date

O‘zbekistonda uy-joy bozori jadallashdi: bitimlar va narxlar qanchaga o‘sdi?

O‘zbekistonda uy-joy bozori jadallashdi: bitimlar va narxlar qanchaga o‘sdi?

2025 yilning yanvar–sentyabr oylari mobaynida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori sezilarli darajada faollashdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davrda mamlakat bo‘ylab 229,8 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomalari rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,8 foizga ko‘p bo‘lib, bozorda jiddiy jonlanish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar bu o‘sishni bir nechta muhim omillar bilan bog‘lamoqda. Eng avvalo, aholi tomonidan ipoteka kreditlariga bo‘lgan talab ortdi. Joriy yilning uchinchi choragida ipoteka orqali ajratilgan mablag‘lar hajmi 5,6 trillion so‘mga yetdi. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan qariyb 15 foizga yaqin o‘sish demakdir. Shu bilan birga, aholi daromadlarining oshib borishi va xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari hajmining ko‘payishi ham bozorga qo‘shimcha turtki berdi.

Qurilish sohasida ham ijobiy dinamika saqlanmoqda. Bir yil ichida mamlakatda qurilish ishlari hajmi 14,2 foizga o‘sdi. Oktyabr oyi boshiga kelib, O‘zbekistonda jami 11,1 million kvadrat metrdan ortiq uy-joy qurib bitkazildi. Bu ko‘rsatkich yillik hisobda 2,4 foiz o‘sishni anglatadi.

Narxlar masalasiga kelsak, sentyabr oyida yangi uy-joylar qiymati ham oshdi. Birlamchi bozorda kvartiralar narxi so‘mda hisoblaganda 2,4 foizga, dollarda esa 5,5 foizga ko‘tarildi. Ikkilamchi bozorda ham shunga yaqin holat kuzatilib, narxlar mos ravishda 1,8 va 5 foizga o‘sdi.

Toshkent shahrida ijara bozori ham chetda qolmadi. Sentyabr oyida poytaxtda uy ijarasi narxlari o‘rtacha 5,4 foizga oshdi, yillik o‘sish esa 8,4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, ijara haqi bilan ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtasidagi farq tobora qisqarib bormoqda. Bu esa ko‘chmas mulk bozori asta-sekin barqaror muvozanatga yaqinlashayotganidan darak beradi.

Qisqasi, uy-joy bozori hozir «qizib» turgan pallada. Xaridor ham, sotuvchi ham harakatda — bozor esa o‘z qoidalari bilan oldinga qarab ketyapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda uy-joy bozori jadallashdi: bitimlar va narxlar qanchaga o‘sdi?