilmasligi kerak.
Bu bayonot London markazida o‘tkazilgan yirik namoyishlardan keyin bildirildi. Tommi Robinson tashabbusi bilan 150 mingga yaqin odam qatnashgan yurish vaqtida politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘ldi, 26 politsiyachi jarohatlandi va 24 kishi hibsga olindi.
Starmer tinch namoyish huquqi saqlanishini, ammo politsiyaga hujum va fuqarolarga bosim o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi. U Britaniya bag‘rikenglik va hurmat qadriyatlari asosida yashashini eslatdi.
Namoyishlar davomida minglab odamlar bayroqlar ko‘tarib yurishdi. Politsiya tartibni saqlash uchun mingdan ortiq xodimni safarbar qildi va qo‘shimcha kuchlarni ham jalb etdi. Hodisalar bo‘yicha tergov davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!