date

Samarqandni larzaga solgan fojia: tirik ko‘milgan ayol!

Samarqandni larzaga solgan fojia: tirik ko‘milgan ayol!

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida vujudga kelgan dahshatli holat jamoatchilikni larzaga soldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, mahalliy fuqaro Ahtam Narziyev (ism o‘zgartirilgan) homilador turmush o‘rtog‘ini tiriklay chuqurga ko‘mgan. “Daryo” muxbiri mazkur ish bo‘yicha sud materiallarini o‘rgandi.

Ma’lumotlarga qaraganda, 1995 yilda tug‘ilgan Narziyev ilgari uch marotaba sudlangan bo‘lib, 2019 yilda E’tibor Elbekova bilan rasman turmush qurgan. Oilada uch nafar farzand tarbiyalanayotgan edi. Biroq ular o‘rtasidagi munosabatlar tez-tez janjallar va zo‘ravonliklar bilan kechgan.

2021 yil aprel oyining boshlarida Ahtam uyga mast holda kirib kelib, navbatdagi mojaroga sababchi bo‘lgan. U ayolini urib, jarohat yetkazganidan so‘ng, uni uyning orqa tomorqasiga olib chiqib, qo‘liga belkurak tutqazgan va “chuqur qaz” deb buyruq bergan. E’tibor homiladorligini aytsa ham, erning qattiq tahdidlaridan so‘ng taxminan to‘rt soat davomida ikki metr chuqur qazishga majbur bo‘lgan.

Shundan keyin er ayolini chiqarib olish o‘rniga bo‘ynigacha tuproq tashlab, ustiga “Jiguli” avtomashinasini qo‘yib qo‘ygan. Ayol uch kun davomida suv va ovqatsiz holdan qolib, hushidan ketgan.

E’tiborning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini uy ichida hushiga kelgan holda topgan. Ammo turmush o‘rtog‘i uni yana urib, yana chuqurni ko‘mishga majburlagan. Hatto u itini sellofan bilan bo‘g‘ib, pichoqlagan va “agar aytganimni qilmasang, sening ahvoling ham shunday bo‘ladi” deb tahdid qilgan.

“Men qo‘rqqanimdan jim turdim. Bolalarim uchun bu haqda hech kimga aytolmadim”, — degan u ko‘z yoshi bilan suddagi ko‘rsatmasi davomida.

Zo‘ravonlikdan charchagan ayol 2025 yil 2 fevralda navbatdagi janjaldan so‘ng tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Sud jarayonida u moddiy da’vo bildirmaganini va faqat hayoti xavfsizligi uchun chora ko‘rishni so‘raganini aytgan.

Ayblanuvchi esa aybini tan olib, pushaymonligini bildirgan hamda ozodlikdan mahrum etilmaslikni iltimos qilgan. Biroq sud uni Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari va 112-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybli deb topib, 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Hukmga ko‘ra, jazo qattiq tartibli koloniyada o‘taladi. Bu ish oilaviy zo‘ravonlikning nechog‘li og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandni larzaga solgan fojia: tirik ko‘milgan ayol!