date

Prezident: maktab – kelajakning eng muhim poydevori

Prezident: maktab – kelajakning eng muhim poydevori

O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev soha vakillari bilan muloqot tashkil etdi. Uchrashuvga barcha hududlardan 40 mingdan ziyod pedagoglar onlayn tarzda ulandi.

– Xalqimiz taqdiri va ertangi kun taqdiri maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim berish va tarbiyalashning eng uzoq, ayni paytda eng hal qiluvchi bosqichi bu – umumta’lim maktablaridir, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakat maktablarida 6,5 million o‘quvchi ta’lim olmoqda. Joriy yilda 400 mingga yaqin o‘quvchi bitiruvchi sifatida maktab bilan xayrlashgan bo‘lsa, 720 ming nafar bola 1-sinfga qadam qo‘ydi. Shu bois, oxirgi sakkiz yil ichida qariyb 500 ta yangi maktab barpo etildi, mavjud muassasalar kengaytirilib, qo‘shimcha 1 million o‘quvchi uchun o‘rin yaratildi.

Xususiy ta’lim tizimida ham katta o‘zgarishlar kuzatildi. Davlat tomonidan yaratilgan qulay sharoitlar natijasida ota-onalar uchun tanlash imkoniyati kengaydi. Bugungi kunda 200 mingdan ziyod o‘quvchi xususiy maktablarda bilim olmoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, maktab ta’limida yana qator muhim islohotlar amalga oshiriladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy etiladi. Bu orqali o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga ko‘ra ularni kasb-hunarga yo‘naltirish yoki oliy ta’limga tayyorlash imkoniyati yaratiladi.

Shu yo‘sin, taxminan 400 ming nafar 9-sinf bitiruvchisi texnikumlarga jalb etiladi. Maktabda o‘qishni davom ettirib, universitetga kirish istagida bo‘lgan yoshlar uchun esa fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, maktabdagi yakuniy imtihon natijalari kelajak yo‘lini belgilaydi. Bitiruvchilar xohlasa texnikumga, xohlasa oliygohga qadam qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu tariqa, davlat rahbari ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar yoshlar taqdiri uchun yangi yo‘llar ochishini ta’kidlab, pedagoglarning mehnatini e’tirof etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident: maktab – kelajakning eng muhim poydevori