Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi uchrashuvda yoshlarning kelajakka tayyorlanishi haqida to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, yangi avlod zamon bilan hamnafas bo‘lishi bilan birga, ertangi kun talablariga tayyor turishi shart.
– Biz farzandlarimizni faqat zamonga moslashgan emas, balki kelajakka tayyor insonlar qilib tarbiyalashimiz zarur. Unutmasligimiz kerakki, ertangi kun zamonaviy bilimlar va yangicha kasblar egasi bo‘lgan yoshlarnikidir, – dedi Prezident.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotiga har yili 30–35 milliard dollar miqdorida investitsiyalar kirib kelmoqda. Bu mablag‘lar asosida minglab korxonalar ishga tushirilmoqda, natijada 250–300 ming atrofida yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratilmoqda. Ushbu imkoniyatlar eng avvalo yoshlar uchun yangi ish joyi hisoblanadi. Biroq bu joylarda ishlash uchun ular zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishlari, chet tillarini bilishlari va zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari lozim.
2026-yil mamlakatda «Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili» sifatida belgilandi. Bu yo‘nalishda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etilmoqda. Agentlikning asosiy vazifasi – 598 ta texnikumda xalqaro standartlarga mos muhit yaratish va yangi dasturlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.
Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or dasturlari tatbiq etiladi. Shuningdek, kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan yosh xorijiy malakani baholash tizimi orqali imtihon topshirib, xalqaro sertifikat olish imkoniga ega bo‘ladi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab Angliyaning «Pirson» kompaniyasi bilan 14 ta texnikumda «BITEK» xalqaro dasturi amalga kiritildi. Bu dastur asosida yoshlar turizm, tibbiyot, axborot texnologiyalari, qurilish, energetika, logistika, mashinasozlik, biotexnologiya va kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda yuqori talabga ega kasblarni egallaydilar.
Kelasi yil sanoatda 45 milliard dollar qiymatiga ega 456 ta yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. «Investor – tarmoq – texnikum» zanjiri asosida dual ta’lim tizimi joriy qilinadi. Shuningdek, korxonalar bilan hamkorlikda zamonaviy ustaxonalarni yaratish uchun tanlov o‘tkazilib, g‘oliblarga zamonaviy jihozlar taqdim etiladi.
Muloqotda dual ta’lim qamrovini besh barobarga oshirish rejasi ham ta’kidlandi. Shu bilan birga, korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilib, dual ta’lim orqali ishlayotgan o‘quvchilar uchun yagona ijtimoiy to‘lov ikki barobarga qisqartiriladi.
Yana bir muhim jihat – chet tillariga alohida e’tibor qaratilishi. Texnikumlarda xorijiy til dars soatlari to‘rt barobar oshiriladi. Bu esa yoshlarga yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va chet el investorlari bilan erkin muloqot qilish imkonini beradi.
Kelgusi yildan esa yangi raqamli platforma ishga tushiriladi. Ushbu tizim orqali texnikum bitiruvchilarining malaka va ko‘nikmalari haqidagi barcha ma’lumotlar nafaqat mahalliy, balki xorijiy ish beruvchilar uchun ham ochiq bo‘ladi.
Shu tarzda, mamlakatda yoshlarning kelajak uchun tayyorgarligi va yangi kasblarni egallash imkoniyatlari kengaymoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!