Menimcha 99 foiz hokimlar shunday o‘ylaydi: o‘zbekni urib-so‘kmasang ishlamaydi. Ursang eti, so‘ksang beti qotadi, deganlaridek, so‘kong‘ich, urong‘ich boshliqning qo‘l ostida faqat «bez»lar ishlaydi. Ursang ham, so‘ksang ham farqi yo‘q: haromi deysanmi, gadoy deysanmi, onasini so‘kasanmi – pinagini buzmaydi. Ja-a bo‘lsa so‘kishni eshitib, tepkini yeb, o‘z idorasiga boradiyu qo‘l ostidagilarni xumoridan chiqqunicha urib-kaltaklaydi, so‘kib-haqoratlaydi – biru bir. Telefon degan «balo» chiqdiyu kunda kunora o‘shanday rahbarlarning qiliqlari ommaga oshkor bo‘lib, o‘zbek hokimlarining asl basharasi ochilib qolayapti.
Aslida rostdan ham o‘zbek tepkisiz qimirlamaydimi? Keling, eng ko‘p so‘kish eshitayotgan fermerlar va ta’lim sohasi vakillari haqida ozgina mushohada yuritsak. Dadam uzoq yillar tuman gazetasida ishlagan, Do‘stlik tumanining past-balandidan boxabar odam. Dadamning aytishicha, bir paytlar fermerlar uchun dorilamon zamonlar bo‘lgan. Hamma pul hisobiga tushgan, yiqqan-tergani o‘ziniki bo‘lgan. Ammo puli ko‘paygandan keyin ularning juda ko‘pchiligi o‘zidan ketgan. Texnikalarini ko‘paytirish, innovatsiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish, qayta ishlashni tashkil qilish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini ochib, har tomonlama rivojlanish o‘rniga aysh-ishrat, maishatga berilgan, o‘ynash-fohishalardan boshi chiqmagan, hech kimni mensimay qo‘ygan. Na hokim, na prokuror ularni tartibga chaqira olmay qolgan. Shundan keyin hukumat fermerlarni har tomondan qisib qo‘ygan, xo‘lu quruq barobar yonib, insofli, intiluvchan fermerlar boshiga ham kulfatu balolar yog‘ilgan. Fermerlar shu darajada «bichib» qo‘yildiki, aqli raso odam fermerlikni topshirib, o‘ziga boshqa ish qidirishni ma’qul ko‘rib qoldi. Ayrim toifalarga esa hech narsaning ahamiyati bo‘lmay qoldi. Na dalaga chiqadi, na hosildan xabar oladi. Ammo kimdir dalada ishlashi kerakku. Kim? Topdingiz! Byudjetdan oylik oladiganlar. Hukumat har xil ishchi guruhlarini tuzdi, ularga IIB, prokuratura va boshqa kuch ishlatar tuzilmalardan qattiqqo‘l boshliqlarni tayinladi vahokazo.
Yerni chopish, ag‘darish, ariq ochish, chigit qadash, yaganalash, chekanka, o‘g‘it berish, sug‘orish, zararkunandalarga qarshi kurashish, chopish, begona o‘tlardan tozalash, hosilni yig‘ib olishgacha melisa, soliqchi, bankir, o‘qituvchi, shifokor yugur-yugur qiladi. Fermer kuni bilan uxlaydi, ichkilik ichadi, istasa dalasiga keladi, istamasa qorasini ham ko‘rsatmaydi. Chunki unga fermerlik qilishdan foyda yo‘q, shuning uchun farqiyam yo‘q!
Unaqa tepsa tebranmaslarni har qancha so‘ksangizam, Andijon hokimi aytganiday orqasiga …ni tirasangizam qilt etmaydi. Etiyam, betiyam bir bo‘lib bezlashib ketgan.
Biz odatda jabrdiyda qilib ko‘rsatadigan ta’lim vakillari ham aslida men ta’riflagan fermerlardan farq qilmaydi. Bu soha kalamushlarga shu qadar to‘lib ketganki, Hindistondagi mashhur kalamushlar ibodatxonasi Rayono yoki Oblononing oldida pok-pokiza. Chunki bolalarning haqqini yeyayotgan ham, ularni poraxo‘rlikka o‘rgatayotgan ham, yosh murg‘aklarning ko‘z o‘ngida zulm va adolatsizlik qilayotgan ham ta’lim xodimlari. Kollej va litseylarda pulsiz baho olib bo‘lmaydi. Oliy ta’lim ham korrupsiyaga botgan. Prezident maqtayotgan Yuridik universitetida davlat imtihonidan o‘tish 3-5 ming dollarga chiqib ketganini hamma ham bilavermaydi, tan olgisi kelmaydi. Eng ishongan oliy ta’lim muassasasida poraxo‘rlik shafqatsiz ravishda ildiz otganki, bundaylar tabiiy ravishda xo‘rlik va haqoratlarga duch keladi. Chunki bu dunyoda hamma narsaning javobi bor. Bugun bo‘lmasa ertaga, ertaga bo‘lmasa indin.
Tizimda g‘ururi, or-nomusi bor odamning ishlashi juda qiyin. Juda qiyin undaylarga. Bilimli, ziyoli, o‘zini hurmat qilgan, halol va fidoyi o‘qituvchilarni hech kim so‘ka olmaydi, hech kim ura olmaydi. Agar ursa yoki so‘ksa, birinchi hujumdanoq hammasiga tupirib, ishdan bo‘shaydi. Bunday odamlar rizqni hokim yoki direktor bermasligini juda yaxshi biladi. Bir kunini ko‘ra oladi, qora qozoni shusiz ham qaynaydi. Hech bo‘lmaganda chet elga ketadi… Tizimdagi adolatsizlik, nohaqliklar natijasida ta’lim ham bezbetlarga to‘lib-toshdi. Mansabparast, amalparast, xushomadgo‘y, poraxo‘r, qo‘rqoq va noshud pedagoglar (direktormi, mudirmi, oddiy o‘qituvchimi -farqi yo‘q) o‘z qadrlarini shu darajada pasaytirib yuborishdiki, hokimning malayi, xizmatkori, yuvindixo‘riga aylandi-qoldi. Byudjetdan oylik olishi uning aybi. Shuning uchun ham ursayam, so‘ksayam, har qanday ishga buyursa ham manqurtdek bosh egadi, bo‘ysinadi, xorlik va xo‘rlanishga rozi bo‘ladi.
Keling, yuqoridagi savolga qaytsak: o‘zbek urib-kaltaklamasa ishlamaydimi? Agar shunday bo‘lganida millionlab o‘zbeklar Rossiya, Qozog‘iston, Koreya va boshqa davlatlarda nima qilayapti? Tanbal, dangasa, ishyoqmaslar u yerlarda yo‘qmidiki o‘zbeklarni quchoq ochib kutib olgan bo‘lsa? Men o‘n yildan beri koreys tilidan repetitorlik qilib kelaman. Shu paytgacha yuzlab shogirdlarni tayyorladim. O‘nlab o‘quvchilarim hozir Koreyada ishlab yurishibdi. Ko‘plab koreyslar bilan o‘zbeklar haqida gaplashganman. Eng ishchan, mehnatsevar odamlardan deb bilishadi o‘zbeklarni (guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, o‘zbeklar nomiga dog‘ tushirganlar ham yo‘q emas). Koreyadagi o‘zbeklar orasida shunday noyob kadrlar ham borki, oyiga o‘n ming dollar berib ularni ushlab turishadi.
Boshqa millatlardan farqli ravishda uyim-joyim deydigan xalqmiz. Shunday xalqlar borki, kuni o‘tsa bo‘ldi. Buguni uchun yashaydi. Bir so‘m topib qornini to‘yg‘azsa, yotishga joyi bo‘lsa tamom. Koreyadagi aksariyat o‘zbeklar esa shanba-yakshanbaga qo‘shimcha ish qiladi, ikki smenada ishlaydi, o‘zini o‘qqa ham, cho‘qqa ham uradi. Nega? Chunki ishlaganiga yarasha pul oladi, mehnati qadrlanadi, munosib sharoitlar yaratib beriladi.
Rossiyadagi o‘zbek migrantlari haqida ko‘pincha salbiy fikrlar bildiriladi. Nima emish: past ishlarni ishlarni qilib, millat obro‘sini tushirib yuborayotganmish. Oshing halol bo‘lsa ko‘chada ich deyishadi. Dvornikmi, ko‘cha tozalovchi, idish yuvuvchimi yoki uy xizmatchisimi, avvalo halol mehnat qilayapti ular. Yiliga O‘zbekitonga yuborilayotgan milliardlab dollar ko‘chadan supurib olinayotgani yo‘q!
Koreys ish beruvchilari bilan ko‘p suhbat qurganman, katta korporatsiya rahbariga tarjimonlik qilishga ham to‘g‘ri kelgan. Birortasida na qo‘pollik, na katta ketishni ko‘rganman (hammasiyam shunday deb aytolmayman). Chet elda millionlab, millardlab puli bo‘lsa ham ishchisiga avvalo inson sifatida muomalada bo‘ladi. Xato qilsa tushunadi, yordam, maslahat, imkon beradi, kechiradi, qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbek rahbarlari bilan ham ishlaganman, vazirlar, raislar, boshiqlarning ko‘pini ko‘rganman (o‘n yilda o‘n bir joyda ishlaganman). Aksariyatining dimog‘idan qurt yog‘iladi, osmon qo‘limda deb o‘ylaydi. Qo‘rqsa hurmat qiladi, deydimi, xodim bilan balandda turib gaplashadi. Xato qilganni xumoridan chiqquncha urishib beradi (haliyam so‘kish eshitmagan).
Nega shunday? Nega chet elda ishlab, rizq topayotgan o‘zbek O‘zbekistonda noshudu notavonga aylanadi? Axir biz o‘ta qobiliyatli xalqmizku, qo‘limizdan juda ko‘p ish keladi, xotiramiz kuchli, istasak o‘rganamiz, o‘zlashtiramiz. Boshqa xalqlardagi kabi o‘qib-o‘rganishga juda ko‘p vaqt sarflashimiz shart emas. Beruniy, Xorazmiy, Buxoriy, Bobur kabi ota-bobolarimizning geni qonimizda aylanib yuribdi. Bular balandparvoz gaplar emas. Bizni ishlatish uchun urish, so‘kish shart emas. Ishlashga imkon, ishonch berilsin, xalal berilmasin, ishlaganga yarasha oilasi bir oy yetishmovchilik ko‘rmay yashashga yetadigan maosh o‘z vaqtida to‘lansin, ishchilarga odamga o‘xshab muomala qilinsin, ish joylarida munosib sharoitlar yaratilsin. O‘shanda ko‘rasiz ishlash qanday bo‘lishini!
Hamma ham farishta, hamma ham superishchi emas. Guruch kurmaksiz bo‘lmasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Har qanday holatda ham og‘ir-bosiqlik, mushohada, aql bilan bilan yondashsa bo‘ladi. Hissiyotlarga berilish shart emas! Har qanday xato, qilmish, jinoyat uchun qonuniy chora ko‘rish mumkin. Har bir hokim, har bir rahbar shuni bilib olishi shart: O‘ZBEKNI URIB-SO‘KMASANG HAM IShLAYDI. Odam bo‘lib qoling oxirigacha!
Sanjar Said
Manba: fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)