Prezident ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda maktab o‘quvchilari orasida xorijiy til va turli fanlar bo‘yicha xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritayotganlar soni keskin ko‘paygan.
Agar 2016-yilgacha bor-yo‘g‘i 2 ming nafar o‘quvchi shunday hujjatga ega bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili faqat xorijiy tillar bo‘yicha 150 ming nafar yoshlar xalqaro sertifikatga ega bo‘lgani qayd etildi. Endilikda bu kabi sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham rasmiy ravishda e’tirof etilishi ma’lum qilindi.
Prezident o‘z nutqida yosh avlodning namunaviy va fidoyi vakillariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
— Bugungi tadbirimizda yoshi kichik bo‘lishiga qaramasdan, yuzlab o‘g‘il-qizlarimizga ilhom va namuna bo‘layotgan kogonlik qizimiz Billura Ikramova ham qatnashmoqda. U top-200 talikka kiradigan Buyuk Britaniyaning Reding universitetini muvaffaqiyatli bitirib, yirik tashkilotlardan kelgan takliflarni rad etdi va Romitanning chekka qishlog‘idagi maktabda ingliz tilidan saboq bermoqda, — dedi Prezident.
Shuningdek, Oksford universiteti doktoranti Nodira Nabiyeva eshitish qobiliyati cheklangan o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha yangicha metodika yaratgani, hozirda Germaniya va AQSHdagi nufuzli oliygohlar professorlari bu usuldan foydalanayotgani alohida qayd etildi.
— Eng katta niyatim va orzum – ta’limga yanada katta e’tibor qaratgan holda, bunday iste’dodli hamda sadoqatli yosh muallimlar safini kengaytirish. Shu maqsadda zarur bo‘lgan har qanday sharoitni yaratib berishga tayyorman, — deya ta’kidladi Prezident.
Shu tariqa, mamlakat rahbari ta’limni milliy taraqqiyotning asosiy ustuni sifatida ko‘rayotganini yana bir bor namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!