Angliya Premer-ligasining to‘rtinchi turida bo‘lib o‘tgan derbi haqiqiy dramatik manzarani namoyon qildi. “Manchester Siti” futbolchilari “Yunayted” darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritib, muxlislar oldida ishonchli g‘alaba qayd etishdi.
Bu mag‘lubiyat “qizil iblislar”ni 2023-yil noyabridan buyon boshqarib kelayotgan Ruben Amorim uchun 47 uchrashuvdagi yigirmanchi so‘nggi natija bo‘lib qayd etildi. Portugaliyalik murabbiy tanlagan uslub – uch himoyachi bilan o‘ynash taktikasi kutilgan samarani bermayotganiga qaramay, u o‘z g‘oyalaridan voz kechish niyati yo‘qligini ta’kidlab kelmoqda.
Biroq Give Me Sport nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, klub rahbariyatining sabri tobora tugayapti. Manchesterliklar Amorim o‘rniga ehtimoliy nomzod sifatida “Aston Villa” bosh murabbiyi Unai Emerini ko‘rib chiqmoqda.
Qizig‘i shundaki, ispaniyalik mutaxassis boshqarayotgan birmengemliklar ham mavsumni muvaffaqiyatsiz boshladi. Bu holat klub rahbariyatining noroziligiga sabab bo‘lgan va aynan shu ziddiyatdan foydalanib, “Manchester Yunayted” Emerini o‘ziga og‘dirishga harakat qilishi mumkinligi aytilmoqda.
Unai Emeri Yevropa futbolida o‘z nomini “Spartak Moskva”, “Sevilya” va “Vilyarreal”dagi tajribalari orqali yorqin namoyon qilgan. Ruben Amorim esa “Sporting” klubidagi muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin Manchesterga taklif etilgan edi.
Endilikda savol ochiq qolmoqda: klub rahbariyati Amorimga ishonchni saqlab qoladimi yoki jamoa rivoji uchun yangi yo‘nalish tanlaydimi? Muxlislar esa javobni yaqin kunlarda olishlari mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!