Taraqqiyotimiz tezlashayotgan bir davrda dunyoni zir titratayotgan axborot xuruji iskanjasida qoldik. Bu jarayon tabiiyki jamoatchilikda mislsiz axborot oqimidan foydalanish madaniyatini ham shakllantirishni taqazo etmoqda. Axborotning cheksiz manbasi hisoblanayotgan internet esa bu borada biz uchun muhim imkoniyat yo‘liga aylandi.
Internet dastlab ilmiy izlanish va harbiy maqsadlar yo‘lida yaratilganligini yaxshi bilamiz. Bugun esa u insoniyat uchun hali salbiy va ijobiy tomonlari to‘liq o‘rganilmagan sir sinoatlarga boy, hadsiz axborot dunyosidir. Vaholanki, internet engib bo‘lmas uch boshli ajdarho emas. Insoniyat qo‘li bilan yaratilgan ixtiro xolos. Undan oqilona foydalanish, ezgu maqsadlarga xizmat qildirish har bir ziyoli uchun berilgan katta imkoniyatdir. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bo‘lgani singari dunyoda odamni loqayd qiluvchi yovuz maxluqqa aylantiruvchi mafkuralar ham ana shu imkoniyatlardan foydalanayotganini anglash, o‘z vaqtida bunday tajovuzlarning oldini olish, axborot jilovini qo‘lga kiritish bilan barobardir. Shulardan biri eskapizm (inglizcha escape – qochish, yashirinish) tushunchasidir. Buning mazmuni shuki, ushbu illat orqali kishining o‘z xayollari dunyosiga g‘arq bo‘lishi, real hayotdan qochishi yana ham soddaroq aytganda tarki dunyochilikka berilishidir. Bugungi kunda u yoshlar ongini zabt etishda asosiy usulga aylanmoqda.
Hayot rang-barang. Ba’zi tanish-bilishlarni uchratganimizda kinofilmlarda ko‘rgan lavha esga tushadi. O‘tgan asr boshlarida Evropalik kiborlar salom-alik qilishsa, bir-birlariga bosh kiyimlarini echib hurmat ko‘rsatishgan. Bugungi yoshlar ana shu harakatni salomlashganda endi quloqchin (naushnik)larini echib bosh irg‘ashmoqda. Qo‘shiq eshitayotgan bunday tengdoshimiz har holda bizni ilg‘ab olayotgandir. Ammo ijtimoiy tarmoqlar bag‘riga singib ketgan o‘g‘il qizlar haqida bunday deyish qiyin.
Yaqinda bir singlimizning gapidan xijolat tortdim. Uning o‘zi viloyatdagi nufuzli bir kollejning 1 bosqich o‘quvchisi. Aytishicha, guruhdoshlarining hammasi shaharliklar, qo‘lida zamonaviy telefonlari bor talabalar.
— Men siqilyapman, asabiylashyapman, – dedi qizaloq o‘ksinib.
— Nima, o‘qish jarayoniga, tartibga ko‘nikolmayapsizmi? – deb so‘radim.
— E qayda, o‘qishni eplab tashlayapman. Sensorli telefon olishim kerak. “Vatsap” o‘rnatmoqchiman. Onam bunga qarshi, guruhimizdagi hamma qizlar “Vatsap” da gaplashadi. Ulardan orqada qolayotganim uchun yuragimga hech narsa sig‘mayapti. Zamonaviylikni onam qaydanam tushunardi. Bir yoqda shu telefonim oddiyligidan xijolat tortaman. Gaplashishga, surat, xabar yuborishga ham juda qulay ekan bu tarmoq.
Singlimizning afsusiga sabab bo‘lgan ushbu «muammo» mulohazaga undaydi. Uning ongi bunchalar sayoz narsalar bilan band? Nahotki, vaqtinchalik ko‘ngilxushliklar balog‘atni qarshilagan farzandlar yuragidagi alamga aylansa? Qizga jo‘yali biror maslahat berolmadim. Uning o‘tkinchi havas, sayoz fikrlari zukko tengdoshlariga yaxshigina xulosa. Shunga qaramasdan Telegram, Odnoklassniki, Tvitter, Vkontakte, Vatsap, Feysbuk, Viber va boshqa ijtimoiy tarmoqlar hayotida ayni kunlarda yoqimli ohanrabo. Ulardan diniy aqidaparastlik, muholifatchilik kayfiyati, axloqiy buzuqliklarning juda yorqinlik bilan talqin etilayotgani dahshatli hodisadir. Bunday deyishga o‘rinli sabablar bor. Masalan, AQShda hatto dafn marosimlarida ham odamlarning o‘z telefonlaridan ajralmasdan «motam tutayotgani» katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Ochiq aytish zarur bunday yoqimsiz manzaralar siz va bizning oramizda ham uchraydi. Yigit va qizlarning ko‘cha-ko‘ylarda hatto jamoat joylarida ham telefonlarida berilib matn terayotgani, atrofni unutib tarmoq asiriga aylanayotgani bor gap. Buni zamonaviy zombilashuv deb atash mumkin. G‘aflat bosgan bu kabi yoshlarga qarab achinasan, xolos. Kuzatib ushbu oddiy haqiqat ko‘ngildan o‘tadi. Ular jamoat orasida, bir o‘quv maskanida va yoki internet kafeda hamisha yonma-yon. Biroq ular buni his qilmayaptilar. Taajjubki. Ular birgalikda yolg‘iz odamlardir. Qaysidir ma’noda bu manqurtlikning qiyofasiga o‘xshab ketyapti. Tananing dardi og‘izdan kiradi, deyishadi ko‘pni ko‘rgan kattalar. Ma’naviy kasallik esa kishiga ko‘zidan, qulog‘idan kiradi, desak haq gapni aytgan bo‘lamiz, nazarimda.
Internet orqali keltirilgan quyidagi faktlar diqqatimizni tortdi: «Rossiyada odamlarni internetdan davolovchi ilk klinikalar ish boshladi. Amerikada esa ruhiy qaramlikdan davolovchi bunday shifoxonalar 1996 yildayoq paydo bo‘lgan». Naqadar ma’naviy fojia. Hali bizda bu darajaga etilgani yo‘q. Afsuski, hatto maktab o‘quvchilarining internet kafedagi bir zumlik hayotini kuzata turib «internet kasalligi» ularni ham «xasta» qilib qo‘ymasligiga hech kim kafolat berolmasa kerak.
Mamlakatimiz kelajagi hamisha zukko, aqli raso, barkamol yoshlarga tayanadi. Ularga hamisha umid bilan boqadi. Bugun imkoniyatlar eshigi ochilgan bir pallada ota-onalar o‘z farzandlariga me’yor degan o‘gitni tushuntirsalar qaysidir ma’noda tarbiyasizlikning oldi olinardi. Murg‘ak qalblarga yovuz niyatlarning soya solmasligiga oz bo‘lsada, erishilardi. Zero, internet ham bugun nomi tez-tez tilga olinayotgan madaniyatsizlikning «ommaviy madaniyat»ning bir bo‘lagidir. Uning sirli kuchi esa soddalik paranjisini yuziga tortganida namoyon bo‘ladi. Uning asiriga aylangan odam aldamchi halovat ichra o‘zini ovutib yashayveradi. Bizning yoshlarimiz ana shu «soddalik»ka bog‘lanib qolmasliklarini juda-juda istardik.
Madaminjon Solijonov
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Metabolizm sekinlashganining belgilari