10:27 / 05.12.2017
6 798

Jizzax viloyatining paxta bo‘yicha hisoboti soxta bo‘lgan ekan...

Jizzax viloyatining paxta bo‘yicha hisoboti soxta bo‘lgan ekan...
2017 yil oktyabr oyining oxirida bo‘lib o‘tgan xalq deputlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan edi.

Sessiya ishi tugaganidan bir soat o‘tar-o‘tmas ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar tarqalib ketdi. Uzoq-yaqindagi tanish-bilishlardan “Jizzaxda nima bo‘lgan edi? Hali bir yil bo‘lmasidan hokim ishdan ketibdimi?” mazmunidagi savolli qo‘ng‘iroqlar ko‘paydi.

Ha, viloyat hokimi ishdan ketdi. Vaholanki, 2017 yilda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham keng ko‘lamli islohotlar davom ettirildi, viloyat ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Davlat rahbarining e’tibori, hukumatimiz ko‘rsatgan yordam va albatta, jizzaxliklarning fidokorona mehnati tufayli viloyatni kompleks rivojlantirish borasida juda katta natijalarga erishildi. Yilning to‘qqiz oyida umumiy qiymati 303 milliard so‘mlikdan ziyod 1 ming 800 dan ziyod loyiha amalga oshirildi.

Jizzax shahrini qayta qurish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar bajarildi. Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan qurilish-obodonlashtirish ishlari tufayli eski shahar qiyofasi butunlay o‘zgardi.

Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri ishtirokida o‘tgan sessiyada erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, viloyatda ko‘plab muammolar to‘planib qolgani jiddiy tanqid qilindi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlar talabga javob bermasligi, jumladan, davlatga g‘alla sotish rejasi barbod etilgani alohida ta’kidlandi. Eng achinarlisi, viloyatda ma’lumotlarni soxtalashtirish orqali paxta tayyorlash ko‘rsatkichini bo‘rttirib ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilgan edi.

Sessiyadan bir kun avval, ya’ni 28 oktyabr kuni taqdim etilgan ma’lumotda viloyat bo‘yicha mavsum boshidan buyon 179 ming 907 tonna paxta terib olingani, ya’ni reja 83,44 foizga bajarilgani ko‘rsatilgandi. Sessiyada bu ma’lumot soxta ekani, haqiqatda esa 165 ming 654 tonna, ya’ni yillik rejaning 76,83 foizi miqdorida paxta tayyorlangani qayd etildi.

Mavsum boshidan buyon terilgan paxtaga 14 ming 248 tonna, yillik rajaning deyarli 7 foizi qo‘shib yozilgan. Xuddi shunday kunlik terilgan paxta ham 1 ming 62 tonna o‘rniga 2 ming 9 tonna qilib ko‘rsatilgan, 1 ming 147 tonna yo‘q mahsulot qo‘shilib, ma’lumot soxtalashtirilgan.

Ayon bo‘ladiki, bu shunchaki “kamchiliklarga yo‘l qo‘yish”, degani emas – qo‘shib yozish, ko‘zbo‘yamachilik degani. Bu davlatni, el-yurtni aldash, o‘z oyog‘imizga o‘zimiz tushov solish degani. Taraqqiyotimizni orqaga tortish degani.

Deputatlar viloyat hokimi U.Uzoqovni yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun vazifasidan ozod qilish to‘g‘risidagi taklifni tasdiqlab ovoz berishgani sababi ham shunda.

–Ushbu sessiyada ko‘rilgan masala Prezident rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, mamlakatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar faqat rahbarning emas, balki barcha deputatlarning, hammamizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklashini yana bir bor ko‘rsatdi, – deydi viloyat kengashining yoshi ulug‘ deputati Xidir Shukurov. – Agar biz, barchamiz faol bo‘lsak, befarqlik, loqaydlik qilmasak, qo‘shib yozishdek illatning oldi olingan bo‘lardi. Afsuski, hali bugungi kun talabi, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan olijanob maqsadlarni bajarish darajasida faoliyat ko‘rsatolmayapmiz. Bu voqea bizga jiddiy saboq bo‘ldi.

Qo‘shib yozishning kelib chiqishida asosiy aybdorni aniqlash alohida masala. Biroq, u qanday sodir etilishidan qat’i nazar, birinchi rahbar javob berishi aniq. Masalaga yurtimizda keyingi bir yilda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar nuqtai nazaridan qaralsa, bu voqea boshqa hech bir hududda, hech qachon takrorlanmasligi uchun yaxshigina saboq bo‘ldi.

Viloyat iqtisodiyotini rivojojlantirishda respublika dasturi doirasida amalga oshirlayotgan ishlarning ko‘lami nechog‘li keng bo‘lsa, bevosita mahalliy boshqaruv organlari faoliyati bilan bog‘liq, viloyat iqtisodiyotining, aholi farovonligining muhim qismini tashkil etuvchi vazifalar ham bundan kam emas. Bular orasida bevosita mahalliy taraqqiyot bilan bog‘liq vazifalar, avvalo, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, uning tarkibiy tuzilishini, ayniqsa, boshqaruv uslubini takomilashtirish viloyatning birinchi rahbaridan, uning atrofidagilardan juda katta bilim, malaka, ishbilarmonlik talab etadi.

Qishloq xo‘jaligi, xususan, paxtachilikda kamchilik faqat yig‘im-terim jarayonida sodir etilgan qo‘shib yozishdan iborat emas. Paxtachilikda sobiq tuzum davridan meros qolgan nuqsonlar shu holatga olib keldi.

Bu yil viloyat davlatga paxta sotish rejasini bajarolmasligi mumkin, degan hadik yig‘im-terim boshlanishidan ancha avval paydo bo‘lgan edi. Chigit ekish, g‘o‘za parvarishi davrlarida yo‘l qo‘yilgan qo‘pol kamchiliklar hosilning mo‘ljaldan ancha kam bo‘lishiga zamin yaratdi. Masalan, avgust oyi oxirlarida Mirzacho‘l, Do‘stlik, Paxtakor tumanlari dalalarida g‘o‘za odam bo‘yi g‘ovlab ketgan edi.

Dehqon hech qachon o‘z zarariga ishlamaydi. Shunday ekan, oddiy agrotexnika talablari nega buzildi? Dehqonchilikdan ozroq xabari bo‘lgan kishiga me’yoridan ortiq darajada suvga bo‘ktirilgan g‘o‘za hosil bermasligi ayon bo‘lishi kerak-ku!?

Bugun bu hol chigit ekish, g‘o‘za parvarishi kabi agrotexnik tadbirlarga mahalliy boshqaruv organlarining tushunib-tushunmay aralashuvi natijasida sodir bo‘lgani ham aytilmoqda. Bu gapda ham jon bo‘lishi mumkin. Darhaqiqat, g‘o‘zani g‘ovlatib, hosil ololmagan fermerlar orasida hokimiyat vakili “g‘o‘zani bugun sug‘ormasang, grafikni buzganing uchun yering tortib olinadi”, deb tepasida o‘dag‘aylab turgani uchun bila turib xatoga yo‘l qo‘yganlar ham bor.

Bu sobiq tuzum davridan meros qolgan qishloq xo‘jaligini boshqarishning ma’muriy buyruqbozlik usuli Jizzax viloyatida joriy yilda ham davom etganini tasdiqlaydi. Viloyat rahbari bu kamchiliklarning oldini olish choralarini paxta yetishtirishning dastlabki davridayoq ko‘rishi kerak edi. Biroq, kuch va imkoniyatlar yetarli bo‘lishiga qaramay, kutilgan o‘zgarishlar amalga oshirilmadi. Oqibatda qishloq xo‘jaligini boshqarishdagi eskicha usul pand berdi.

Sobiq tuzum davrida qo‘shib yozishga markazning zug‘umidan qutulish chorasi sifatida qaralgan. Xo‘sh, bugun-chi?! Bugun u kimga, nimaga kerak? Davlat o‘zimizniki, boyliklarimiz xalqimizniki bo‘lsa, kimni aldaymiz? Nega aldaymiz?

O‘zAning xabariga ko‘ra, bugungi kunda paxtachilikda ham, boshqa sohalarda ham kamchiliklar, barcha muammoli masalalar deputatlar, faollar tomonidan batafsil muhokama etilib, amalga oshiriladigan ishlar belgilab olingan. Bunday voqea boshqa takrorlanmasligi choralari ko‘rilgan.

Bunday achinarli voqealar onda-sonda bo‘lsa-da, sodir etilayotgan ekan, biz barchamiz unga nisbatan murosasiz bo‘lishimiz darkor. Uning oldini olish, el-yurtimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan tub islohotlarga, taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan loqaydlik, beparvolik, o‘zibo‘larchilik, korrupsiya kabi illatlarga beayov bo‘lishimiz kerak.

Xulosa qilib aytganda, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, eng muhim vazifamiz – mamlakatimizda tinchlik va farovonlikni mustahkamlash, xalqimizni hayotdan rozi qilishdan iborat. Buning uchun el-yurtimiz, avvalo, rahbarlarning faoliyatidan mamnun bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir rahbar o‘z sohasidagi ishlarning ahvoli uchun shaxsan o‘zi javob berishi zarur.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jizzax viloyatining paxta bo‘yicha hisoboti soxta bo‘lgan ekan...