Toshkent metrosida yigitlarga prank tashkil etgan qozog‘istonlik mashhur bloger atrofidagi voqea katta jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Olmaota shahri politsiyasi ma’lumot berishicha, mazkur ish rasman sudga oshirilgan.
Qayd etilishicha, bloger ijtimoiy tarmoqlarda jamoat joylaridagi odobsiz xatti-harakatlari aks etgan videolarni joylashtirgan. Videolarda u metrodagi yo‘lovchilarga ataylab tegajog‘lik qilgani va bu holatni telefon kamerasi orqali suratga olgani ko‘rsatilgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, bu holat “mayda bezorilik” moddasi bo‘yicha ma’muriy ish sifatida qayd etilgan. Hozirda materiallar sudga yuborilib, blogerning qilmishiga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Olmaota shahar politsiyasi bayonotida qayd etilishicha, “Fuqaro A.” nomi bilan tilga olingan qiz avval ham shunga o‘xshash axloqqa zid xatti-harakatlar sodir etgan. Shu sababli unga nisbatan profilaktik suhbat o‘tkazilgan, biroq u oldingi xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan va yana shu yo‘lni davom ettirgan.
Huquq-tartibot organlari ta’kidlaganidek, bunday turdagi xatti-harakatlar jamoat axloqiga hurmatsizlik ifodasi bo‘lib, axloqiy me’yorlar va jamoat tartibini buzish hisoblanadi. Politsiyaning bayonotida shunday deyiladi: “Jamoat joylarida axloqsiz, provokatsion yoki sha’nni kamsituvchi xatti-harakatlarning har qanday ko‘rinishi qonun asosida javobgarlikka sabab bo‘ladi”.
Bu holat jamoatchilik orasida ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar blogerning bu qilmishini keskin qoralab, ijtimoiy tarmoqlarda jamoat joylaridagi odob-axloqni buzish holatlariga nisbatan qattiq choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Ayrimlar esa bu kabi “kontent” orqali blogerlar diqqat markazida bo‘lish uchun me’yordan ortiq xatarli harakatlarga qo‘l urayotganini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, bu bloger avval ham shov-shuvga sabab bo‘lgan — u Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘zini tiriklayin qabr ichiga ko‘mdirib, jonli efir olib borgan edi. Video internetda tarqalgandan so‘ng ko‘pchilik uning xatti-harakatini qoralab chiqqan va bu holat politsiya e’tiboriga tushgan. Olmaota shahar politsiyasi o‘shanda ham tekshiruv boshlanganini va qonun doirasida chora ko‘rilishini ma’lum qilgan edi.
Mazkur voqea ortidan mutaxassislar yoshlar orasida “layk orttirish” va shov-shuvli kontent orqali mashhurlikka erishish tendensiyasi xavfli tus olayotganini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, bunday “prank”lar axloqiy me’yorlarni yemirib, jamoat tartibiga putur yetkazishi mumkin.
Hozirda ish sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Ekspertlar fikricha, bu holat blogerlik sohasidagi mas’uliyat haqida keng jamoatchilik uchun ham katta dars bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!