Urugvayga qarshi o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng O‘zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi. Italiyalik mutaxassis jamoa holati, o‘yin sifati va kelgusi rejalari haqida ochiq fikr bildirdi.
Kannavaro avvalo jamoada jarohat olgan futbolchilar soni haqida to‘xtalib, bu safar terma jamoa to‘liq tarkibda maydonga tasha olmaganini ta’kidladi.
“Afsuski, 9 nafar futbolchimiz jarohat sabab o‘yinda ishtirok etmadi. Shu bois, menda bor o‘yinchilarni ko‘rib chiqish va ular bilan ishlash juda muhim edi. Yigitlar harakatidan mamnunman — ular maydonda bor kuchini berdi. Biz ikki kun avval Malayziyaga keldik va juda qisqa vaqt ichida o‘yinga tayyorlandik. Dam olish uchun vaqt deyarli bo‘lmadi,” dedi Kannavaro.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Urugvayga qarshi bahs futbolchilar uchun katta motivatsiya bo‘ldi.
“Bunday raqib darvozasini ishg‘ol etish katta ilhom beradi. Bizda ham avvalroq hisobni ochish imkoniyati bor edi. To‘psiz o‘yinda yaxshi harakat qildik. Urugvayni qiyin ahvolga solish oson emas, chunki ularning ko‘pchiligi Braziliya chempionatida o‘ynaydi. Mening qo‘limda yaxshi jamoa bor va uni yanada kuchaytirish imkoniyati ham mavjud,” dedi u.
Kannavaro hamkasbi Marselo Byelsaning ijobiy fikrlariga munosabat bildirib, bunday baholarni katta hurmat bilan qabul qilganini aytdi.
“Byelsadek murabbiydan yaxshi so‘z eshitish katta sharaf. U futbol mentalitetini o‘zgartirgan mutaxassislardan biri. Undan o‘rganadigan narsalarim juda ko‘p,” dedi Kannavaro.
Jismoniy tayyorgarlik haqidagi savolga javob berganda, u jamoaning holatini real baholadi:
“Ha, bu jihatda biz hali Urugvay darajasiga chiqmaganmiz. Ammo oldimizda 8 oy vaqt bor. Bu faqat mashg‘ulot bilan bog‘liq emas, balki ovqatlanish, uxlash va umumiy intizom bilan ham bog‘liq. Jahon chempionatiga bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko‘rish kerak. Bu musobaqa oson bo‘lmaydi,” deya ta’kidladi murabbiy.
Kannavaro noyabr oyidagi rejalari haqida ham ma’lumot berdi:
“Assotsiatsiya noyabrda Dubayda ikkita o‘rtoqlik bahs o‘tkazish bo‘yicha kelishib olgan. Men esa O‘zbekistonda qolib, milliy chempionat bahslarini kuzataman va mahalliy murabbiylar bilan hamkorlik qilaman,” dedi u.
Italiyalik mutaxassis raqiblarning gollari haqida ham fikr bildirdi:
“Birinchi gol ofsayddan urildi. Ikkinchisida esa raqibga ko‘p hudud topshirib qo‘ydik. O‘z jarima maydonimiz ichida bir-birimizga yaqin harakat qilishimiz kerak. E’tibor va konsentratsiya hal qiluvchi omillar. Tanaffusda yigitlarga birinchi 15 daqiqa muhimligini aytib o‘tdim. Agar diqqatni yo‘qotsak, nima bo‘lishini bugun ko‘rdik,” dedi Kannavaro.
Zahiradan tushgan futbolchilar haqida u quyidagicha izoh berdi:
“Maydonga tushganlar yaxshi kayfiyatda bo‘lishdi. Ikkinchi bo‘limda ayrimlar charchaganini ko‘rib, jamoani ruhlantirishga harakat qildim. O‘yin oxirida yaxshi harakat qildik va gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Men bu yerga kelganimdan beri barcha futbolchi maydonda borini berib harakat qilmoqda.”
Kannavaroniнг bu so‘zlari jamoada ishonch va mehnat muhiti kuchayib borayotganini, shuningdek, terma jamoa kelajak sari qat’iy qadamlar bilan intilayotganini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!