Koʻpchilik bunaqa voqealar faqat Gʻarb kinolarida uchraydi deb oʻylaydi. Ammo bunday gʻaroyib firibgarliklar Oʻzbekiston hayotiga ham kirib keldi: Toshkent shahrida yashovchi ayol birgina telefon qoʻngʻirogʻi orqali 50 ming AQSh dollariga chuv tushirib ketildi. Firibgarlar rejani amalga oshirishda SIP protokoliga asoslangan virtual aloqa raqamlaridan foydalangan.
“Qiz”ning onaga qoʻngʻirogʻi
2024 yilning 24 iyuni. Soat taxminan 13:00 lar atrofi. Toshkent shahridagi xonadonlardan birining uy telefoni jiringlaydi. Nafaqadagi ayol L.K. goʻshakni koʻtaradi. Qoʻngʻiroq qilayotgan uning qizi G.M. edi. Oʻzini yoʻqotib qoʻygan ona va yigʻlayotgan “qizi” oʻrtasidagi suhbat shunday kechadi:
— “Allo”.
— “Oyi, men avariyaga uchradim. Yosh qizchani urib yubordim. U hozir oʻta ogʻir ahvolda reanimatsiyada”.
— “Boʻldi, boʻldi, tinchlanib ol, qizim. Oʻzingning ahvoling yaxshimi?”
— “Hammasi yaxshi, men yaxshiman”.
Ayolning “qizi” baqirib yigʻlar, dodlab bir nimalar derdi. Shoshib qolgan ona esa nima qilishni bilmasdi.
Oradan chamasi 10-15 daqiqa oʻtib, telefon yana jiringlaydi. Bu safar qizi emas, oʻzini prokuratura tergovchi ekanini aytgan “Anna Vladimirovna” ismli ayol rus tilida gap boshlaydi.
“Men qizingizga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bilan shugʻullanaman. U mashinada urib ketgan kichkina qizcha jonlantirish boʻlimida ogʻir ahvolda yotibdi. Uni zudlik bilan operatsiya qilish zarur. Ota-onasini tinchlantirish, tibbiy yordam koʻrsatish uchun dori-darmon va boshqa harajatlarga tezda 50 ming dollar etkazishingiz kerak. Tushuning, hammasi tinch oʻtishi uchun qizaloqning ota-onasi va shifokorlarga pul berish kerak”, deydi u.
“Prokuratura tergovchisi” L.K.dan goʻshakni qoʻyib qoʻymaslikni, agar ishi boʻlsa shunchaki aloqani saqlab qolgan holda goʻshakni chetga qoʻyib qoʻyishni soʻragan. Shuningdek, ayolning uyali telefoniga ham muntazam turli xil raqamlardan qoʻngʻiroq boʻlib turgan. Bu orqali L.K.ga bogʻlanish mumkin boʻlgan har ikki telefon band qilib qoʻyilgan.
Taksistga berib yuborilgan 50 ming dollar
“Anna Vladimirovna” L.K.ga jinoyat ishidagi 5 varaqdan iborat arizani soʻzma-soʻz aytib turgan holda yozdirgan. Aslida bu ham jinoiy rejaning ayolni band qilib turish qismi edi.
Soʻngra “Anna Vladimirovna” ayolga biror sumka olib, qiziga kiyim va choyshab berib yuborishni, ushbu narsalar ichiga 50 ming dollarni oʻrab solib yuborishni, sumkani olish uchun “Azamat” ismli haydovchi borishini aytadi.
L.K. ryukzak topib, uning ichiga 50 ming dollarni choyshabga oʻragan holda soladi. Uydan chiqayotganida esa qizining qizi, ya'ni oʻqishdan qaytgan nevarasi L.M. kelib qoladi. Nevara bu firibgarlik ekanini aytib, buvisini toʻxtatmoqchi boʻladi. Ammo buvi onasi ogʻir ahvolda ekanini aytgan holda uni itarib tashlab, uydan chiqadi. Bu paytda ayol oʻzini yoʻqotib qoʻygan va nima qilayotganini bilmasdi.
Uyning orqa tomonida Spark mashinasi kutib turardi. L.K. mashina haydovchisidan ismini soʻrab, Azamat ekanini bilgach, ryukzakni unga tutqazadi.
Aslida Azamat kirakash edi va u ham telefon orqali buyurtma olgandi. Unga uyning lokatsiyasi tashlab berilgan hamda sumkani boshqa bir manzilga etkazish aytilgandi.
L.K. pulni berib yuborgach, shu atrofdagi dorixonaga kiradi va qiziga dori-darmon sotib olmoqchi boʻladi. Biroq ortidan kelgan nevarasi uni uyga olib ketadi. Biroz muddat oʻtgach esa avariyaga uchraganini aytgan qizi uyga kirib keladi. U hammasidan bexabar edi.
Aslida firibgarlar bu oilani oʻrgangan (yoki ma'lumotlarni kimdir etkazib bergan) hamda internet brauzeri va shlyuz qurilmalari orqali SIP protokoliga asoslangan virtual aloqa raqamlaridan qoʻngʻiroq qilgandi.
Oldindan tayyorlangan kurer
1998 yilda tugʻilgan Sh.S. oliy ma'lumotli boʻlib, qoʻshma korxonada hisobchi boʻlib ishlagan. Jinoyat ishida u kurer vazifasini bajargan.
Suddagi koʻrsatmasida Sh.S. unga topshiriqni kim berganini bilmasligini ma'lum qilgan.
“2024 yil taxminan aprel oyida Telegram’dagi guruhlarda qoʻshimcha ish izlab, e'lonlarni kuzatib oʻtirgandim. Shunda bir e'lon shartlari va toʻlov miqdori bilan e'tiborimni tortdi Shu tufayli e'londa koʻrsatilgan havola orqali bir foydalanuvchiga xabar yozdim. Foydalanuvchi ishning mazmunini tushuntirdi. Unga koʻra, menga manzil aytilishi, manzilga borganimda biror shaxs xalta, paket yoki sumka berib yuborishi, uning ichida esa pul boʻlishi, mazkur pullarni aytilgan hisobraqamga oʻtkazib berishim kerak edi. Har bir buyurtma uchun eng kamida 500 ming soʻmdan boshlab foyda koʻrishimni aytishgan.
Men ushbu taklifga rozi boʻlib, ishni boshlashga tayyor ekanimni bildirdim. Foydalanuvchi menga boshqa bir shaxsning akkauntiga havola yubordi va qolganini u tushuntirishini aytdi. Bu “Budu pryamo” nomli akkaunt egasi edi. Unga yozdim”, degan yigit oʻz koʻrsatmasida.
2024 yil 24 iyun kuni soat 14:00 larda “Budu pryamo” akkaunti egasi Sh.S.ga xabar yozib, ish borligini aytadi hamda manzilini soʻraydi. Sh.S. unga Telegram orqali oʻzi ishlaydigan tashkilot manzilini joʻnatadi.
“Oldingga “Yandex taxi” haydovchisi boradi va sumka beradi. Uning ichida pul bor. Pulni sanab, qanchaligini menga aytasan”, deydi noma'lum topshiriq beruvchi.
Oradan biroz vaqt oʻtib, rostdan ham taksi haydovchisi keladi va unga sumkani beradi. Sh.S. unga yoʻl haqini toʻlab yuboradi. Keyin sumkani ochib koʻradi. Sumkada ayollar kiyimlari, dasturxon, yostiq va uning ichida 1,5 ming dollar va 11,6 mln soʻm pul bor edi. Yigit bu haqda “Budu pryamo” akkaunti egasiga xabar beradi. U yana bir buyurtmani qabul qilib olishi lozimligini ma'lum qilib, taksi havolasini yuboradi.
Koʻp oʻtmay yana bir taksi keladi va sumka berib ketadi. Sumkada ayollar kiyimi, dasturxonlar va 50 ming dollar borligini koʻradi.
Noma'lum “ish beruvchi” Sh.S.ga boshqa manzil beradi va oʻsha erga borib, 50 ming dollarni bir shaxsga berib yuborishini aytadi. “Seni kutayotgan shaxs oq rangli finkada, koʻk shimda va krossovkada boʻladi. Undan “Vovadanmisan?” deya soʻraysan, parol shu”, deydi u.
Sh.S. berilgan manzil boʻyicha boradi va ta'riflagan shaxsni koʻradi. “Vovadanmisan?” degan savolga ha degan javobni olgach, 50 ming dollarni unga tutqazadi.
Ikkinchi kurer: asosiy ish
Sh.S.dan 50 ming dollarni olib qolgan shaxs 1994 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan Sh.B. edi. Ammo u ham bu jinoyat ishida asosiy figurant emasdi. Sh.B. ham yollangan va haq evaziga ma'lum bir vazifani bajarib bergandi xolos.
U sudda shunday degan:
“2024 yil may oyida Telegram’dagi akkauntimni kimdir ish e'lonlari guruhiga qoʻshib qoʻyganini bilib qoldim. Shu kun guruhda “Vladimir” ismli foydalanuvchi ish borligi toʻgʻrisida e'lon qoldirdi.
E'longa qiziqib, “Vladimir”ga yozdim. U menga birjada ish qilishini, bir shaxsdan pul mablagʻlarini olib, ularni aytilgan hisobraqamlarga oʻtkazish yoki boshqa bir shaxsga etkazib berish lozimligini tushuntirdi. Xizmatim evaziga esa har bir buyurtmadan 5 foiz ish haqi olishimni aytdi. Taklifga rozi boʻldim.
2024 yil 24 iyun kuni soat taxminan 17:00 larda “Vladimir” menga xabar yozib, buyurtma borligini, oʻzim turgan joy manzilini yuborishni, menga bir shaxs 50 ming dollar pul olib kelishini aytdi. Ushbu pulni aytilgan hisobraqamlarga oʻtkazib yuborishim kerak edi. Oldimga keladigan shaxs oq rangli finkada, krossovkada va koʻk shimda boʻlishini bildirdi.
Biroz oʻtib oldimga taksida ta'riflangan shaxs keldi va paketda pul berdi. Sanab koʻrsam 49,1 ming dollar ekan. Buni “Vladimir”ga aytganimda u 900 dollarni pulni olib kelgan shaxs xizmat haqiga olib qolganini aytdi”.
Shundan soʻng “Vladimir” Sh.B.ga plastik karta raqamlarini yuborgan hamda ularning har biriga qancha miqdordan pul oʻtkazishni aytib turgan. Bu asosan bank kartasini tushirib qoldirgan yoki yoʻqotib qoʻygan shaxslarga tegishli plastik kartalar boʻlgan.
Sh.B. xizmat haqi uchun oʻziga 1,5 ming dollar olib qolgan. Qolgan pulni esa bozorda “valyutchik”lardan soʻmga almashtirgan. Soʻngra Chorsu bozori oldida PayNet shoxobchasi orqali “Vladimir” aytgan plastik kartalarga oʻtkazib yuborgan.
Jazo
Mazkur jinoyat ishiga doir sud hukmida uni tashkillashtirgan asosiy figurantlar haqida soʻz yoʻq. Katta ehtimol bilan bu ish chet elda boʻlgan jinoiy guruh tomonidan amalga oshirilgan. Sababi, ayolga qoʻngʻiroq qilgan va kurerlarni jalb etganlar asosan rus tilida muloqotga kirishgan. Oʻzbekiston fuqarolari nomidagi bank kartalariga oʻtkazilgan pullar esa turli yoʻllar bilan chet davlatga “tortib olingan” boʻlishi mumkin.
Sud hukmida keltirilishicha, jinoyat ishi doirasida faqat ikki kurer – Sh.S. va Sh.B.ga jazo qoʻllangan. Ular Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Yigitlarga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qoʻllangan holda 2,5 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Shuningdek, ish boʻyicha etkazilgan zararni qoplash maqsadida topshirilgan (kim tomonidan topshirilganiga aniqlik kiritilmagan), Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti Toshkent shahar hududiy boʻlimi depozit hisobraqamida saqlangan 285 mln soʻm hamda 23,5 ming dollar, Toshkent shahar IIBB Moliya boʻlimiga topshirilgan 1,5 ming dollar, ashyoviy dalil sifatida Sh.S.dan olingan 13 mln soʻm va 1,8 ming dollar, Sh.B.dan olingan 550 ming soʻm pul mablagʻlari jabrlanuvchi G.M.ga qaytarilishi belgilangan.
Ruslan Saburov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Toshkent shahridagi «A» yoʻlakda qaysi holatlar uchun jarima yozilmaydi?
Ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi hayot: “Hech bir sababsiz xasta boʻlayotganlar bor”
"Instagram"dagi firibgar javobgarlikka tortildi
Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Oʻzbekistonda aerotaksi xizmati joriy etiladi
Zominda tirik ilon egan erkak jarimaga tortildi