O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Urugvayga qarshi o‘tgan o‘rtoqlik bahsidagi o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Tajribali forvard raqib kuchli bo‘lganini tan oldi va jamoa hali yangi murabbiy qo‘l ostida ko‘p jihatlarda ish olib borishi lozimligini ta’kidladi.
“Kutilganidek og‘ir o‘yin bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limning ilk 15-20 daqiqasida diqqatni yo‘qotdik va raqib bizni jazoladi. Umuman olganda yomon o‘yin o‘tkazmadik. Albatta, ayrim kamchiliklar bor, ular ustida ishlashimiz shart. Yangi murabbiy bilan hali ko‘p jihatlarda mehnat qilishimiz kerak,” — dedi Eldor Shomurodov uchrashuvdan so‘ng.
Jismoniy tayyorgarlik haqida so‘ralganda, hujumchi terma jamoa qisqa vaqt ichida safardan kelib, tiklanishga ulgurmaganini aytdi.
“Birinchi navbatda tarkibda o‘zgarishlar bo‘ldi, bu ham ta’sir qildi. Bu bahona emas, ammo ikkinchi o‘yinga qadar faqat ikki kun bo‘ldi. O‘tgan bahsdan keyin to‘liq tiklanmadik va faqat kecha to‘liq mashg‘ulot o‘tkazdik,” — dedi u.
Shomurodov murabbiy Fabio Cannavaro qo‘l ostidagi yangi taktik yo‘nalish haqida ham fikr bildirdi.
“O‘yin sxemasi keskin o‘zgarmadi. Masalan, Aziz G‘aniev bugun o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan o‘ng qanotda harakat qildi. Bu pozitsiya unga qulay bo‘lmadi, ammo u borini berdi, yomon o‘ynamadi. Bu murabbiyning tanlovi edi,” — dedi Eldor.
Forvardning aytishicha, raqib haqiqiy salohiyatini namoyish qildi, ammo maydon holati o‘yin sifatiga ta’sir qilgan.
“Maydonning holati ham ideal emasdi. Bunday maydonda har bir jamoaning kuchlari tenglashib ketadi,” — deya qo‘shimcha qildi Shomurodov.
Eldorning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘yin terma jamoa uchun juda muhim tajriba bo‘ldi. Urugvay kabi kuchli raqibga qarshi bahs orqali jamoa o‘z kamchiliklarini ko‘rib chiqish va kelgusi musobaqalarga tayyorgarlikni yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!