Yaponiya poligonida tank portladi

Yaponiyaning janubi-g‘arbiy hududida joylashgan harbiy mashg‘ulot maydonida yuz bergan kuchli portlash fojiaga sabab bo‘ldi. Hodisa oqibatida uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lib, yana bir nafari turli darajadagi jarohatlar oldi.
Mahalliy OAV, jumladan Kyodo News xabariga ko‘ra, voqea 21 aprel kuni Oita prefekturasidagi Xijuday poligonida tank mashg‘ulotlari davomida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, tank snaryadi otish jarayonidan oldin kutilmaganda portlab ketgan.
Halok bo‘lgan harbiylarning ikki nafari 30 yoshlar atrofida, yana biri 40 yoshga yaqin bo‘lgani aytilmoqda. Ular mashg‘ulot vaqtida tank komandiri, to‘pchi, xavfsizlik bo‘yicha mas’ul hamda haydovchi vazifalarini bajarayotgan bo‘lgan.
Yaponiya Mudofaa vaziri Sindziro Koidzumi Tokioda jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda ushbu hodisani “nihoyatda achinarli” deya baholab, voqea sabablari chuqur o‘rganilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida bunday hodisalarning oldini olish maqsadida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Favqulodda xizmatlar bergan ma’lumotga ko‘ra, jarohatlangan harbiy hushida bo‘lib, unga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Biroq uning yuz qismida kuyish izlari borligi qayd etilgan.
Mutaxassislar mazkur hodisani texnik nosozlik yoki o‘q-dorilarning yaroqsizligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Hozirda tergov ishlari olib borilib, portlashning aniq sabablari aniqlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!