Har yili rabiul avval oyi kelishi bilan sevimli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan kunlari haqidagi fikr-mulohazalar muhim mavzuga aylanadi. Bu haqida kim qayerda nima o‘qigan, eshitgan bo‘lsa, boshqalarga etkazishga harakat qiladi. Biz ham bu boradagi izlanishimizni Siz azizlarga ilindik.
Har xil kitoblarda Payg‘ambarimiz alayhissalomning tug‘ilgan kunlari deb rabiul avval oyining 1-, 2-, 17-, 18-, 21-, 22-kunlari ko‘rsatiladi yoki ramazon oyining 12-si, deb ham ma’lumot berilgan. Ammo alloma ibn Kasir kabi muhaqqiq ulamolarimiz bu to‘g‘rida tadqiqotlar olib borib, bu ma’lumotlarning asossiz, ishonchsiz, ya’ni sahih ma’lumotlarga ters ekanini ochiq bayon qilishgan.
Sahobalar, tobe’inlar, muhaddislar, tarix, siyrat, falakiyot olimlari hamda muhaqqiq jumhur ulamolarning xulosalari bunday: «Payg‘ambarimiz milodiy 571 – Fil yili bahor fasli dushanba kuni tong vaqtida tug‘ilganlar. Bu kun milodiy 20 yoki 22 aprelga to‘g‘ri keladi. Qamariy rabiul avval oyining esa 8-, 9-, 10- yoki 12-kunidir.
Rabiul avvalning 8-kuni tug‘ilganlari haqidagi naql Abdulloh ibn Abbos, Jubayr ibn Mut’im va Baro’ ibn Ozib roziyallohu anhumdan rivoyat qilingan. Ibn Hazm va ulug‘ tobe’in Muhammad ibn Jubayrlar u Zotning tavalludlarini «Rabiul avval oyining sakkizinchi kuni», deyishgan.
Ibn Abdul Barr ba’zi tarixchilarning mana shu ma’lumotni sahih-to‘g‘ri deganlarini keltirgan.
Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy bu ma’lumotni qat’iy deb hisoblab: «Bundan boshqasi to‘g‘ri emas, zohiriy tarixchilari mana shunga ijmo’ qilishgan», degan.
Hofiz Abul Xattob Umar ibn Dihya al-Kalbiy az-Zohiriy «At-tanvir fi mavlidil basharin nazir» kitobida ushbu ma’lumotni boshqa ma’lumotlardan afzal va ustun ko‘rgan.
Imom Tabariy «Xulosatu siyari sayyidil bashar» kitobida ko‘p olimlarning bu ma’lumotni to‘g‘ri deganlarini qayd etib o‘tadi.
Hofiz Qastaloniy ash-Shofi’iy: «Ko‘p ahli hadis mana shu ma’lumotni ixtiyor etishgan», degan.
Quzo’iy: «Astronomik taqvim-jadval olimlari bu ma’lumot borasida ittifoq qilishgan», deb aytadi.
Rabiul avvalning 9-kuni tug‘ilganlari haqidagi xabarlar Shayx Muhammad Xuzariyning «Nurul yaqin», Muhammad Sulaymon Mansurfuriyning «Rahmatul lil olamin», Shayx Safiyur Rahmon Muborakfuriyning «Ar-rahiqul maxtum», Doktor Abdulloh Faqihning «Fatovosh shabakatil islomiya», Shayx Ali ibn Noyifning «Mavsu’atul buhusi val maqolotil ilmiya», Ibrohim al-Ibyoriyning «Al-Mavsu’atul Qur’oniya» (1/25), misrlik tarixchi Muhammad Tal’atbek Harbning «Tarixu duvalil arabi val islom», Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxonto‘ra)ning «Nurul basar», Sobit hoji Abdul Boqiy o‘g‘lining «Siyratu xotamin nabiyyin» kitoblarida bayon qilingan.
«Al-Mavsu’atul islomiyatul mu’osira» kitobi (5/366) mualliflari ham mana shu hisobni qabul qilishgan.
Mashhur olim Ali Tantoviy (1909 – 1999) mana shu ma’lumotni boshqa ma’lumotlardan afzal va ustun ko‘rgan.
Misr rasadxonasining sobiq mudiri, falakiyotshunos olim, geometriya fanlari mutaxassisi Mahmud Posho milodiy 571 yil rabiul avval oyining 9-kuni dushanbaga to‘g‘ri kelishini ilmiy asoslab bergan.
Shuningdek, «Hijri-Gregorian Converter» ya’ni, milodiydan hijriyga va hijriydan milodiyga o‘tkazadigan maxsus kompyuter hisoblagich dasturi orqali hisoblaganimizda, milodiy 571 yildagi rabiul avval oyining 9-kuni dushanbaga to‘g‘ri keldi.
«Rabiul avvalning 10-kuni tug‘ilganlar», degan ma’lumotni Muhammad ibn Sa’d «At-tabaqotul kubro» kitobida keltirgan.
Shuningdek, Hofiz Abul Xattob Umar ibn Dihyaning «At-tanvir fi mavlidil basharin nazir» kitobida, ibn Asokirning Abu Ja’far al-Boqirdan qilgan rivoyati, Sha’biy va Abu Ja’far Muhammad ibn Alining rivoyatlarida ham shu kun ekani bayon qilingan.
Imom Zahabiy: «Shayximiz Abu Muhammad Dimyotiy ash-Shofi’iy o‘zi ta’lif qilgan «As-siyratun nabaviya» kitobida: «Abu Ja’far Muhammad ibn Alining (rabiul avval oyining 10-kuni) rivoyati bilan Abu Ma’shar Nujayhning (rabiul avval oyining 12-kuni) rivoyatini keltirib, Abu Ja’farning rivoyati (ya’ni, 10-kun) to‘g‘ri, degan», deydi.
Rabiul avvalning 12-kuni tug‘ilganlari haqidagi ma’lumot esa Abdulloh ibn Abbos, Jobir roziyallohu anhum, Ibn Hibbon, Muhammad ibn Ishoq, ibn Hishom, Abu Ma’shar Nujayh va ibn Xaldunlardan rivoyat qilingan. Shuningdek, ibn Kasir «Al-bidoya van nihoya», ibn Rajab ad-Dimashqiy «Latoiful ma’orif», Movardiy «A’lomun nubuvvah», ibn Sayyidinnas ash-Shofi’iy «Uyunul asar», doktor Muhammad ibn Abdur Rahmon ash-Shoyi’ «Nuzulul Qur’on», Doktor Muhammad Sa’id ibn Ramazon al-Butiy «Fiqhus siyra», Doktor Shavqiy Abu Xalil «Atlasus siyratin nabaviya», Muhammad Xabboz «Ba’sul himam li mujazi siyrati sayyidil umam», «Al-lajnatud doimati lil buhusil ilmiyati val ifto» fatvolarida, Alixonto‘ra Sog‘uniy «Tarixi Muhammadiy», Ahmad Lutfiy «Saodat asri qissalari» kitoblarida hamda, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Hadis va Hayot», 19-juzi va «Mavlid haqidagi xilof» nomli ilmiy maqolalarida rabiul avval oyining o‘n ikkinchi kuni deyishgan.
Usmonli turk davlati davrida bu kunni «Mavlidi nabiy» (Payg‘ambar tug‘ilgan kun) sifatida qutlanishi buyurilgan.
Ammo rabiul avval oyining 12-kuni tug‘ilganlar degan ma’lumot mashhur bo‘lsa-da, ibn Abbos bilan Jobir roziyalohu anhuning bu haqidagi rivoyati roviylari ichida uzilish borligini muhaddislar bayon qilishgan.
Qolaversa, turk olimi Zakoi Ko‘nrapa «Payg‘ambarimiz va asharai mubashshara» asarida Ahmad Rosimning: «Aytilgan rivoyatlarning eng to‘g‘risi – Payg‘ambarimizning rabiul avval oyining 12-kuni dunyoga kelganlarini bildiruvchi rivoyatdir», degan xulosasini keltirib, ketidan «Shu bilan birga, bu kunning dushanba kuniga to‘g‘ri kelmaganini ham unutmaslik kerak», deydi.
Xulosa:
Mazkur ma’lumotlarni sanad mezonida o‘lchasak, rabiul avval oyining 8- yoki 10-kuni asosli bo‘lib chiqadi. Falakiyotshunoslik taqvimi asosida hisoblasak, 9-kuni ilmiy hisob bo‘ladi. Mashhurlik jihatini e’tiborga olsak, 12-kuni kuchli bo‘ladi.
Payg‘ambarimizning tug‘ilgan kunlarini aniqlash o‘rnida imom Qastaloniyning: «Payg‘ambarimizning tug‘ilgan vaqtlari rabiul avval oyidir, kuni emas (ya’ni, tug‘ilgan oylari aniq, u rabiul avval oyidir, kuni esa ma’lum emas), degan xulosalarini keltirish o‘rinli bo‘lsa kerak.
Endi, Payg‘ambarimiz alayhis salomning tug‘ilgan kunlariga munosabat o‘rnida quyidagi xulosalarni keltiramiz:
Zakoi Ko‘nrapa: «Payg‘ambarimizning xotirini yod etishni istagan har bir musulmon buning uchun aniq bir kunni tanlashi shart emas. Qiymat kun yo soatga emas, shaxsning hartomonlama komil va namuna bo‘lishiga bog‘liqdir. U zotning shaxsiyatiga ko‘rsatiladigan hurmat-ehtiromni u yoki bu kunda marosim o‘tkazish bilan ado etib bo‘lmaydi. Bu narsa ul zotga eng samimiy rishtalar bilan bog‘lanish orqali amalga oshirilishi mumkin», deydi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Metabolizm sekinlashganining belgilari