
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi navbatdagi “Hukumat soati”da sog‘liqni saqlash sohasidagi moliyaviy shaffoflik va mablag‘lardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilish “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Partiya vakili, deputat Zuhriddin Mavlonov yig‘ilish davomida davlat budjeti mablag‘lari samarasiz sarflanayotganini qayd etib, Sog‘liqni saqlash vaziriga tanqidiy savollar yo‘lladi.
“Ko‘p viloyatlarda dori yetishmaydi, borlari esa muddati tugayotgan bo‘ladi”
Mavlonovning ta’kidlashicha, respublika bo‘yicha deyarli barcha hududlardagi tibbiyot muassasalarida zarur dori-darmon va tibbiy anjomlar ta’minoti o‘rganilgan.
“Ayrim muassasalarda yaroqlilik muddati juda qisqa bo‘lgan dorilar sotib olingan, Ba’zi holatlarda esa kafolatlangan paketga kiradigan dorilar umuman xarid qilinmagan.”
U Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 34-sonli oilaviy poliklinika misolida shunday dedi:
“Kafolatlangan paketda 27 turdagi dori kerak bo‘lsa, faqat 15 tasi xarid qilingan. Ulardan 4 tasi ehtiyojdan ortiq, yaroqlilik muddati tugayotgan. Bu yerda budjet mablag‘lari samarasiz sarflanayotgani yaqqol ko‘rinadi.”
Xudoyorov tan oldi: “Korrupsiya bilan bog‘liq holatlar bor”
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov deputat tanqidlariga ochiq javob berdi va muammolarni inkor etmadi.
“Bunday holatlar bor. Qaysi firma dorisini o‘tkaza olmasa, borib mas’ullarga pora taklif qiladi, ular esa ushbu dorini klinikaga olib kiradi. Lekin bu dorilar bemorga yetmaydi — shunchaki “spisaniye” qilinadi, yo‘q qilinadi. Bu korrupsion sxema bizga ma’lum va unga qarshi kurashmoqdamiz.”
Dori muddati bo‘yicha uchta toifa joriy qilingan
Vazirga ko‘ra, xarid jarayoni prokuratura bilan birgalikda nazorat qilinyapti, va dori muddatlari uchun uchta toifa joriy qilingan:
- 70 foiz.
- 50 foiz.
- 30 foiz.
Bu klassifikatsiya vositasida yaroqlilik muddatiga qarab dori tanlovi amalga oshiriladi.
Sug‘urta joriy etilayotgan hududlarda “qo‘lma-qo‘l ro‘yxat”
Xudoyorov shuningdek, kafolatlangan tibbiy xizmat va dori-darmon paketi haqida shunday dedi:
“Sug‘urta tizimi joriy etilayotgan hududlarda eng ko‘p uchraydigan to‘qqizta kasallik asosida kafolatlangan paket shakllantiriladi.
Har bir poliklinikada aynan qaysi dori-darmon bo‘lishi kerak — ro‘yxat tayyorlanadi va e’lon qilinadi. Kerak bo‘lsa, osib qo‘yiladi, fuqarolar o‘z haq-huquqini bilishi kerak.”
Ishonch va nazorat kerak
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar sog‘liqni saqlash tizimida faqat mablag‘ ajratish emas, balki samarali boshqaruv, shaffof xarid va fuqarolar nazoratini ta’minlash kerakligini qayd etishdi.
Siz nima deb o‘ylaysiz: poliklinika devorida osilgan dori ro‘yxati — haq-huquqni himoya qilishda samarali mexanizm bo‘la oladimi?
Sog‘liqni saqlash Zuhriddin Mavlonov Asilbek Xudoyorov Korrupsiya Budjet mablag‘i Kafolatlangan paket Deputat nazorati Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar