17:21 / 25.02.2018
6 111

“Sizdan ugina — bizdan bugina”lar davri o‘tdi...mi?

“Sizdan ugina — bizdan bugina”lar davri o‘tdi...mi?
“Odamini topmasang ishing bitmaydi...”. Bu gapni ko‘p eshitganmiz. E’tiroz bildirsangiz, “Buning yomon joyi yo‘q-ku, amallabdimi, qandini ursin, hasad qilgandan ko‘ra o‘zingiz ham shunday yo‘l tutsangiz bo‘lmaydimi?” deguvchilar ham topiladi. “Boring, boshimni og‘ritmang, mingta siz-bizdan bitta jiz-biz yaxshi, qurumsoqlik qilib yuraversangiz, yurasiz itning orqa oyog‘i bo‘lib” deyishadi.

Bu fikrlarimni bir tahlil qilib ko‘rsangiz, o‘sha tanish- bilishchilikni quyuq qilib yurganlar jamiyat taraqqiyotiga tushov bo‘layotgan korrupsiyaning avj olishiga hissa qo‘shayotganiga amin bo‘lasiz.

1-voqea.
“To‘rt o‘g‘limni institutga joyladim, to‘rtalasi ham oliy ma’lumotli mutaxassis”, — deya maqtanadi bir otaxon. “O‘sha farzandlaringiz qayerda ishlayapti?”, — desam, hech ikkilanmay: “To‘rtovi ham Rossiyaga ishga ketgan. Ikkitasi dachada nazoratchi, ikkitasi dom quradi. Anchagina «ko‘ki”dan yuborib turadi, qurgan koshonalarini ko‘rsangiz, og‘zingiz lang ochilib qoladi», — deb qaddini keradi. “Rossiyaga ishga ketar ekan, nega o‘qitdingiz?”, — dedim unga. “Iya, qiziqmisiz, odamlar aytmaydimi, o‘g‘illarini institutda o‘qita olmadi deb. Hozir davralarda to‘rt o‘g‘limni ham o‘qitganman deb g‘ururlanaman”, — deydi.

Otaxonning yoshi ulug‘ ekani uchun istihola qilib, ko‘nglimdagini to‘kib sola olmadim. Ya’ni, hozir Rossiyada ishlab yurgan to‘rt o‘g‘ilning sandig‘ida mog‘orlab yotgan diplom aslida ularniki emas, balki shu soha rivojiga hissa qo‘shishga bel bog‘lagan yigit-qizlarniki edi. Ana shunday yigit-qizlar esa o‘qishga kira olmay, sarson bo‘lib yuribdi.

Endi savol tug‘iladi. Otaxon-ku topganini tugunga solib, odamini topib beribdi. O‘sha odam “Otaxon, farzandingiz o‘z kuchi bilan o‘qishga kirsin, ertaga u muallim bo‘ladi, agar unda layoqat bo‘lmasa va diplom olsa, biz xalqqa xiyonat qilgan bo‘lamiz-ku” demaydimi? O‘sha domlaning xotini nabirasi boshlang‘ich sinfda o‘zlashtira olmayotgani, o‘qituvchisi yaxshi saboq bermayotgani haqida qo‘ni-qo‘shnilarga “maktabda chalasavod o‘qituvchilar ham bor, ularni kim o‘qitgan o‘zi?” deyishga uyalishi kerak. Chunki bunga o‘zi ham sababchi. Eri katta-katta topib kelganida “buni qayerdan oldingiz, halolmi yoki harom?” deb so‘ramagan-ku!

2-voqea.
Tahririyatga bir ayol kirib keldi. Tarix muallimi ekan. Joy ko‘rsatdim, o‘tirdi. Sumkasini kovlab, bir qog‘oz oldi.

— Maqola yozib kelgandim, shuni bir ko‘ring, lozim topsangiz gazetada chop etarsiz, — dedi.

Maqolaga ko‘z yugurtirdimu darrov fahmladim. Internetda o‘qigandim. Katta tarixchi olimning maqolasiga quyib qo‘yganday o‘xshash. Sir boy bermadim.

— O‘zingiz yozdingizmi?

— Ha, — dedi u arang va gunoh ish qilib qo‘ygan boladay yerga qaradi.

— Chakki emas, ammo negadir siz o‘z tajribalaringiz, dars o‘tish uslubingiz haqida yozmabsiz, — dedim. – Buni maqolaning oxirida qo‘shsa ham bo‘laveradi, keling, sizga bir oq qog‘oz beraman, dars uslubingiz haqida qisqagina yozib berasiz, xo‘pmi?

Uning rangi oqarib ketdi. Birozdan so‘ng boshini qimirlatib rozilik berdi. Qog‘ozni olib yoza boshladi. O‘xshamadi shekilli, qog‘ozni g‘ijimlab, otib yubordi va yangi qog‘ozga yoza boshladi. Shu tariqa uch-to‘rtta qog‘oz nobud bo‘ldi. Nihoyat u qog‘ozning yarmini qoralab menga uzatdi. O‘qib ko‘rdim va...

Bilasizmi, olti qator gapda o‘ndan ortiq imloviy xato bor edi. Qalam tekkizib, xatolarini ko‘rsatib tashlagim kelmadi. Axir u kollejda tarixdan dars beradi, sharafli kasb egasi. Keyin o‘ylab qoldim: sharafli kasb egasi shunday bo‘lsa... Maqola bilan uning qo‘lyozmasini solishtirdim va: “To‘g‘risini ayting, buni internetdan oldingizmi?”, — dedim. U yerga qaradi, lom-mim deya olmadi. “Mayli, maqolani chop etmasangiz ham roziman, boyagi qo‘lyozmamni qaytarib bering, iltimos”, — dedi.

O‘qituvchilarni juda hurmat qilaman. Lekin ular orasiga adashib kirib qolgan ana shu “o‘qituvchi”ga emas, u “ta’lim” berayotgan o‘quvchilarga, ularning ota-onalariga rahmim keldi.

Ko‘rayapsizmi, pora beradigan ham o‘zimiz, uning jabrini tortadigan ham o‘zimiz.
* * *
2017 yil 4 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun matbuotda e’lon qilindi va kuchga kirdi. Bu qonunga juda katta ehtiyoj bor edi. Unga qat’iy amal qilsak, halol va pokiza niyatlar bilan yashasak, oqni oq, qorani qora desak, Navoiy bobomiz aytganiday el shod, mamlakat obod bo‘lishiga shubha yo‘q.
Faxriddin BOZOROV,
jurnalist

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Sizdan ugina — bizdan bugina”lar davri o‘tdi...mi?