22:26 / 24.03.2017
6 491

Otaning qat’iyati

Otaning qat’iyati
“Qiz bolani kollejni bitirmasidan, hunar egallamasidan kimki turmushga bermoqchi bo‘lsa, bilib qo‘yinglar, men bunga mutlaqo qarshiman. Qiz bola, avvalo, kasb egallasin, o‘z fikriga ega bo‘lsin. Shundan keyin u hayotda o‘z o‘rnini topadi, yo‘lini yo‘qotmaydi”.
I.Karimov


Bahor. Atrof chiroyga burkanmoqda. Mevali daraxtlar gulga kirib, maysalar quyoshning zarrin nurlariga erkalanib bo‘y cho‘zmoqda. Yo‘lak chekkasiga ekilgan turfa gullar o‘z iforini yo‘lovchilarga tarqatmoqda. Bir guruh qizlar sho‘x-shodon qiqirlashib, kollejdagi darslari tugab uylari oshiqayotir. Bahorning mayin shabadasi navnihol qizlarning sochlarini o‘ynaydi.

– Qizlar, kelinglar niyat qilamiz. Men shifokor bo‘laman. Odamlarning dardiga malham bo‘lsam deyman,– dedi Ra’no.

– Feruz, sen kim bo‘lasan?

– Tarjimon bo‘laman. Sayyohlarga yurtimizdagi hamma qadamjolarni ko‘rsataman.

– Men uchuvchi bo‘laman, – dedi Nozima.

– Voy... qiz bola ham uchuvchi bo‘ladimi?

– Ha... Nima qipti? Samolyotimga sizlarni o‘tqazib osmonu falakka uchiraman.

Qizlar suhbatlashib borarkan, Ra’noning uyi oldida taqqa to‘xtashdi. Yo‘laklar suvlar sepib supurib-sidirilgan, darvoza lang ochiq. Ostonada qimmatbaho mashina turibdi. Ra’no tabiatan uyalchang qiz emasmi, darvozadan iymanibgina kirdi. Hovlidagi supada qorindor, savlatli kishi va bashang kiyingan, zeb-ziynatga burkangan, to‘ladan kelgan ayollar o‘tirardi. Ra’no xiyol egilib salom berdi. Mehmonlar salomga alik olarkan, bir-birlariga ma’noli qarab qo‘yishdi.

***

Ortiqboy aka qiyin vaziyatda qoldi. Chunki hali kollejda o‘qiyotgan qiziga sovchilar kelgandi.

To‘raxon aka viqor bilan dedi:

– Ortiqboy aka...

– Labbay...

– O‘zingizga ayon: yolg‘izgina o‘g‘lim, merosxo‘rim. Yaxshi niyatlar bilan xonadoningizga qulchilikka keldik. O‘g‘lim biznes ishlari bilan bir kun Xitoy, Yapon, Olmon deganlaridek yurtma – yurt kezadi.

Sovchi ayollar ham o‘zlariga navbat etganida og‘zilaridan bol tomib yolg‘iz o‘g‘ilni maqtay ketishdi.

Xayolida qizi taqdirini o‘ylayotgan Ortiqboy aka ming andisha ichida: “Qizimni berolmayman”, dedi. Shu paytgacha gapi ikki bo‘lmagan, qo‘lini qaerga cho‘zsa etadigan To‘raxon aka bunday javobni kutmagani uchun bexosdan:

– Nega? Nima uchun?.. – deb yubordi.

– Axir qizim endi o‘n ettiga to‘ladi. Kollejda o‘qiyapti,
shifokor bo‘lmoqchi, qizimni o‘qitaman.

– Ha,... Ortiqboy aka, qiziq odamsiz-da... To‘ydan keyin o‘qishiga boraveradi. Qiz bolaning o‘qishi... . Mening mol-davlatim nabiralarimga ham bemalol etadi.

Shu vaqtda bolalik davridan hali qadam uzmagan Ra’no oyisiga iltijo qilardi:

– Oyijon, meni turmushga bermanglar, men o‘qiyman, do‘xtir bo‘laman.

Maslahatga kelgan qarindoshlar ham Ortiqboy akaga rozilik bildirishga undab, Ra’noning kelajakda bekamu ko‘st, farovon hayot kechirishini bashorat qilishardi.

Bu orada sovchilar ham gapga chechanlik bilan yoshlar taqdirini hal qilishga harakat qila ketdi.

Umri mehnatda o‘tgan Ortiqboy aka xayolan: “Eh, azizlar, baxt bu mol-davlat, tilla taqinchoqlar bilan o‘lchanmaydi-ku”, der edi.

Ortiqboy aka sovchilarga qat’iy ohangda:

– Mening hayotda eng katta orzuyim: barcha farzandlarim oliy ma’lumotli bo‘lsa, yaxshi kasb-hunar egallasa, qizim Ra’noning shiforkor bo‘lganini ko‘rsam armonim yo‘q”, – dedi.

***

Unisi “u” dedi, bunisi “bu” dedi... Sovchilar noumid qaytdi. Oradan yillar o‘tdi. Ra’no shifokorlik kasbini egalladi va o‘z hamkasbiga turmushga chiqdi.

Endi Ortiqboy akaning ko‘ngli xotirjam, Ra’no o‘zi sevgan kasb egasi bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topdi.

Ha, azizlar, qarshimizdan mol-dunyo jilva qilib chiqqan choqda Ortiqboy akadek qat’iyatli bo‘laylik. Zero, qizlarimiz bizning kelajagimiz, ularning baxti bizning baxtimizdir.

Manba: www.muslim.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Otaning qat’iyati