13:02 / 22.06.2017
5 611

"Respublika 1-rahbarining ukasi bo‘lsam ham na mashinam, na dala hovlim, hatto velosipedim ham bo‘lmagan"

"Respublika 1-rahbarining ukasi bo‘lsam ham na mashinam, na dala hovlim, hatto velosipedim ham bo‘lmagan"
Milliy axborot agentligi muxbiri atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning ukasi taniqli adabiyotshunos olim, professor, ustoz murabbiy va hassos tarjimon Asil Rashidov bilan suhbatlashdi. Professor Asil Rashidov akasi Sharof Rashidov haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi.

– Oilamiz juda oddiy bo‘lgan. Otamiz Rashid Xalilov suyagi mehnatda qotgan, oddiy bir dehqon edi. Keyinchalik jamoa xo‘jaligida turli vazifalarda ishlagan. Onamiz Qo‘ysinoy Xalilova erta-kech uy ishlari va jamoa xo‘jaligi yumushlaridan ortmasdi. O‘sha kezlarda qishlog‘imizda savodsizlikni bitirish kursi ochilgan bo‘lib, volidamiz ma’lum darajada xat-savodli bo‘lgani bois oqshomlari mazkur kursda mashg‘ulotlar olib borardi.

Akalarim oyoqqa turganiga qadar xiyla nochor yashaganmiz. O‘sha vaqtda boshqalarning turmushi ham bundan behroq bo‘lmagan: ocharchilik, qahatchilik, qatag‘on, urush, bir bo‘lak non topish – azob, tirik qolish – inoyat... Esimda, urush payti Jizzaxda qand lavlagi ekilar, uni eshak yo ot qo‘shilgan aravalarda tashirdik. Tog‘day uyum bo‘lar, so‘ng lavlagini poezdlarga ortib, frontga olib ketishar edi...

Ha, oilada olti o‘g‘il edik: Kamoliddin, Sharofiddin, Sahobiddin, Isomiddin, Asliddin (kamina) va Nasriddin. To‘ng‘ich akam Kamoliddinni ayni navqiron yoshida xastalik olib ketgan, Sahobiddin akam yurist bo‘ldi, Isomiddin akam jamoa xo‘jaligi radiouzelida ishlagan, men adabiyot yo‘lidan ketdim, ukam Nasriddin ilm-fanni tanladi.

Barchamizning suyagimiz mehnatda qotgan, biroq akalarim orasida Sharofiddin anchayin faol, haqiqiy etakchi edi. Kichikligidan barchamiz unga suyanardik. Uning fikrini qo‘rqmay ayta olishi, doim oldingi safda bo‘lishiga hamisha havas qilganmiz. Sharof akam texnikumda a’lo baholarga o‘qigani uchun patefon bilan taqdirlangan. Uni uyga olib kelganda, «ichida mitti xonandalari bor «mashina qo‘shiq»ni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun uyimizga keluvchilar rosa ko‘paygan.

Ikki akam – Sharofiddin va Sahobiddinni frontga kuzatganimiz kechagiday esimda. Ikkisi ham ajal komidan omon kelgan. Sharof akam frontdagi o‘qchi brigadaning siyosiy rahbari bo‘lgan, 1942 yili og‘ir yarador bo‘lib, uyga qaytgan: tirsagidan o‘q egan, ancha vaqt qo‘lini bo‘yniga osib yurar edi. Biroq bir qo‘l bilan velosiped haydab har kuni ishga borar – maktab direktori vazifasini katta mas’uliyat bilan bajarardi.

Sharof akam va Xursandoy yangamizning nikoh to‘yini aniq eslayman: mamlakat og‘ir ahvolni boshdan kechirayotgan, yigitlarimiz frontda jon olib-jon berayotgan paytda uylanayotganidan xijolat bo‘lganmi, haytovur, milliy odatlarimizga sal mos kelmasa ham, kuyov bola o‘z to‘yida nutq so‘zlagan, barchani shunday og‘ir pallada dushmanga qarshi bir musht bo‘lib birlashishga undagan edi. Uning fikri-zikri doimo el-yurt tashvishi bilan band edi.

Sharof akam mehnat uchun tug‘ilgan edi. Barchasiga Yaratganning in’omi – aql-zakovati, iste’dodi va tinimsiz mehnatlari bilan erishgan. Bizni ham faqat mehnat qilishga undagan. Bir she’rida yozganidek, uning g‘ururi, sururi, huzuri ham mehnatda edi.
Akam respublika rahbari bo‘lgan paytida ham ishdan kelib bekor o‘tirmas, yo kitob o‘qir yoki yangi chiqqan kinofilmlarni tomosha qilardi. Ba’zida ishdan qaytganda, kino ko‘rib o‘tirgan bo‘lardik. Darhol so‘rashga tushardi: «xo‘sh, qaysi filmni ko‘ryapsizlar? Qahramonlari kim? G‘oyasi nima?». Ayrim hollarda javob topolmasak, darhol bahonaga o‘tardik: aka, kino o‘zi hozir boshlandi...

Sharof akam «qush uyqu» edi, kam ovqatlanardi, kuniga kamida besh kilometr piyoda yurardi. Uni charchab qoladi, deb xavotirlanardik. Biroq qandaydir ilohiy g‘ayrat-shijoati bor edi-da, toliqish nimaligini bilmasdi. Yana bir fazilati – odamlarga ishonishi, insonni ulug‘lashi, ikki og‘iz shirin so‘z bilan o‘z suhbatdoshini qayta kashf etib, qalbini tog‘dek ko‘tarib, ilhomlantirib yuborishi edi.

Kunlardan birida akam qo‘ltig‘ida dasta-dasta gazeta-jurnallar bilan horg‘in, qandaydir siniq va ma’yus holda ishdan qaytdi. Xavotirga tushdik: “Tobingiz qochdimi?”. Shunda u: “Yo‘q, bugun qilichdek-qilichdek o‘g‘lonlarimizdan ikki yuztasini Afg‘onistonga jo‘natdik. Ular olov kechishga ketyapti. Qanchasi yurtiga, ota-onasi bag‘riga qaytib kelishini qodir Egamdan boshqa hech kim bilmaydi. Maskovdagi rahbarlarimizga qancha iltijo qilmay, hech qanday natija chiqmadi”, dedi-yu, ko‘zida yosh qalqidi...

– Aytishlaricha, Sharof Rashidov hududlarga safarga chiqsa, quyi bo‘g‘inlardagi rahbarlarga dastlab «oxirgi marta qaysi kitobni o‘qidingiz?», deb savol berarkan...
– Ha, shunday. Chunki har qanday insonni mutolaa yuksaltiradi. Akam bu savoliga qoniqarli javob olsa, yuz-ko‘zi yashnab ketardi. Aks holda dili og‘rirdi. Bir gal qiziq voqea aytib bergan: allaqaysi bir tumanga borsa, firqa tashkilotining birinchi kotibi akamni yangi asar yozgani bilan haddan ziyod qutlayveradi: «Zo‘r asar yozibsiz-da, Sharof Rashidovich, tuni bilan o‘qib chiqib, maza qildim...». Akam kamtarona rahmat aytib qo‘yadi. Qarasa, xushomadning oxiri ko‘rinmayapti. So‘ng kotibdan “Qaysi asarni yozgan ekanman?”, deb so‘rab qoladi. Shunda u akamning asarlaridan loaqal birontasini aytib bera olmay mulzam bo‘ladi.

– Akangiz va siz adabiyot yo‘lini tanlagansiz. Biroq badiiy san’atda favqulodda iste’dod o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Qonda bo‘lgandirki, suyak surgan.
– Buning asosini ota-onam tiynatidan izlaganman: ikkisi ham xalq og‘zaki ijodini puxta bilgan, ayniqsa, uzun qish kechalarida onam aytgan ertak, matallar, qo‘shiqlar hali ham qulog‘imda jarang sochib turadi. Bilasizmi, yaqinda Hamid Olimjonning shajarasini tuzishgan ekan, o‘qib hayratdan qotib qoldim: bizlar qarindosh ekanmiz, uning onasi Komila buvi xolamiz ekan. Biroq bu haqda Sharof akam hech qachon menga aytmagan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni Jizzax viloyatida bo‘lib, Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonlarini barpo etish loyihalari bilan tanishgani, ularning ijodiy maktablarini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar bergani haqida matbuotda o‘qib, shularni esladim.
Akam g‘oyat iste’dodli edi. Katta zavq va ilhom bilan ishlardi. Respublika rahbari shuncha davlat ishidan, kamiga barcha viloyat-u tumanlararo qanchadan-qancha xo‘jalik rahbarlari bilan yarim tunga qadar ovoznigor-munoqasha (radiopereklichka) orqali musohabalar o‘tkazishdan ortib uyiga qaytgach, tonggacha yozardi. Ba’zida men uning yonida dars tayyorlab, pinakka ketardim. Uyg‘onganimda, quyosh bo‘y ko‘rsatgan, akam hamon yozayotgan bo‘lardi.

Sharof Rashidov vafotidan so‘ng ayrim «yozuvchi»lar unga tuhmat qilib, «millat otasi asarlarini o‘zi yozmagan», deyishgacha bordi. Men bir adabiyotshunos va uka sifatida uning ilk ijodidan to so‘nggi yirik asari – “Dil amri”gacha muntazam ravishda kuzatib, tahlil va tadqiq etib borganman. Barcha qo‘lyozmasi-yu dastxatlarining turli nusxalarini (ular to‘la saqlanmoqda) ko‘zdan kechirganman. Sharof Rashidov birgina “Kashmir qo‘shig‘i” qissasi bilan ham o‘zbek adabiyoti tarixida umrbod qolishga haqlidir. Bu asar dunyoning 56 tiliga o‘girilganining o‘zi barchasini anglatib turibdi.

Sharof akam meni adabiyotdagi og‘ir mehnat – tarjimaga undagan, bu borada hamisha maslahat va o‘gitlar bergan. Bugun kitob javonimni qarasam, tarjima qilgan asarlarim nashrlari ikki-uch qator bo‘libdi. Shular sabab buyuk adib Chingiz Aytmatov olamini yaqindan tanidim, uning qahramonlari bilan yashadim.

– Sharof Rashidovning milliy adabiyotimiz rivojidagi xizmatlari yana qaysi jihatlarda namoyon bo‘ladi?
– Avvalo, ijodkorlarning boshini silaganida, ularning badiiy ijod bilan shug‘ullanishi uchun imkon qadar shart-sharoit yaratib berganida. Va, albatta, ularning og‘ir kunlarida doimo yonida turganidadir.
Akam adabiyotimizda «yilt» etgan iste’dodni ko‘rsa, izlab topardi, uning katta davralarga chiqishiga yo‘l ochardi. Yosh ijodkorlar asarlarini doimiy o‘qib borar, ularga qo‘ng‘iroq qilib tabriklar, suhbatga chorlar edi. Bir misol: Sharof Rashidov Sirdaryoga borganda, viloyat gazetasida 10-sinf o‘quvchisi Halima Xudoyberdievaning she’rlarini o‘qib qoladi, so‘ng o‘sha erdagi mahalliy rahbarlarga «shu qiz bu yil Toshkentdagi institutga o‘qishga borishi kerak, otasi bilan gaplashinglar», deb topshiriq beradi. Keyin ham Halimaning ijodini muntazam kuzatib borib, amaliy yordam beradi. Uning she’riy to‘plamini Moskvada nashr qildiradi. Natijada o‘zbek adabiyoti yana bir iste’dodli shoirani kashf qildi.

– Ko‘p yillar jurnalistika sohasida ishlagansiz. Bu borada akangiz ustoz bo‘lgani shubhasiz. Bosh muharrir Sharof Rashidov maktabining o‘ziga xosligi nimada?
– Avvalo, jurnalistikaning «qora mehnati»dan qochmaslikda: akam hozirgi “Zarafshon” va “O‘zbekiston ovozi” gazetalarida bosh muharrir bo‘lib ishlaganda, gazeta chop etish texnikasining barcha sir-asrorini puxta o‘zlashtirgan, barcha jarayonga bevosita rahbarlik qilgan. Deylik, barcha sahifani kamida to‘rt bor o‘qib, tahrir qilardi. Erinmasdi. Keyin tahririyatda ichki muhitni hamisha sog‘lom holda ushlagan, katta-kichik xodimning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lib ketgan edi.

– Aspiranturada o‘qigan vaqtingizdayoq akangiz O‘zbekistonning birinchi rahbari bo‘lgan. Sharof Rashidovning ukasi bo‘lish sizga imtiyoz edimi?
– Albatta, munosabatlarda sezilgan, biroq akamning hurmati uchun menga taklif etilgan yengilliklardan hamisha yuz o‘girganman. Ayniqsa, kimdir men orqali akam bilan bog‘lanib biror ishini bitirishiga yo‘l qo‘ymaganman. Chunki akamning o‘zi menga shunday tarbiya bergan.
Nomzodlik dissertasiyamni himoya qilganimdan so‘ng, akam Moskvaga ish bilan borganda, fan nomzodi darajasini olganim haqidagi guvohnomani olib, menga jo‘natgan, unga bir enlik maktub ilova qilingandi. Men uchun eng qadrli yodgorliklardan biri bo‘lmish bu maktubda shunday so‘zlar bor:

“Ukam Asiljon! Doktorlik ishingga zafar tilayman. Adabiyotimizda ishchi obrazi, mehnat tasvirini ishlashdan ham savobli ish bormi? Hamisha sihat-salomat bo‘lgin! Hamisha ishing barakali bo‘laversin!
Hurmat va ehtirom bilan akang. 21. VII. 1981 y.”.

Respublika birinchi rahbarining ukasi bo‘lsam ham na mashinam, na dala hovlim, hatto velosipedim ham bo‘lmagan. Albatta, zarurat yuzasidan bularni so‘raganman, ammo akamdan ruxsat tegmagan. Hatto meni yuqoriroq lavozimlarga ishga taklif etganlarida, rozilik bermagan.

Akam qanchalik to‘g‘ri va oqilona yo‘l tutganini uning vafotidan keyin bildim: “rashidovchilik” degan bo‘hton o‘ylab topilganda meni ham so‘roqqa chaqirishgan, biroq hech qanday ayb topa olishmagan. Hatto ularning boshi ham qotganki, «Rashidovning ukasi bo‘la turib nega buncha oddiy yashaysiz?»...

– Sharof Rashidov dunyodan ko‘z yumganida, avvalo, o‘zi umr bo‘yi himoya qilgan, sodiq bo‘lib xizmat qilgan tuzum unga xiyonat qilgan, xotirasini tahqirlab, qabrini ko‘chirgan. Bu mash’um voqea qanday yuz bergan?
– Dastlab qarindosh-urug‘lar bilan kengashib, marhum akamning ona yurti – Jizzaxga dafn etilishini istagandik. Biroq murojaatlarimiz havoga uchdi.
So‘ng odamlar erta-kech qo‘lida gul ko‘tarib, poytaxtimiz markazidagi Sharof Rashidov qabriga oqib kela boshladi, uzoq-uzoq qishloqlardan chol-kampirlar kelib, tilovat qilar edi. So‘ng «rashidovchilik»ni o‘ylab topganlar uning qabrini ko‘chirish taraddudiga tushdi. Sobiq markazning Sharof Rashidov qabri bilan ishi bo‘lmagan.

1987 yil 25 fevraldan 26 fevralga o‘tar kechasi. Soat 2 dan keyin odamlar shirin uyquda mahali akamning qabrini qurolli askarlar o‘rab olgan... Qo‘ying, u yog‘ini gapirmay qo‘ya qolay... Eslash og‘ir, juda og‘ir...
Keyinchalik atoqli shoirimiz Muhammad Yusuf bu haqda bir she’r yozdi. Unda mana bu satrlar bor:
Sizni alqaganlar bir xalq, bir dengiz,
Sizni qarg‘aganlar – jo‘ralaringiz,
Sizni ado qilgan to‘ralaringiz,
Bizdan rozi bo‘ling, ruhi notinch zot!..

Men bu tarix haqiqatlari haqida «Akam haqida» kitobimda batafsil yozganman. Yaqinda bu asarni to‘ldirib, qayta nashrga tayyorladik.
Yagona taskin: adolat va haqiqatning qaror topgani, Vatanimizning mustaqillikka erishgani, tom ma’noda xalqimiz o‘z taqdirini o‘zi hal qilish imkoniga ega bo‘lganidadir. Qaniydi, akam hayotga yana qaytib, hozirgi ozod va obod O‘zbekistonimizni, o‘zligini anglab olgan xalqimizni bir ko‘rsa edi...

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Sharof Rashidovga shunday yuksak e’zoz-ehtirom ko‘rsatilayotganidan, aminman, akamning ruhi shod bo‘lmoqda. Istagim – kelgusi avlodlar ham tariximizga xolis baho bersa. Zero, Sharof Rashidov fojiasi – bir shaxsning qismati emas, balki davr fojiasi, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «biz yaqin tariximizda kechgan ana shunday ayanchli voqealar misolida mustaqilligimizning ahamiyati va mohiyatini, qadr-qimmatini yanada teran anglab etishimiz, uni har qanday yovuz kuchlardan himoya qilishga doimo tayyor turishimiz shart».
Bularning bari asrlarga tatigulik saboqdir.

Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Respublika 1-rahbarining ukasi bo‘lsam ham na mashinam, na dala hovlim, hatto velosipedim ham bo‘lmagan"