"Xayriya" niqobidagi tuzoq: terrorchilarni moliyalashtirganlar fosh etildi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan «saxovat» va «mazlumlarga yordam» chaqiriqlari ortida aslida qonli jinoyatlar yashiringan bo‘lishi mumkin. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) navbatdagi shunday aldov tuzog‘ini fosh etdi. Zamin.uz nashri Buxoroda sodir bo‘lgan, oilaviy jinoyatga aylangan terrorni moliyalashtirish ishi tafsilotlarini taqdim etadi.
Bugungi kunda xalqaro terrorchilik to‘dalari internet tarmog‘ini haqiqiy "ov maydoni"ga aylantirishgan. Ular diniy ilmi zaif va dunyoqarashi shakllanmagan yoshlarni nishonga olib, "xayriya aksiyalari" niqobi ostida o‘zlarining buzg‘unchi faoliyatlarini moliyalashtirib kelmoqda.
Suriyadagi "jangchi" va uning virtual quroli
Asli buxorolik bo‘lgan, 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro 2019 yildayoq mutaassib g‘oyalar girdobiga tushib, Suriyaga yo‘l olgan. U yerda «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilib, nafaqat qurolli to‘qnashuvlarda qatnashgan, balki tashkilotning "g‘aznachisi" va targ‘ibotchisiga aylangan.
2021 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda u O‘zbekistondagi fuqarolarni aldab, kriptovalyuta ko‘rinishida mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullangan. Uning "mazlumlarga yordam" degan yolg‘onlariga ishonib, pul o‘tkazgan 8 nafar shaxsga nisbatan hozirda terrorizmni moliyalashtirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyatga sherik ota: 13 500 dollardan ortiq mablag‘
Achinarlisi, terrorchi o‘z qilmishlariga 1965 yilda tug‘ilgan otasini ham sherik qilgan. Ota 2022–2025 yillar davomida «BINANCE» xalqaro kripto-birjasi orqali o‘g‘liga jami 13 597 USDT (raqamli dollar) yuborgan.
Qayd etish lozimki, bu ota ilgari ham ekstremistik materiallarni tarqatgani uchun 5 yilga qamalib, keyinchalik shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan edi. Biroq berilgan imkoniyatdan xulosa chiqarmay, yana jinoyat ko‘chasiga kirdi.
Qonun ustuvorligi va keskin jazo
Buxoro shahar sudining qaroriga binoan:
- Ota (1965 y.t.): Jinoyat kodeksining 155³ (Terrorizmni moliyalashtirish) va 278⁸ (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) moddalari bilan aybdor deb topilib, 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
- O‘g‘il (1999 y.t.): Bir qator og‘ir jinoyatlarda gumonlanib, unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilindi.
Hurmatli vatandoshlar! Ijtimoiy tarmoqlardagi noma’lum shaxslarning pul yig‘ish haqidagi chaqiriqlariga zinhor ishonmang. Sizning "xayriya" sifatida yuborgan mablag‘ingiz begunoh insonlarning qoni to‘kilishiga xizmat qilishi mumkin.
Sizningcha, yoshlarni bu kabi virtual ekstremizmdan himoya qilish uchun qanday choralar ko‘rish samaraliroq: mahalla nazoratimi yoki raqamli savodxonlikni oshirish?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!