Jahon futboli tarixida eng ko‘p to‘p urgan yulduz Krishtianu Ronaldu o‘tgan yozda “An-Nasr” bilan amaldagӣ shartnomasini uzaytirganida, klub transfer siyosatida ishtirok etish huquqini ham qo‘lga kiritgandi. Shu paytdan boshlab portugaliyalik afsona klub atrofiga Yevropada tanilgan futbolchilarni yig‘ishga jiddiy yondoshmoqda.
Misol uchun, to‘purarlik mahorati bilan tanilgan Joau Feliks va Fransiya chempioni Kingsli Koman aynan Ronalduning shaxsiy aralashuvi orqali Ar-Riyod klubiga qo‘shilishni ma’qullagani aytiladi. “An-Nasr” rahbariyati ham Krishtianuning ta’siri bilan jamoaga yangi yulduzlarni jalb qilishdan mamnun.
Nufuzli fichajes.net sayti yozganidek, endi klub nazarini “Manchester Siti” yulduzi Fil Fodenga qaratdi. Saudiya klubi 25 yoshli ingliz futbolchisi uchun 130 million yevro taklif etmoqda.
Fodenning “shaharliklar” tarkibidagi ahamiyati beqiyos. Klub tarbiyalanuvchisi bo‘lgan hujumkor futbolchi muxlislar bilan doimiy aloqada va ularning ko‘nglida alohida o‘ringa ega. Xosep Gvardiola ham uning iqtidorini baland baholaydi va jamoaning eng muhim futbolchilaridan biri sifatida ko‘radi. Biroq, taklif qilinayotgan ulkan mablag‘ “Siti” rahbariyati qarorini o‘zgartirishi ehtimoldan xoli emas.
Saudiya klubining rejasi katta: Ronalduni markazga qo‘ygan holda yosh, tezkor, baquvvat va Yevropada tajriba orttirgan yulduzlarni jamoaga to‘plash. Foden esa aynan shu talablarga mos keladi. U Angliya Premer-ligasida tarbiya topgan, Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan va milliy terma jamoaning yetakchilaridan biri sanaladi.
Biroq ayrim ekspertlar “Manchester Siti” klub tarbiyalanuvchisini qo‘yib yuborishiga ishonmaydi. Chunki Foden klub akademiyasi va asosiy tarkib o‘rtasidagi kuchli ko‘prik hisoblanadi. Shu bilan birga, “An-Nasr” tomonidan taklif etilayotgan misli ko‘rilmagan maosh futbolchi qarorini o‘zgartirishi mumkinligi ham qayd etiladi.
Ayni vaqtda Gvardiola tarkibda avlodlar almashinuvini amalga oshirmoqda. Yoshi katta futbolchilar jamoani tark etayotgani sari yangi ijrochilarga yo‘l ochilmoqda. Yanvar oyida “Lans”dan olib kelingan Abduqodir Husanov himoya chizig‘ida raqobat kattaligiga qaramasdan asosiy tarkib futbolchisiga aylanib borayotgani ham shu jarayonning yaqqol isboti.
Shunday ekan, “An-Nasr”ning qimmatbaho rejasi amalga oshadimi yoki “Siti” o‘z yulduzini saqlab qoladimi — buni vaqt ko‘rsatadi. Bir narsa aniq: Ronalduning sa’y-harakatlari klub transfer siyosatida yangi sahifa ochib berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!