Farg‘onada mast erkak sabab poyezd to‘xtatildi

Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 10 may kuni Farg‘ona viloyati hududida noodatiy holat yuz berdi. Temir yo‘l iziga chiqib olgan mast fuqaro sabab yo‘lovchi poyezd shoshilinch ravishda to‘xtatilgan.
Qayd etilishicha, soat 08:35 atrofida 729-sonli “Andijon–Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd O‘zbekiston temir yo‘llarining “Qo‘qon–Buvayda” bekatlari oralig‘idagi 7-kilometrda to‘xtashga majbur bo‘lgan. Sababi esa temir yo‘l izlari ustida mast holatda harakatlanib yurgan fuqaro bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1983 yilda tug‘ilgan Z.A. poyezd yo‘nalishiga chiqib olgan va xavfli vaziyat yuzaga kelgan. Lokomotiv mashinisti ehtimoliy to‘qnashuvning oldini olish maqsadida favqulodda tormoz bosishga majbur bo‘lgan.
Yaxshiyamki, voqea oqibatida hech kim jarohat olmagan. Poyezd qisqa tanaffusdan so‘ng, soat 08:45 da o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatini davom ettirgan.
Hozirda holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislar temir yo‘l hududlarida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligini yana bir bor eslatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!