15:53 / 05.01.2025
28

Abdulla Qodiriy: muallifni qamatgan maqola

Abdulla Qodiriy: muallifni qamatgan maqola
Bu maqola oʻz davrida katta jasorat namunasi boʻldi. Ammo uning muallifiga ulkan jur'ati qimmatga tushib, jabr koʻrdi va qamoqqa olindi. Shu bilan birga, matbuotning jilovlanishiga sababchi boʻldi…

Ma'lumki, Abdulla Qodiriy – Julqunboy nafaqat ulugʻ adib, ayni paytda oʻtkir hajvchi, tanqidchi jurnalist ham boʻlgan. Xususan, «Mushtum» jurnalining 1926 yilgi 27-sonida uning jamiyatdagi salbiy illatlarni fosh etib yozgan «Yigʻindi gaplar» nomli maqolasi oʻsha davr rahbarlarini ancha choʻchitib qoʻygan. Maqolada Julqunboyning respublikadagi vaziyatga munosabati, jumladan, Yoʻldosh Oxunboboyev va Akmal Ikromovlar fikriga e'tirozlari aks etgan boʻlib, shunday jumlalar bor edi:

«Men senga aytsam, oʻzbekning ishchisi, dehqoni, maorifi, madaniyati, iqtisodi, shaltoy-baltoyi, xullas, barchasi uxlaydi. Ammo oʻchoqboshining holi-topgʻoni olaqargʻalar boʻlsa, xoʻbam bilgan noma'qulchiligini qilyapti!..

...Kechagi kun gazetda Oxunboboyevdek bitta sarkoringdan ham fe'lim ayniyozdi...

...Er islohoti munosabati bilan Oʻzbekistonda boshqa islohotlar yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar koʻpdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, muharrrirlarga til va ma'no, shoirlarga ilhom va uslub (ma'no boʻlmasa ham mayli), yoshlarga axloq va kiyim, xotunlarga jabr, zulm, domlalargʻa din va salla...
»

Xullas, Julqunboyning shu singari fikrlari shoʻro mafkuraviy siyosatbozlarini choʻchitib yubordi. Ushbu maqolasi uchun esa Julqunboy uch oyu oʻn kun hibsda saqlab turildi.

14–16 iyun kunlari respublika oliy sudi Julqunboyni Jinoyat kodeksining 73-moddasi asosida ayblab, ikki yilga ozodlikdan mahrum etdi. Mahbusning adabiy muhitda, xalq orasida, xorijda katta obroʻ-e'tiborga egaligi, qolaversa, aybi etarlicha isbotlanmaganligi uchun ozod qilindi.

Birlashgan davlat siyosiy boshqarmaning Oʻrta Osiyodagi muxtor vakolatxonasi xodimlari Julqunboyning maqolasini shunday baholagandilar:

«Maqola Oʻzbekiston kompartiyasi va hukumatini uning ayrim rahbarlari siymosida obroʻsizlantirishga qaratilgan. Ayni paytda maqolada kommunistik partiya va sovet hukumatining Oʻzbekistonda olib borgan muhim tadbirlari masxara va tanqid qilingan.Maqola muallif tomonidan ochiqdan ochiq aksilinqilobiy maqsadda tayyorlangan va keng tarqatilgan».

Qarangki, «Yigʻindi gaplar» maqolasi atrofidagi vahimayu shov-shuvlar endigina tinchib, sukunat boʻlib turgan paytda matbuotda xuddi yuqoridagi kabi yana bir «aksilinqilobiy maqola» chop etiladi.

Buloq taxallusli, xorazmlik Matkarim Xudoyberganov ismli yosh jurnalist «Er yuzi» jurnalining 1927 yil 26 sentyabr sonining 5-sahifasida «Xorazm hunarmandlari» maqolasini nashr qildiradi. Muallif unda hunarmandlarning ogʻir hayotini yoritib, oʻz davrini xonlik payti bilan taqqoslab, shunday yozgan edi:

«Xon zamonida kustar (hunarmand ma'nosida – U.B.) kasabalarning tepasida «Kalontar» turar edi. Kalontar xon tomonidan tayin qilinganlikdan toʻra qatorida hisoblanar edi. Inqilob keldi, lekin Xorazmni ancha oʻzgartira olmadi. Kalontar oʻrniga «vakillar» saylandi. Kasabalar kasaba soyuziga aylandi. Ammo ikki yuz yildan beri oʻrnashib kelgan tartib burungʻicha qoldi».

Muallif maqolasida yozgan «inqilob keldi, lekin oʻzgarish boʻlmadi» degan xulosasi ham oʻz davrida jasorat edi va bunday fikrlar «aksilinqilobiy «hisoblanardi. Buloq «vohada bitta ham zavod yoʻqki, kustarlarni mukammal ixtisoslarga oʻrgatsa, bittagina maktab yoki kurs yoʻq. Faqat qoʻl yoki oyoq kuchi bilan Xorazm kustarlari har qanday narsalarni: kiyim, uy-roʻzgʻor, ovqat ashyolarini ishlab chiqaradurlar. Ota-bobolari qanday ishlagan boʻlsa, shularning avlodi ham «ota kasbi», degandek. Necha yuz yillik eski aravani tortib kelmoqdalar», deya inqilobdan keyingi hayot haqida xulosa chiqargan edi. Ya'ni, muallif fikricha, «inqilob kelgani bilan eski hammom – eski tos».

Maqola chop etilgach, shoʻro harbiy siyosiy ma'muriyati muallifni jazolagan bilan bu xildagi chiqishlarni toʻxtatib boʻlmasligini anglab, endi matbuotni jilovlash, ma'lum bir qolipga solishga qaror qildi.

1927 yil Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻzkompartiyaning V plenumi tomonidan chiqarilgan qarorda «matbuot boʻlimiga rahbarlik ishini kuchaytirish, xususan, muharrirlar faoliyatini malakali xodimlar hisobiga kengaytirish choralarini koʻrish topshirilsin! Gazetalarning tarbiya-targʻibot ishlarida borgan sari katta rol oʻynashi, biroq ularga pirqaviy rahbarlikning etarli darajada boʻlmaganligini tanqid qilish bilan barobar, matbuot shoʻ'basiga va mahalliy pirqa tashkilotlari bilan birga devoriy gazetalarning ishlarini yaxshi yoʻlga qoʻyish, xususan, ularni mumkin qadar koʻproq kommunistlar ta'siriga olish toʻgʻrisida birmuncha choralar ishlab chiqarilsin» , deyiladi («Plenum materiallari», Samarqand, 1927 yil, 55-bet).

Oradan bir yil oʻtib, 1928 yilda nashr etilgan N.Qodirovning «Oʻzbekiston matbuotining galdagi vazifalari» kitobida ham matbuotni jilovlash, xususan, uni siyosiylashtirilgan holda kommunistlar qolipiga solish boʻyicha vazifalar belgilab olingan». Matbuotimizning galdagi vazifalari6 siyosat bobida kommunistlar pirqasining va kengashlar hukumatining tutgan yoʻl va qoidalarini mustahkamlash yoʻlida hech charchamasdan ishlash, bu ishga koʻmak berish, ishchilar sinfi bilan dehqonlarning ittifoqini mustahkamlash yoʻlida toʻxtamasdan ishlab, bu ittifoqning susayib qolishiga yoxud kesilishiga hech qachon yoʻl qoʻymaslik zarurdir. Ishchilar bilan dehqonlar oʻrtasidagi ittifoqning mustahkamlanishi juda muhim siyosiy bir masaladir» deyiladi N.Qodirovning yuqorida qayd etilgan kitobining 13-betida.

Xullas, katta qiyinchilik va begunoh insonlar qoni evaziga boʻy koʻrsatayotgan shoʻro harbiy siyosiy ma'muriyati oʻzbek matbuotini jilovlash va qolipiga solishga 1927 yildan qat'iy kirishgan. Bu qolip esa shu qadar mustahkam ediki, uni keyinchalik Julqunboy va Buloqdek hech bir jurnalist yorib chiqolmadi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdulla Qodiriy: muallifni qamatgan maqola