Har kuni ishga kelishda, qaytishda shahrimizning markaziy ko‘chalaridan aylanib o‘tadigan avtobusga chiqishga to‘g‘ri keladi. Qulayroq joyga o‘tirib, atrofni tomosha qilib ketaveraman. Kechqurunlari Toshkent fotosuratlar uyi atrofida, mehmonxona va favvoralar yonida kelin-kuyovlar, yosh-yalanglar suratga tushib yurishganiga ko‘p bor guvoh bo‘laman. Baxtidan masrur kelin-kuyovlarni ichimda duo ham qilib qo‘yaman. Yoshlikka hamma narsa yarashadi. Gul faslida gul-gul ochilib yurgan bu yoshlarga hamma havas bilan tikiladi. Ana bir juftlikni suratkash aylanib, har xil holatda suratga tushiryapti. Ishoralaridan hamma suratkashlar aytadigan boshingizni sal ko‘taring, ozgina jilmaying, kuyovga yaqin turing, kelinning qo‘lidan tutib oling, deyayotgani bilinib turibdi. Shular haqida o‘ylaganimcha avtobus keyingi bekatga keldi. Xayollarim esa kelin-kuyovda.
O‘ylab qarasam, to‘y kuni kelin-kuyovni eng ko‘p qiynaydigan suratkashlar va tasvirchilar ekan. Umrida qo‘lini beliga tutib turmagan qizga qo‘lingizni beliga qo‘ying, o‘zingizni sal orqaga tashlang, zirak taqayotgandek bo‘ling, pardoz qilayotgandek bo‘ling, pardadan mo‘ralab kuyovni kutayotgandek bo‘ling. Bir qizni bilardim, o‘ta samimiy, o‘ta jo‘n. To‘yi kuni suratkashning talablarini bajarmabdi. “Siz aytgan iqtidorim bo‘lganida teatrga ishga kirardim”, debdi. Eshitib xursand bo‘ldim. Yaqinda qarindoshimiz kelin tushirdi. To‘yga bora olmadik. Qishloqqa bir borganda “qutlug‘ bo‘lsin”ga kirdik.
– To‘y yaxshi o‘tdi, – deya gap boshladi qarindoshimiz. – Faqat to‘polonchi ukangiz sal janjal chiqarib qo‘ydi.
– Kuyovbola-ya?
– Ha, to‘yning oxirida suratkashni uribdi. U alam qilib hamma suratlarni o‘chirib tashlabdi. Keyin militsiyaga berdi. Jarima to‘lab qutuldik.
Aslida voqea bunday bo‘lgan ekan. To‘y kuni kuyovbola o‘rtoqlari bilan raqsga tushayotganda kelinning yoniga boshqa bola o‘tirib olib kelin bilan suratga tushibdi. Kuyov bola suratchiga bu rasmni chiqarmasligi uchun pul beribdi. Suratkash so‘zida turmagan va suratni o‘sha bolaga chiqarib beribdi…
Yana bir tanishim farzandlarining nikoh to‘yi va to‘ydan oldingi tushgan suratlarining albomini ko‘rsatdi. Albom ustiga “Bahtli bo‘linglar” deb yozilgan. Pastki burchakda fotostudiyaning belgisi va “Fotogirif Bahtiyor” deb yozilgan. Bu o‘z ismini to‘g‘ri yozolmagan “fotogirif” ishlarini ko‘rib yoqa ushladim. Suratlarni ko‘zdan kechirar ekanman, yam-yashil o‘tloqda osmonga qarab yotgan qiz va yigit, yastanib o‘tirgan qizning tizzasiga boshini qo‘ygan yigit, qizning chakkasiga gul taqayotgan yigit. “Love store” deganlari shu ekan! Qaynonaning aytishicha, to‘ydan oldin shunaqa albom qildirish fikri zamonaviy qudalardan chiqibdi! To‘yi bo‘lishi aniq bo‘lsa ham bu yoshlar hali bir-birlariga nomahram-ku. Qaysi ota-ona qizini shunday ahvolda suratga tushish uchun ko‘chaga yasantirib chiqarib yuboradi. Zamonaviy emish… Xullas, to‘rt fasllik sevgi sahnalari: toqqa chiqilgan, boqqa chiqilgan… Keyin to‘ydagi suratlarni ko‘rib, hayratim undan ham oshib tushdi. Kuyov kelinning yopinchig‘iga kirib olgan, yelkasidan quchgan, belidan quchgan. Uyalishmaydimi, bunaqa rasmga tushishga desam,
hozirgi yoshlarga bir nima deb bo‘ladimi, rasmchi nimani bajar desa, shuni qilavergan-da, deydi. Keyin hamrohim gapga qo‘shildi.
– Mening ham to‘yimda suratkash bizga shart qo‘ydi, “Hamma aytganimni qilsalaring, albomlaringni chiroyli chiqarib beraman”, deb. Boshda o‘ylamabmiz. Aylanishga chiqqanimizda kuyovingizga kelinning qo‘lidan o‘pib tushing, deb qoldi. Men uyalib qo‘limni tortib oldim. Suratkash “Ha, kuyovbola, kelin norozimi, deyman”, dedi. Bu kap kuyovingizning izzatiga tegda. Janjal chiqishiga sal qoldi. Keyin uning aytganlarini qilganmiz. To‘ydan keyin kattalar, qarindoshlar, uydagilar albom ko‘ramiz, desa men uyalib qochib yurardim. Biz ko‘p masalada yoshlarni ayblaymiz. Lekin ular kattalarning orzu-istaklari uchun qilayotgan ishlaridan bugun kattalar oldida, kelajakda farzandlari oldida uyalib yurishmaydimi?
To‘ylarda ham e’tibor bersak, suratkash va tasvirchi kelin-kuyov va uning ota-onalaridan azizroq bo‘lib ketadi. Hamma suratga tushish bilan ovora. Kelin-kuyov yangi yil archasidagi qorbobo va qorqizga o‘xshab ular bilan jilmayib suratga tushishga majbur. Hech kim bugun ularning kuni, tinch qo‘yaylik, ular ham yayrab o‘tirsin, demaydi. Navbat bilan hamma ularning oldiga chiqib-tushaveradi. Ayniqsa, viloyatlarda ichkilik juda ko‘p beriladigan joylar bor. Mast-alast odamlar ham kelib kuyovni tabriklagani kamday, kelinga ham qo‘l uzatadi.
Yaqinda bir to‘yga bordim. Turmush o‘rtog‘imning bu tanishi universitetda dars beradigan, ayoli ham uy bekasi bo‘lsa-da o‘ta bama’ni ayol. Ularning taklifi bilan to‘yda boshlovchi kelin va kuyov bilan kim suratga tushmoqchi bo‘lsa, o‘z stolida tushsin, chetiga kelin-kuyovning rasmi tushirib beriladi, deb e’lon qildi. Ularning yoniga hech kim o‘ta olmaydigan qilib, harir devor aylantirib qo‘yilgan. Shunaqa qilsa ham bo‘lar ekan-ku, deb o‘ylab qoldim. Baribir ko‘pchilik bor joyda hamma qoidalar ham ishlayvermas ekan. Ba’zilar shunda ham suratga tushishning yo‘lini qilib tushib olishdi. Har holda yoshlar ancha tinch o‘tirishdi.
Suratkashlarning ishi shunchalik ekanki, to‘y tugab, kelin-kuyov uchun ajratilgan xonaga ular bilan birga kirib har xil holatda suratga tushirar ekan. Men farzandlarim uchun ajratilgan xonaga o‘zim kirishdan tortinaman. Boshqalarni yo‘latmayman. Mayli, to‘y suratlari ichida yotoq mebellari ko‘rinmasa ham.
Biz ota-onalarimizning birga tushgan suratlarini juda kam ko‘rganmiz. Hammasida bizning yoshligimiz, birimiz yetovida, birimiz qo‘llarida. Lekin ularning shoir aytganiday “Eslasak arzirli xush damimiz bor”, deydigan kunlari bor. To‘y qilar ekanmiz, ma’naviyatni birinchi o‘ringa olib chiqmasak, “ommaviy madaniyat” bizning farzandlarimizni nishonga oladi. Yoshlarga baxt tilab, ularni uydan chiqarib yuborar ekanmiz, ma’naviyatli insonlarni hamroh qilaylik, allaqaysi “fotogirif”larni emas. Yoki buning uchun ham ma’lum ssenariy ishlab chiqish vaqti keldimikan…
Manzura ShAMS
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...