date

«Andijon» OCHL-2 debyutida «Arkadag»ga qarshi maydonga tushadi

«Andijon» OCHL-2 debyutida «Arkadag»ga qarshi maydonga tushadi

Osiyo Chempionlar Ligasi-2 musobaqasining «V» guruhi doirasidagi «Arkadag» – «Andijon» uchrashuvi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda «burgutlar» bosh murabbiyi Maksim Shatskix va darvozabon Erjan Tokotayev ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

— Avvalo barchangizni qutlab qolaman, — dedi Shatskix. — Biz raqib haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘ldik. Turkmaniston chempionining o‘tgan yilgi «Chaqiriq Kubogi»dagi o‘yinlarini sinchiklab o‘rgandik, CAFA turniridagi bahslarini ham tahlil qildik. Shu bois, guruhdagi ilk bellashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik.

Tajribali mutaxassisning ta’kidlashicha, «Arkadag» aslida Turkmaniston milliy terma jamoasining asosiy o‘zagi hisoblanadi:

— Deyarli 99 foiz futbolchilari milliy terma safida o‘ynaydi. Biz uchun bu katta sinov. Lekin biz «Andijon» sifatida maydonga chiqyapmiz va maqsadimiz — g‘alaba. Bu yerga durang uchun kelmadik. Tezkor va intizomli o‘yin ko‘rsatamiz, deb ishonaman.

Shatskix jamoaning hozirgi holati haqida ham to‘xtaldi:

— Hammasi ijobiy. Safarimiz muvaffaqiyatli kechdi. Belgilagan rejalarimizni amalga oshirishga harakat qilamiz.

«Andijon» debyutchi ekani, tarkib hamon to‘liq shakllanmagani haqidagi savolga esa shunday javob qaytardi:

— Izlanishlarimiz davom etyapti. Hozir hech narsa aniq aytmayman, ammo tarkibni kuchaytirish rejamiz bor.

Matbuot anjumanida darvozabon Erjan Tokotayev ham ishtirok etdi. Qirg‘izistonlik posbon yaqinda CAFA turnirida jarohat olgani haqida savolga javob berdi:

— Rahmat, ahvolim yaxshi. Jarohatdan so‘ng to‘liq tiklandim. Ertangi o‘yinga tayyorman, — dedi Tokotayev.

Raqib haqidagi fikrlarini u qo‘shimcha qildi:

— «Arkadag» katta tajribaga ega jamoa, o‘zining kuchli jihatlari bor. Lekin biz qo‘rqmaymiz, raqibni hurmat qilamiz. Shu bois, qiziqarli va keskin bahs bo‘lishi aniq.

Ma’lumot uchun, «Arkadag» – «Andijon» uchrashuvi 17-sentyabr kuni soat 18:45 da start oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Andijon» OCHL-2 debyutida «Arkadag»ga qarshi maydonga tushadi