Qishning qahraton kunlarida chollar issiqqina uyida o‘tiradi yoki dam olish kunlari choyxonada choyxo‘rlik qilishadi. Bizga tanish otaxon ham bugun choyxonada ekan. Tashqarida qalin qor yog‘yapti, ichkarida esa chollar gur-gur etib kular, har zamonda xo‘rillatib ko‘k choy ichib qo‘yishardi. Devorga ilingan televizorga qarab, goh tizzalariga urib, goh qo‘llarini charsillatishar, ba’zi-ba’zida “ja bizbop ekan-da”, deb baqirishardi.
Gurung oxirlab, chollar o‘rinlaridan turishganida ichkariga kirish payiga tushdim. Otaxonning vaqtini bilishim kerak edi. Eshikni ochganimni payqashmadi. Oyoq kiyimimni echganimda o‘z-o‘zidan suhbatlariga sherik bo‘ldim.
— Shu nosni evoradigan qib chiqarmag‘anakan-da, oshna, — dedi bo‘yi pastroq bir chol otaxonga hazil aralash va bir chekim nosni og‘ziga otdi.
Otaxon ham nos solib, birpas huzurini tortti-da, nosi bilan hazilga javob qildi:
— Ie, shen haliyam emayapshanmi? Bij eytalablayi choyga qo‘shib uyvolyappish, — dediyu sharaqlab kulib yubordi.
Ularning suhbatiga qotmadan kelgan, oriqqina, doim tirishib yuradigan bir chol qo‘shildi:
— Obbo‘, yana otvolishdingmi? Menga qara, ano pensiyani plastikka tashaberorsa bo‘masmikin, borib kelishga erinyappanta, shunaqa sovuqda. Kassirga aytsam, ilojim yo‘q, paqat naq beramiz, deb turvoldi.
— Obbo‘, obbo‘chi keldimi? — deb otaxon yana xandon otdi. — Hay biy gapini obbo‘dan boshledi. Oldin penshiyamni naqqa gaplashbey, deydi, endi bunaqa. Pastayanniy noliydi, — dedi-da, jahl qilgan bo‘lib, chetga nosni tufladi va tag‘in qahqaha urdi.
Shu onda ularga qo‘shilib kulayotganimni ko‘rib, “biyaqqa ke”, degandek qo‘li bilan menga imladi. Salom berib, qo‘shqo‘llab ko‘rishdim. Supa chetiga o‘tirdim. Fotihadan keyin hol-ahvol so‘rashdik. Gap yana kulgiga taqaldi.
— Ko‘rmesanmi bulardi, bolam, — gap boshladi otaxon. — Nevaramga aytgandim, Milyonmi-pilyonmi chiqibdiyu, ashini abkeber, ko‘reylik-chi bir, degandim. Shunga rasa kulishdik. O‘ziyam g‘irt choyxonani gaplari, u bollaram paqat choyxonada yursa keray-ta, a? Sen yaxshi bilasanu.
Miyig‘imda kuldimu, savoliga savol bilan javob berdim:
— Nevarangiz o‘zi ham ko‘ribdimi? Birga ko‘rdinglarmi?
— E, nima deyapsan?! Bolaga ko‘rsatib bo‘larkanmi? Hali yashu u! — dedi otaxon rosmana jahli chiqib. — Yaxshisi, sen ularni Simpilisga chaqir, bizda undanam zo‘rlari bor, ichagi chiqippoladi, — chol shunday deb, sherigining tizzasiga shapatilab, xoxoladi.
— Aprelda konsert berishyapti ekan, balki o‘zinglar borarsizlar? — dedim ma’lumot uchun gapirganday.
— Qayda bo‘ladi u kanserting, bolam?
— Toshkentda. Oilaviy boringlar, aylanib kelasizlar, — dedim yana qitmirligim tutib.
— Oilaviy? — cholning qoshlari chimirildi. — Bunaqa kansertga semeyniy boradiganlaram borakanmi? — Yonidagi sherigiga qarab: — Choyxonagayam semeyniy kelsak bo‘larkana, oshna, — dedi-da, ikkovlon xandon otib kulishdi.
— Kampiring choy tashib turadimi shunda? — deya hazilga hazil qildi pakana chol chala tishlarini ko‘rsatib.
— Hamma o‘zi xohlaganicha boradi, bu ularning erki, — dedim fikrimni davom ettirib, — tag‘inam uyatsiz hazillari oxirgi konsertida ancha kam ekan, har holda o‘zlari shunaqa deb intervyu beribdi.
— Nima? — otaxon kulgidan qotib qoldi. — Hali bu kamimidi? Unda tochna kansertga borishim kerak ekan, oshna, aylanib kelamizmi? — dediyu yana xandon otishdi.
Men ham ularga jo‘r bo‘ldim. Nimaga kelganim esimdan chiqdi. Eshikdan kirgan choyxona xizmatchisi otaxonning buyrug‘i bilan menga choy uzatdi. Xonada uchalamiz qolganimizni shunda payqabman.
— Yana binnimalar yozgani kelovdingmi, bolam? Bugunmas. Charchadim, keyin, ko‘ryapsanu, kaypiyat jaloba qiladigan ahvoldamas, — deb ota yana kuldi. — Undan ko‘ra osh e, derdimu, oshniyam tugatdik, — yana kulgi. — Balki nos chekarsan, oma uniyam oshga qo‘shib... — ikkala chol tag‘in qahqaha solishdi.
Xullas, bugun ularning kayfiyati chog‘ edi, muammo so‘rashga botinolmadim, baribir biror nima aytishiga ham ko‘zim etmasdi.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»