00:27 / 29.08.2017
4 913

Shaxsiy tajriba: Tailandda ikkita biznes ochganim haqida

Shaxsiy tajriba: Tailandda ikkita biznes ochganim haqida
“Suvga uloqtirishsin – suzishni o‘rganib olaman”,– Tailandda biznes ochish qarorini o‘zbekistonlik Vladislav Lorens mana shunday izohlaydi. Pattayada yetti yillik biznes tajribasi, sayyohlik kompaniyasi va rieltorlik agentligi ishini yo‘lga qo‘ygan – hamyurtimiz o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Sayyohlik sohasidagi inqirozlar va xavfsizlikka turli tahdidlar bo‘lishiga qaramay, 2016 yilda sayyohlar 1,235 mlrd marta xalqaro safarlar uyushtirdilar, bu 2015 yildagiga qaraganda 46 mln.ga ko‘pdir (BMT Jahon sayyohlik tashkiloti hisobotidan).

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga sayyohlar qiziqishlari yil sayin ortib bormoqda, bu mintaqadagi eng mashhur yo‘nalishlar – Bangkok, Samuy, Pxuket va Pattayyadir. Tailanddagi sayyohlik, hayot va biznes yuritish to‘g‘risida tabassumlar o‘lkasida yetti yildan ziyod istiqomat qilib kelayotgan toshkentlik Vladislav Lorens so‘zlab berdi.

– Tailandda ish yuritishning o‘ziga xosliklari nimada?

–Tailandda birorta chet ellik biznesga 100% egalik qila olmaydi. Ko‘pi bilan 49% ulush unga, qolgani mahalliy aholi vakiliniki bo‘lishi lozim. Lekin bu rasmiyatchilikka ko‘p ham rioya etilavermaydi. Qolaversa, innovatsiyaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, unga o‘xshashlari Tailandda bo‘lmasa, chet el fuqarosiga 100% egalik huquqi berilishi ko‘zda tutilgan. Soliq imtiyozlari beriladi, davlat ayniqsa faol rivojlantirayotgan ba’zi mintaqalarda qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi.

Negadir, Tailandni uchinchi dunyo mamlakatlari qatoriga qo‘shishadi, aslida bunday emas. Xalqaro inqiroz davrida tay valyutasi atigi 1 batga qadrsizlandi (1 dollar taxminan 33,3 bat turardi, inqiroz davrida 35 batga ko‘tarildi). Hozirda kurs 34 bat darajasiga tushdi va barqaror saqlanib turibdi, bu iqtisodiyotning kuchli ekanligini ko‘rsatadi. Bu mamlakatning qishloq xo‘jaligiga asoslanganligi bilan ham bog‘liq – aholining 59 foizi agrar sohada faoliyat yuritadi.

Tailandda fremerlar uchun foizsiz kreditlar beriladi, eng qimmat kreditlar avtomobil sotib olish uchun taqdim etiladi – yillik 3%. Banklar va davlat tomonidan dotatsiyalar ancha kuchli rivojlangan. Bundan tashqari, elektronika ishlab chiqarish rivojlangan. Ko‘pchilik Tailandni sayyohlik mamlakati deb hisoblasa-da, turizm YaIMda katta ulushga ega emas.

O‘zbekistonda biznes yuritishga urinib ko‘rgan bo‘lsangiz, Tailandda bemalol ish ocha olasiz. Biznes uchun hech qanday to‘siq yo‘q, soliq siyosati juda yumshoq. Agar biznesni qonunan yuritsangiz, davlat tomonidan birorta e’tiroz bo‘lmaydi. Tanishimda shunday voqea bo‘lgandi: soliq inspektorlari uning korxonasida norasmiy ishlayotgan bir xodimni aniqlashadi. Ular-ku, biror chora ko‘rishga haqlari yo‘q – bu ularning vakolat doirasiga kirmaydi, lekin migratsiya xizmatiga xabar berishlarini aytishgan. Do‘stim hujjatlarni ochib, davlatga to‘lagan soliqlarini ko‘rsatgan. Shunda soliqchilar qonunbuzarlikka ko‘z yumib, bu xodimni yo rasmiylashtiring, yoki ishdan bo‘shating, deya chiqib ketishgan. Tushunish bilan yondashganlariga (aslida Tailandda ham korrupsiya mavjud) sabab – korxona soliqlarni og‘ishmay to‘lab borayotganligi bo‘lgan.

– Biznesni ro‘yxatga olish qanday kechadi?

– Bu kompaniya faoliyatiga bog‘liq, umumlashtirib aytib bo‘lmaydi. Agar kimgadir bu masala qiziq bo‘lsa, menga yozishsin – aniq faktlar asosida tushuntirib beraman. Tadbirkor hujjatlarni mustaqil tayyorlamaydi, bu bilan yuristlar shug‘ullanadi. Yurist summani aytadi va rasmiylashtirish jarayoni boshlanadi. Ishchi viza, misol uchun, 2500 dollargacha turadi, bu ham yuristga bog‘liq.

– Toshkentdan nega ketgandingiz? Hozir nima bilan shug‘ullanasiz?

– Aslida sayyohlik biznesi bilan shug‘ullanaman, keyingi ikki yilda ko‘chmas mulk bozorida ham faoliyat yurityapman. Pattaya Tours kompaniyasi ichki sayyohlik (qabul) sohasida ishlaydi, Pattaya Elite esa, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi va boshqaruviga ixtisoslashgan. Bu – investitsiyalar nuqtai nazaridan eng jozibali biznes sanaladi. Uning nozik tomonlarini o‘rganib olishda menga qurilish kompaniyalaridagi do‘stlar va tanishlar yordam berishdi.

Tailandga 2010 yilning yanvarida keldim, o‘shanda Toshkentda erishadiganimga erishib bo‘lganimni his qilgandim – Milliy universitetning jurnalistika fakultetini bitirgach, sahifalovchilikdan “Texnologii i dizayn” jurnalining bosh muharriri lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim. O‘zim uchun Toshkentda istiqbol ko‘rmadim, hatto, u yog‘iga nima bilan shug‘ullanishni istashimni bilmasdim… Oyligim yaxshi edi, hayotim – quvnoq, lekin kelajagim qanday? Ketishga astoydil ahd qildim. “Suvga uloqtirishsa, suzib ketaman” degan qarorga keldim.

Boshida biznesim daromad keltirmadi, faqat saytdagi reklamadan pul tushardi. U paytlarda gid bo‘lib ishlardim, ekskursiyalar uyushtirardim. Kelishimdan oldin 45 nafar odam oldida turib, mikrofonda so‘zlaysan, deyishsa ishonmagan bo‘lardim. Har qalay, ko‘pchilikning salobati bosadi… lekin hayot majbur qilgach, ishlay boshladim. Pattaya Tours dastlabki pichoqqa ilinadigan daromadni yarim yildan keyin keltira boshladi. Pattaya Elite bu yil xarajatlarni to‘liq qoplaydi, deb umid qilaman.

– Tailandda sayyohlik sohasida yangi biznes ochishdan ma’no qoldimi, kimlarga mo‘ljal qilsa bo‘ladi?

– Tashiklotchi bo‘lsangiz, yutqazmaysiz. Masalan, bu yerga kelib, sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish mumkin – bir, ikki, uch kunlik turlar. Sayyohlik maskanlari ko‘p, bu ish ancha foyda keltiradi. To‘g‘ri, sohada raqobat kuchli, dastlabki yarim yil rosa pul qilib olasiz. Keyin esa, mualliflik dasturingizni kimdir ko‘chirib oladi va siz uchun raqobatchi paydo bo‘ladi.

Servisimizning ajralib turuvchi jihatini bugungi kunda barcha raqobatchilarimiz o‘zlashtirib oldi. Buyurtma masofadan turib rasmiylashtiriladi, ish haqi ekskursiya paytida to‘lanadi. Agar agar sayyohlar biror dasturga kelishmasa, pul yo‘qotmaydilar (gidlardan ekskursiya xarid qilganda shunday bo‘ladi). Shiorimiz: “Arzonrog‘ini topsangiz – o‘sha narxda xizmat ko‘rsatamiz”. Turlarimizning narxi 10 dollar (350 bat)dan 700 dollargacha bo‘lishi mumkin, lekin ular qo‘shni mamlakatlarga chiqish yoki individual dasturlar bo‘ladi.

– Auditoriyani jalb qilish uchun nimalardan foydalanasiz?

– Kompaniyalarimning saytlari, mazmunan bog‘langan bo‘lmasa ham, mantiqan yondosh hisoblanadi – mustaqil safarga otlangan sayyoh ijaraga turar joy qidiradi, keyin sayyohlik firmalari xizmatlaridan foydalanadi. Lekin, eng ko‘p murojaatlar Facebook va qidiruv saytlaridagi reklama orqali kelib tushadi.

– Tailandning sizga yoqqan va yoqmagan jihatlari? U yerdagi hayot tarzi qanday?

– Tailandga kelgan ko‘pgina sayyohlar bu yerdagi o‘zgacha hid va sanitariyaga zid holatlar haqida gapiradilar… Menga qolsa, go‘zallik boquvchining nigohlaridadir, deyman.

Yoqmagan jihatlari… balki bu taylarning ishga munosabatidir. Tailandliklar juda sekin ishlashadi. Ularga nisbatan olganda, biz anchayin mehnatsevar va tezkormiz, ishdan qochmaymiz. Taylarda “sabay” degan tushuncha bor, u dinga bog‘liq atama. Tarjimasi “baxtli” bo‘ladi, lekin “tinim”, “osudalik” so‘zlariga yaqinroq ma’noga ega – taylar uchun baxt – bu “qayg‘u”ning teskarisi emas, balki osudalikdir. Badavlat hayot kechirish – bu sabay emas. Dengizni tomosha qilib o‘tirish, yoqimli shabadadan lazzatlanish – mana shu haqiqiy sabay. Hammasi tinch, yaxshi, osuda bo‘lsa, “sabay-sabay” deydilar. Misol uchun, taksichiga paketni biror joyga yetkazib berishni so‘rab, buning uchun 10 dollar berishingizni aytsangiz, 10 daqiqagina vaqti ketadigan bo‘lsa ham, u ko‘nmaydi. “Yo‘q, kun issiq, istamayman”,– deya palma ostida yonboshlaydi. Lekin unga: “Ketdik, birga tashlab kelaylik”,– desangiz, u boradi. Narx o‘sha-o‘sha, lekin u ko‘nadi. Tailandlik uchun sabay – mana shu.

– Tailandga keladigan sayyohlarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Eng asosiysi – tabassum qiling, ovozingizni balandlatmang va aldamchilikni kutmang. Savdolashish mumkin – bu sayyohlik mamlakati, lekin aldash… Tailanda bu qabul qilinmagan (lekin o‘ta ishonuvchanlik ham ketmaydi). Safardan oldin mahalliy taomlar haqida ma’lumotga ega bo‘ling, kichkinagina so‘zlashgich ovolsangiz ham bo‘ladi.

Tailandliklar juda mehmonnavoz, doim jilmayib turadilar – sayyohlarga bu juda ma’qul keladi. Muammolar tug‘ilmaydi, chunki aholi juda odamshavanda, sayyohlarga munosabat juda yuqori darajada. Yetti yildan ziyod shu yerda bo‘lgan bo‘lsam, mahalliy aholi bilan biror marta mojaroli vaziyat ro‘y bermadi. Tailandlikning jahlini chiqarish juda qiyin, lekin ovozni balandlatish haqorat sanaladi. Taylar baqiradigan odam akillayotgan it kabidir, deydilar. Darvoqe, Tailandlarda itlarni haydashmaydi, ular yo‘l o‘rtasida ham yotaveradilar, aylanib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi.

Quyoshdan ehtiyot bo‘lish kerak, ayniqsa 12:00dan 15:00gacha chorak soatdayoq jizg‘inak bo‘lib qolish mumkin. Kelgan kuniyoq qisqichbaqadek qip-qizil bo‘lib qoladigan sayyohlar tailandliklarni hayratga soladi.

Shunday madaniy xususiyat bor: agar teringiz oqish bo‘lsa, sizga go‘zallik namunasidek qarashadi (ayniqsa sayyohlik yo‘nalishlari o‘tmagan qishloqlarda), bo‘yingiz yoki belingiz aylanasi mutlaqo ahamiyatsiz. Buning sababi shundaki, qadimda podshoh oilasi saroylarda yashagan va bot-bot oppoq terilaridan “nur taratib”, o‘z fuqarolari oldiga chiqishgan. Terisining oqligi tufayli chet elliklar an’anaviy ravishda ijtimoiy jihatdan yuqori martabali deb sanalgan. To‘g‘ri, oxirgi paytlarga kelib bu qarashlar o‘zgarmoqda, chunki sayyohlar unchalik ham “oliy inson” emasliklarini ko‘rsatib qo‘ymoqdalar.

– Ko‘chib borganingizda moslashish qiyin kechmadimi?

– Til bilishda qiynaldim. Tay tili – butunlay boshqacha til guruhiga oid. Tailand ingliz tilisini tushunish uchun uch oy ketdi. Meni taylar Vlas deb chaqirishadi, Vladislav deyish ular uchun talaffuz qilib bo‘lmas daraja murakkab ism sanaladi, xuddi ularning ismlarini aytishda biz qiynalganimiz kabi.

– Fikringizcha, O‘zbekistonda shunga o‘xshash loyihalarni ishga tushirish osonroq bo‘larmidi yoki qiyinroqmi?


– Bu savolga keyingi yil, Vatanimizda sayyohlik sohasida o‘zimni sinab ko‘rganimdan keyin javob bera olaman. O‘zbekistonda sayyohlikni rivojlantirish qiziqroq. Bizda ko‘plab diqqatga sazovor joylar va istiqbolli yo‘nalishlar mavjud. Bu borada men bir qancha g‘oyalarni pishitib qo‘yganman.

Manba: Kommersant.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shaxsiy tajriba: Tailandda ikkita biznes ochganim haqida