20:53 / 02.12.2017
12 050

«Xiyonatkor erimning taqdiriga achinaman»

«Xiyonatkor erimning taqdiriga achinaman»
— Sobiq turmush o‘rtog‘im bilan qo‘shnimiz orqali tanishgandik. To‘g‘rirog‘i, qo‘shnim ularga meni tavsiya qilgan. O‘z navbatida bizga ham kuyov tomonni maqtashgandi. Uchrashdik, bir-birimizga ma’qul bo‘ldik va to‘yimiz o‘tdi. To‘ydan so‘ng bir oy o‘tar-o‘tmas, erimga qizlar qo‘ng‘iroq qilayotganini sezib qoldim.
— Uylanmasimdan oldin gaplashgan qizlarim, — dedi pinagini buzmay izoh berarkan erim. — «Nega menga uylanmadingiz?» deyishyapti.
Bu gapdan so‘ng nima deyishni bilmay, dardim ichimda qoldi. Erim avval berkitib gaplashgan bo‘lsa, endilikda yonimda ham bemalol hiringlashib o‘tirardi. O‘zimni xo‘rlangan, haqoratlangandek his qilardim, biroq janjal qilishga botinolmasdim.
Eng yomoni, o‘zimni beparvo tutishga harakat qilsam-da, baribir, achchig‘im chiqayotgani, rashk qilayotganim sezilardi, shekilli, erim jahlimni chiqarardi:
— Jahl qilmang, yaxshi qiz. Bular shunchaki telefondagi o‘yin, bu o‘yin menga zavq beradi, xolos. Nahotki shunga ham aqlingiz yetmayotgan bo‘lsa?
Bora-bora bunaqa gaplar va g‘idi-bidi aytishuvlar tez-tez takrorlanadigan bo‘ldi. Shuning uchun uzoq o‘ylab, dardimni qaynonamga aytdim:
— O‘g‘lingizni urishib qo‘ying. Mening ko‘z oldimda qizlar bilan gaplashadi.
Qaynonam esa pinagini ham buzmay: «Hech narsa qilmaydi. Ertaga bolali bo‘lsin, bu qilmishlari qolib ketadi. Shukr qiling, sizdan hech narsani yashirmaydi. Odamlarning eriga o‘xshab, ortingizdan xiyonat qilib yurmaydi. Shundan bilingki, bolamning qilmishi faqat tilida. Yaxshisi, unga parvo qilmang. Ana shunda tinchiydi-qoladi», dedi.
Bu gap avvaliga jahlimni chiqardi. Keyin o‘ylab, sabrli bo‘lishga va e’tibor bermaslikka qaror qildim. Biroq o‘zimga bergan ovunchim uzoqqa cho‘zilmadi. Ichimda yana gumon bosh ko‘tardi: «Balki, xiyonat ham qilayotgandir? Oldimda shunchalikka boradigan erkak, ko‘zdan chetda nimalar qilmaydi?»
Shunday o‘ylarga borsam-da, qo‘limdan hech nima kelmasdi. Siqila-siqila, o‘g‘limni dunyoga keltirdim. U sog‘lom ko‘rinsa-da, juda kichkina, nimjon va anchagina injiq edi. Tinimsiz yig‘lardi. Tuni bilan uni ko‘ndirish uchun ko‘tarib chiqardim. Qo‘llarim tolib qolganida erimga yalinardim:
— Siz ham ozroq qarashing.
— Uxlagani qo‘yasanmi, yo‘qmi? Ishdan charchab kelganman, o‘zi?
Shu bilan tilimni yutardim. Bola bilan ovora bo‘lib, unga e’tibor qilmabman. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, bir kuni ko‘rpaning tagida telefonda gaplashib yotibdi.
O‘zimni tutib turolmadim va jahl bilan:
— Men hech kim emasdirman! Ammo mana bu go‘dak o‘z bolangiz-ku! Yo telefondagi odam shunchalik azizmi? Insofingiz bormi? — dedim.
Erim shaht bilan turarkan: «Insofim borligi uchun ham bu uyda xotinim bo‘lib yuribsan! Bo‘lmasa, allaqachon telefondagini olib kelardim!» dedi.
Bu gap jon-jonimdan o‘tib ketdi. Bitta bolam bo‘lsa, katta qilib olarman, deya tong otishi bilan ota uyimga ketdim. Hamma gapni onamga aytdim. Onam ham hech narsa deya olmadi. Qaynonam bizni olib ketishga ikki marta keldi. Bildimki, erimning biz bilan ishi yo‘q. Shuning uchun ajrashishga qat’iy qaror qildim. Ikki oy o‘tmay, erim uylanganini eshitib, noto‘g‘ri ish qilmaganimga yana bir karra amin bo‘ldim. Menga bir narsa alam qilardi: «Nega u meni baxtsiz qildi? Nima uchun bolam hali otasini tanimay turib, tirik yetimga aylandi? Menga uylanish nima uchun kerak bo‘ldi?». Bu savollarni har kuni o‘zimga berardim va javobi yo‘q edi bularning. Bolam bir yoshdan oshguncha o‘zimni-o‘zim yeb bitirdim. Axir yigirmaga kirmay eridan ajrashgan ayolga aylandim. Endi taqdirim nima bo‘ladi? Ko‘p o‘ylanganimdan parishon, odamovi bo‘lib qolganim uchun uydagilar xavotirga tusha boshlashdi. Ana shunday kunlarning birida otam:
— Bolangga onang qaraydi. Sen birorta o‘qishga kir, ovunasan, — dedi.
— Shu paytda qanday o‘qish bor ekan? — deya ajablandi onam.
— O‘quv kurslari bor-ku! Hunar o‘rgangani yaxshi emasmi? — dedi otam yanada qat’iylik bilan.
Bu fikr onamga ham yoqdi. Shahar markaziga haftada ikki bor qatnab tikuvchilik va kompyuterdan dars ola boshladim. Kompyuter o‘rgatadigan o‘qituvchimiz yosh va juda sho‘x edi. Birinchi darsdanoq menga laqab qo‘ydi:
— Darsimda qovoqarilar bo‘lsa, dars o‘tolmayman.
— Qanaqa qovoqari?
— Qani? — chug‘urlashdi o‘quvchilar.
Faqat men jim o‘tirardim. U esa menga imo qildi. Hamma yalt etib qaragani uchun qizarib ketdim.
— Qovoqarilar asalariga aylansa, dars boshlaymiz, — u shunday deya stulini doskaga burib, teskari o‘tirib oldi.
Yana hamma menga qaradi. Nima qilishni bilmasdim. Oxiri noiloj dedim:
— Menga parvo qilmay, dars o‘tavering. Aslida, shunaqaman!
U ters o‘tirgan ko‘yi:
— Qovoqari g‘o‘ng‘illayaptimi? — dedi.
Shu payt:
— Hammani o‘ziga qaratishni yaxshi ko‘radiganlarni jinim suymaydi, — dedi mendan oldinda o‘tirgan qiz eshittirib.
Asabim charchagan emasmi, baqirib yubordim:
— Sen meni o‘ziga qaratish uchun shunaqa o‘tiribdi, deb o‘ylayapsanmi?! Men haqimda yana nima bilasan?! Men ko‘rganlarimni sen ko‘rsang, o‘zingni bir balo qilgan bo‘larding!
Ortiq chidolmadim. Yig‘lab, darsdan chiqib ketdim. Shundan so‘ng bu darsga kirmay qo‘ydim. Faqat tikuvchilikka qatnay boshladim. Sezardimki, haligi o‘qituvchi yigit meni kuzatardi. Bir kuni uyimizgacha kuzatib kelganini ham bildim. Odamlar oldida gap-so‘zga qolmay deya, ertasigayoq yoniga bordim-da:
— Meni kuzatishni bas qiling. Gap-so‘zga qolishni istamayman, — dedim.
U esa meni eshitmaganday:
— Nega darsga kirmayapsiz? Axir otangiz o‘qishning uch oylik pulini to‘lagan, — dedi kuyunchaklik bilan.
— Kerak emas! — dedim unga javoban va ortimga burilib, keta boshladim.
U shoshgancha mening yo‘limni to‘sdi:
— Nega buncha g‘amginsiz? Hech bo‘lmasa, shu haqda biror narsa deng. Balki, biror yordamim tegar?!
Uning bu harakatidan achchiqlandim va:
— Sizga nima?! Men bilan ishingiz bo‘lmasin! — dedim-u, jahl bilan chiqib ketdim.
To‘g‘risini aytsam, uning gaplari samimiyga o‘xshasa-da, ishona olmasdim. Xuddi ustimdan kulayotgandek edi. Chunki men ajrashgan ayol, bir farzandning onasiman, u esa uylanmagan yigit.
Shunga qaramay, u meni tinch qo‘yadiganga o‘xshamasdi. Atrofdagining diqqatini tortmaslik uchun ham darsga qatnay boshladim. U har bir darsni qiziqarli o‘tar, kuldirishga, kayfiyatimizni ko‘tarishga harakat qilardi. Ammo faqat men beparvo edim. Keyin esa uning darsida o‘tirgan chog‘imda qo‘l telefonimga «internet» degan yozuv bilan latifalar keladigan bo‘ldi. Shuning uchun buni telefon kompaniyasidan kelayotgandir, deb o‘ylardim.
Bir kuni odatdagiday juda qiziq latifa keldi. Latifani o‘qib, kulib yubordim. Sal o‘tmay, yana xabar keldi: «Chiroyli jilmayar ekansiz. Doim kulib yuring, sizga yarasharkan!» Qo‘rqib ketdim. Bu qanaqasi bo‘ldi? Kimdir meni kuzatib turibdimi? Atrofga alangladim. Uning nigohi menda edi. Nima qilishni bilmay qovog‘imni osib, ekranga termuldim. Yana xabar keldi: «Qovoqari!» U yuboryapti! Lekin qanday qilib? Raqamimni qayerdan olgan? Shundan so‘ng telefonimni o‘chirib qo‘yadigan bo‘ldim. Ammo, baribir, u meni kuldirish yo‘lini topdi. Kompyuterimga set orqali latifa yubora boshladi. Chidolmadim. Darsdan so‘ng hamma ketsa ham o‘tiraverdim. Nihoyat, ikkalamiz yolg‘iz qolgach:
— Meni kechiring, ammo qilayotgan ishingiz asabimga tegyapti. Iltimos, meni tinch qo‘ying! — dedim.
— Birovni xursand qilishga urinish asabga tegishini endi eshityapman! — javob berdi u.
— Jimgina darsingizni o‘ting, shunda xursand bo‘laman.
— Siz xafa o‘tirsangiz, men dars o‘tolmayman.
— Unda boshqa o‘qituvchidan dars olaman. Men bilan o‘yin o‘ynamang, bunaqa gaplarga toqatim yo‘q.
— Siz haqingizda hamma narsani bilaman.
— Bilsangiz, yanayam yaxshi, ana endi meni tinch qo‘yarsiz?
— Qo‘limdan kelmaydi. Menga ishoning, ko‘p marta urinib ko‘rdim, ammo siz mening ongu shuurimni, yurak-yuragimni egallab oldingiz…
Men ortiq chiday olmadim va uning gapini kesib: «Siz hali uylanmagan yigitsiz, men esa… Yaxshisi, gapni shu yerda to‘xtataylik. Sizdan iltimos, meni malomatga qoldirmang!» dedim.
Ana shu gapimdan keyin u qo‘limdan ushlab, to‘xtatdi va: «Kim aytdi meni uylanmagan, deb. Men avval uylanganman. Farzandsizlik tufayli ajrashganmiz. Sizni sevib qolganim barobarida o‘g‘lingizga ham mehrim tushdi. Shuning uchun sizga uylanmoqchiman», dedi.
Uning bu gaplaridan keyin hech narsa deya olmadim…
Ayni vaqtda o‘qituvchimga turmushga chiqqanman. Xudoyimning marhamati bilan yana homiladorman. Bundan erimning boshi osmonda.
Ammo hayotim davomida bir narsaga iqror bo‘ldim: xor qilgan xor bo‘larkan. Eshitishimcha, mendan keyin sobiq erim uylangan bo‘lsa-da, farzandli bo‘la olishmabdi. Uning ustiga, yaqinda o‘sha suygan xotini boshqa birov bilan xorijga ketib qolibdi. Ayni damda u xotinining xiyonatidan bosh ko‘tara olmay, uyga qamalib olganmish.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Xiyonatkor erimning taqdiriga achinaman»