Turkiya Superligasi klubi “Istanbul Bashakshehir” o‘zining yangi bosh murabbiyi sifatida Nuri Shahin bilan 3-yillik kelishuvga erishganini rasmiy ravishda ma’lum qildi.
Klub matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, shartnoma imzolash marosimi rasmiy matbuot zalida bo‘lib o‘tgan. Unda klub prezidenti Göksel Gümüşdağ ham ishtirok etdi va yangi murabbiyga katta ishonch bildirdi.
Nuri Shahin ilgari ham Turkiya futbolida muhim shaxslardan biri sifatida tanilgan va endi “Bashakshehir”ning asosiy strategiyasi va taktik rejasini belgilab berish vazifasi unga topshirildi.
Ayni paytda “Bashakshehir” tarkibida o‘zbekistonlik futbolchilar — Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov ham to‘p surishmoqda. Xususan, Shomurodov jamoa safidagi ilk golini o‘tgan turda “Beshiktosh” darvozasiga yo‘llab, muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan edi.
Kutilishicha, Nuri Shahinning klubdagi faoliyati nafaqat turnir jadvalida yuqori o‘rinlarni ko‘zlash, balki yosh futbolchilarni rivojlantirish va jamoa o‘yiniga yangi ruh bag‘ishlashga qaratilgan bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!