Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsumning guruh bosqichi start oldi. Millionlar to‘p musobaqasi deb ataladigan ushbu nufuzli turnirda har bir uchrashuv alohida qiziqish bilan kuzatilmoqda.
Favoritlardan biri sifatida ko‘rilgan «Arsenal» Ispaniya safarida «Atletik» mehmoni bo‘ldi. Birinchi bo‘limda tomoshabinlar gol ko‘ra olishmadi, ammo o‘yin juda keskin va shiddatli o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda «Arsenal» murabbiyi Mikel Arteta zaxirasidan maydonga tushirgan futbolchilar ishonchni oqlashdi. Avvalo, 72-daqiqada maydonga yangidan tushgan Gabriel Martinelli hisobni ochdi. Ortidan esa 87-daqiqada Leandro Trossar jamoasining g‘alabasini mustahkamladi. Shu tariqa, «Arsenal» birinchi turda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
YECHL. 1-tur. 16 sentyabr
Atletik — Arsenal 0:2
Gollar: Martinelli (72), Trossar (87).
Belgiya va Niderlandiya klublari o‘rtasidagi to‘qnashuv esa syurprizga boy bo‘ldi. Chempionat g‘olibi sifatida o‘yinga chiqqan PSV o‘z uyida «Yunion Sent-Jillua»dan mag‘lubiyatga uchradi. Belgiyaliklar 9-daqiqada penaltidan hisobni ochishdi. Keyin 39-daqiqada Al Haj, 81-daqiqada esa Mak Allister gol urdi. PSV faqat o‘yinning oxirgi daqiqasida van Bommel orqali bir gol urishga muvaffaq bo‘ldi, ammo natija o‘zgarmadi.
PSV — Yunion Sent-Jillua 1:3
Gollar: van Bommel (90) — David (9, penalti), Al Haj (39), Mak Allister (81).
Shunday qilib, 1-tur yakunida «Arsenal» Ispaniyada qimmatli g‘alabaga erishdi, PSV esa o‘z uyida omadsiz start oldi. Chempionlar Ligasidagi keyingi turlar yanada qiziqarli va dramatik bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!