date

G‘azo bo‘yicha kelishuv imzolandi: Tinchlikka yo‘l ochildi

G‘azo bo‘yicha kelishuv imzolandi: Tinchlikka yo‘l ochildi

13 oktabr kuni Misrning Sharm ash-Shayx shahrida xalqaro ahamiyatga ega voqea ro‘y berdi — Misr, Qatar, AQSh va Turkiya rahbarlari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni imzoladilar, deb xabar berdi Reuters.

Marosimda so‘zga chiqqan AQSh prezidenti Donald Trump hujjatni “juda keng qamrovli va muhim kelishuv” sifatida ta’riflab, unda “ko‘plab qoidalar, nizomlar va tafsilotlar o‘z aksini topganini” qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, 13 oktabr kunini Yaqin Sharq uchun “tinchlik va umid kuni” deb atash mumkin.

“Bugun biz guvoh bo‘layotgan voqea — bu faqat G‘azodagi urushning tugashi emas, balki butun mintaqada yangi tarixiy davrning boshlanishidir. Xudo xohlasa, bu tinchlikning birinchi qadami bo‘ladi,” — dedi Trump o‘z nutqida.

Sammitda 30 dan ortiq davlat yetakchilari ishtirok etdi. Ular orasida Falastin Milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ham bor edi. Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy va Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog‘an ham uchrashuvda faol ishtirok etdi.

Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu sammitga kelmadi. Uning idorasi bu qarorni 13 oktabr kechqurun boshlangan yahudiy bayramlari bilan izohladi.

Avvalroq, Turkiya prezidenti Erdog‘an va bir qator musulmon davlatlari yetakchilari Netanyahu ishtirok etsa, sammitni boykot qilish niyati borligini bildirgan edilar.

Sharm ash-Shayxda o‘tgan sammitda HAMAS harakati vakillari ham qatnashmadi. Ammo aynan sammit kuni — 13 oktabr — HAMAS 2023 yil 7 oktabr kuni Isroilga qilingan hujum paytida garovga olingan isroilliklarni ozod qildi.

Mazkur ozodlik va otishmalarni to‘xtatish kelishuvi AQShning faol vositachiligida amalga oshdi. Bu kelishuvning imzolanishi Yaqin Sharqdagi uzoq yillik qarshilik va zo‘ravonliklardan so‘ng yangi umidlarni uyg‘otdi.

Tinchlik sammitidagi kelishuv, kuzatuvchilarning fikricha, G‘azo va butun mintaqada barqarorlikni ta’minlash sari tashlangan eng muhim qadamlaridan biri sifatida tarixda qolishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azo bo‘yicha kelishuv imzolandi: Tinchlikka yo‘l ochildi