date

Qozog‘istonda alkogol savdosiga yangi cheklovlar:

Qozog‘istonda alkogol savdosiga yangi cheklovlar:

Qozog‘iston hukumati mamlakatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida spirtli ichimliklar savdosiga nisbatan yangi cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Kazinform.kz.

Ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenovning ta’kidicha, yangilangan qonun loyihasiga ko‘ra, alkogol mahsulotlari faqat maxsus litsenziyaga ega do‘konlarda sotilishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, onlayn tarzda spirtli ichimliklar savdosi butunlay taqiqlanishi kutilmoqda.

Vazirlik, shuningdek, savdo nuqtalari sonini qisqartirish va litsenziya talablarini kuchaytirish orqali nazoratni mustahkamlashni taklif qilmoqda. Maqsad — ichki bozorda alkogol tarqalishini cheklash va uning salbiy ijtimoiy oqibatlarini kamaytirish.

Sadenov parlamentdagi muhokama paytida ta’kidlashicha, ko‘ngilochar joylarda mast holatda jinoyat sodir etish holatlari keskin ko‘paygan. “Faqat o‘tgan yili shunday joylarda 1400 dan ortiq huquqbuzarlik, jumladan, uchta qotillik aniqlangan. Bu — jiddiy xavf,” dedi vazir.

Uning fikricha, spirtli ichimliklar savdosini vaqt jihatidan cheklash, jamoat xavfsizligi va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash uchun muhim qadam bo‘ladi.

Shu bilan birga, vazir mamlakatda sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya markazlari yetishmayotganini qayd etdi. Hozirgi kunda bor-yo‘g‘i 38 ta markaz faoliyat yuritmoqda, ularda 700 ga yaqin o‘rin mavjud xolos. Muammolarni hal etish uchun yana 14 ta yangi muassasa tashkil etish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda alkogol savdosiga oid cheklovlar so‘nggi yillarda bosqichma-bosqich kuchaytirilmoqda. 2014 yildan buyon kuchli spirtli ichimliklarni soat 21:00 dan 12:00 gacha, yengillarini esa 23:00 dan 8:00 gacha sotish taqiqlangan.

Yangi qonun qabul qilinsa, mamlakatda spirtli ichimliklar muomalasi yanada qat’iy nazoratga olinib, sog‘lom turmush madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan yangi davr boshlanishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda alkogol savdosiga yangi cheklovlar: