date

Erdog‘an sammitda Netanyahu bo‘lishini bilgach, Misrga qo‘nmasligini aytdi

Erdog‘an sammitda Netanyahu bo‘lishini bilgach, Misrga qo‘nmasligini aytdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning samolyoti Misrning Sharm ash-Shayx shahriga yo‘l olgan paytda u yerda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham sammitda ishtirok etishi mumkinligi haqida ma’lumot oldi. Bu xabardan so‘ng, Erdog‘an samolyotni qo‘ndirmaslik haqida buyruq berdi, deb xabar berdi Milliyet va TGRT.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya rahbari Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy va AQSh prezidenti Donald Trumpning taklifiga binoan G‘azo sektoridagi otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni muhokama qilish uchun Turkish Airlines samolyotida Misrga yo‘l olgan edi.

Israel Hayom nashrining yozishicha, parvoz paytida Erdog‘an shaxsan Sisiy bilan telefon orqali bog‘lanib, “agar Netanyahu ham qatnashsa, men qo‘nmayman”, degan. Shu bilan birga, Anqara rasmiylari Vashington bilan aloqa qilib, “bu haqda oldindan kelishuv bo‘lmagani uchun” norozilik bildirgan.

Iroqning INA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil bosh vazirining ishtirokini tashkil etishga AQSh prezidenti Donald Trumpning o‘zi harakat qilgan, ammo bu urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Shuningdek, Iroq bosh vaziri Muhammad Shia as-Sudaniy ham agar Netanyahu kelsa, sammitda ishtirok etmasligini oldindan bildirgan.

Oxir-oqibat, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh va Isroil rasmiylari bilan maslahatlashgandan so‘ng safardan voz kechgan. Erdog‘anning samolyoti esa Netanyahu kelmasligi rasman tasdiqlanmaguncha havoda aylangan va shundan keyingina Sharm ash-Shayxga qo‘ngan.

Reuters xabariga ko‘ra, 13 oktabr kuni ertalab Netanyahu Isroilda Trump bilan uchrashgan. Keyinroq Misr tomoni Isroil bosh vazirining ehtimoliy ishtiroki haqida ma’lum qilgan, ammo bosh vazir idorasi yahudiy bayramlari boshlanganini bahona qilib, tashrifdan voz kechganini bildirgan.

Sammitda HAMAS vakillari ham qatnashmagani aytildi.

Erdog‘anning bu qarori yana bir bor Turkiyaning Yaqin Sharqdagi keskin diplomatik pozitsiyasini ko‘rsatdi — Anqara Isroil bilan bir maydonda chiqishdan ham voz kechishga tayyor ekanini namoyon etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdog‘an sammitda Netanyahu bo‘lishini bilgach, Misrga qo‘nmasligini aytdi