Tojikistonda qor qoplonini ovlaydiganlar uchun jazo kuchaytirildi

Tojikistonda qor qoplonini ovlash va u bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar uchun javobgarlik yanada qat’iylashtirildi. Mamlakat parlamenti Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda parlamentning rasmiy nashri — Sadoi mardum xabar berdi.
Yangi tahrirga ko‘ra, 232-1-modda endilikda “Qor barsini ovlash, qasddan yo‘q qilish, shuningdek, uni noqonuniy olish, saqlash, topshirish yoki sotish” deb nomlanadi. Ilgari mazkur modda faqat ov qilish va qasddan nobud etish holatlarini qamrab olgan edi.
Endi bu kabi qoidabuzarliklar uchun 1200–1800 hisob ko‘rsatkichi (117–175 mln so‘m) miqdorida jarima yoki 3-yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanadi. Avval jarima 800–1200 hisob ko‘rsatkichi (78–117 mln so‘m) bilan cheklangan edi.
Agar jinoyat takroran sodir etilsa, jazo yanada og‘irlashadi: 2000–3000 hisob ko‘rsatkichigacha (195–292 mln so‘m) jarima yoki 4 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Shuningdek, aybdorlar 5 yilgacha muayyan lavozim yoki faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 236-moddasiga ham o‘zgartirish kiritilib, alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarga juda katta zarar yetkazilgan hollarda jarima 500 hisob ko‘rsatkichigacha (48,7 mln so‘m) oshirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!