date

Fabregasga ko‘ra Alonso uchun eng asosiy vazifa nima ekani ma’lum bo‘ldi

Fabregasga ko‘ra Alonso uchun eng asosiy vazifa nima ekani ma’lum bo‘ldi

Italiyaning «Komo» klubini so‘nggi paytlarda barqaror va ishonchli boshqarib kelayotgan ispaniyalik murabbiy Sesk Fabregas yozda «Real» bosh murabbiyi etib tayinlangan hamkasbi Xabi Alonsoning Madridda duch kelayotgan eng katta muammosi haqida fikr bildirdi.

Fabregasning ta’kidlashicha, «Qirollik klubi»dagi asosiy qiyinchilik taktika yoki futbolchilarning mahorat darajasi emas, balki yulduzlarga boy jamoani boshqarish masalasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Real»dagi deyarli barcha futbolchilar o‘zini asosiy tarkib o‘yinchisi deb hisoblaydi.

— «Real»dagi futbolchilarning barchasi juda yuqori saviyada. Har biri maydonga tushishga, hal qiluvchi rol o‘ynashga loyiq deb o‘ylaydi. Ulardan har biri katta summaga baholangan, terma jamoalarida o‘ynaydigan yulduzlar. Ana shu guruhni boshqarish — murabbiy uchun o‘ta murakkab vazifa», — dedi Fabregas Marca nashriga bergan intervyusida.

Ma’lumki, Xabi Alonso bungacha «Bayer» klubida muvaffaqiyatli faoliyat olib borib, Leverkuzen jamoasini o‘z tarixida ilk bor Germaniya chempioniga aylantirgan edi. Shu sababli «Real» rahbariyati uni katta ishonch va umidlar bilan bosh murabbiylikka taklif qildi.

Biroq Madridda vaziyat ancha murakkab. Manbalarga ko‘ra, jamoaning ayrim yetakchi futbolchilari Alonsoning ish uslubi va talablarini to‘liq qabul qilmagan. Bu esa jamoa ichidagi muhitga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

So‘nggi o‘yinlarda «Real»ning o‘yinidagi beqarorlik va natijalardagi tushish aynan ichki raqobat, o‘zaro ishonch muammolari bilan bog‘liq ekani aytilayapti. Fabregasning fikricha, Alonso uchun eng asosiy vazifa — yulduzlardan iborat jamoada umumiy intizom va yagona maqsadni shakllantirish bo‘ladi.

Qisqasi, Madridda taktikadan ham qiyini — egosi ko‘p bo‘lgan «qayiq»ni bir yo‘nalishda olib ketish. Lekin Alonso bu bosimga dosh bera olsa, «Real» yana o‘z yo‘liga qayta olishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Fabregasga ko‘ra Alonso uchun eng asosiy vazifa nima ekani ma’lum bo‘ldi