— Ayolim bilan bir-birimizga ko‘ngil qo‘yib turmush qurganmiz. O‘n yillik turmushimiz davomida ikki farzandlik bo‘ldik. Oxirgi paytlarda qaynotam-qaynonam, qaynakam oilamizga aralashadigan odat chiqarishdi. Bir yarim oy oldin esa ayolim bolalarni olib uyiga ketib qoldi. Endi ota-onasi meni u bilan gaplashtirmayapti. Borsam, uyidan chiqarishmaydi. Ikki-uch bor odam yubordim, foydasi yo‘q. Nimamish, Rossiyada ishlagan paytlarim qizlar bilan yurganmishman. Har oy uyga pul jo‘natib turgan bo‘lsam... Agar qing‘ir yo‘llarga yurganimda ularga pul jo‘nata olmasdim-ku! Onam ham yetmishga kirib qoldi. Ularning parvarishiga odam kerak. Qolaversa, bolalarimni sog‘indim. Ajrashishni istamayman, xotinimni qanday qilib uyga qaytarsam bo‘ladi? Ayol kishi ro‘zg‘orning bor-yo‘g‘iga ko‘nib, chidab o‘tirishi kerakmasmi?
A. Farg‘ona viloyati
E’tibor bergan bo‘lsangiz, keyingi ikki-uch sonimizda uydan ketib qolgan kelinlarning qaynonalari, turmush o‘rtoqlarining murojaatlari ko‘paygan. Bayram arafasida ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan bu muammoning yechimini izlab ko‘rishga ahd qildik.
“Xotinim nega ajrashamanga tushib qoldi, tushunmayman?! He yo‘q-be yo‘q uydan ketishining sababi nima?”
Sizni ham shu savol o‘ylantirayaptimi? Keling, gapning indallosini aytamiz: hech bir ayol yaxshi hayotini tashlab, ikki-uch bolasini etaklab, ota uyiga ketib qolmaydi. Axir uydan arazlasa ham, qarorida qat’iy qolib ajrashsa ham, sizdan ko‘ra ko‘proq jabr ko‘radigan u. Ota-onasining uyiga borib yashash osonmas. Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari. Ota-ona, aka-uka, yanga-kelining qo‘liyu qovog‘iga qarashga majbur bo‘ladi. Bolalarning tarbiyasiyu ta’minoti uchun o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urishi kerak. Garchi qirq joni bo‘lsa ham, boshida panohi bo‘lmasa, nozik xilqat egasiga yolg‘iz ro‘zg‘orning aravasini sudrash, bolalarni katta qilish og‘irlik qiladi. Xo‘sh, nega shuncha qiyinchilikni bila turib bunga jazm etishadi?
To‘g‘ri, oramizda hayotga yengil qaraydigan ayollar ham bor. Ammo ko‘pchilik sabr kosasi to‘lmaguncha sabr qiladi. Har nening chegarasi bo‘lgani kabi ayolning ham metin irodasi chegara biladi.
Siz ayolingizning uydan ketishining sabablarini izlayapsizmi? To‘xtang, bir o‘zingizga nazar soling. Sizdan o‘tgan xatoliklar ham bordir. Axir oila mustahkamligiga ayol ham, erkak o‘z hissasini qo‘shishi kerak — 50/50! Uning devorlari darz ketishida esa sizning ham ana shunday “hissa”ngiz bor.
“Chidam neligini bilmaydi. Rafiqam noshukr!”
Ayrim erkaklar ayoliga ana shunday ayb qo‘yishadi. Biz — ayollarning sabri qoshida aslida tog‘lar tiz cho‘kadi. Ba’zida shoshqaloqlik qilishimiz mumkin, ammo gap oila, bolalar kelajagi haqida ketganida tishni tishga qo‘ya olamiz. Ammo qachongacha? Tanbal er nuqul jamiyatni va boshqalarni ayblab oila farovonligi uchun harakat qilmasa ham, xiyonatkor erkak vafo neligini unutsa ham, chidash kerakmi? Vaqtida dazmol qilinmagan ko‘ylak yoki tayyor bo‘lmagan ovqat uchun ayoliga qo‘l ko‘tarishgacha boradigan erkaklar yo‘q emas-ku?! Hurmatli janoblar, ayolingiz sabr qilishini istasangiz, uning sabriga yarasha harakatda bo‘ling. Xotinim ro‘zg‘orning kam-ko‘stiga ko‘nmayaptimi, deya darrov uni noshukrlikda ayblamang-da, kechagidan ko‘ra ko‘proq mehnat qiling. Ayollar tabiyatiga xos nolish, ko‘z yosh to‘kishlarni kamchilik sifatida qabul qilmang. Siz uni ovutib, hali hammasi yaxshi bo‘lishiga va’da bersangiz va albatta, lafzingizda tursangiz, u ham sizni ilhomlantirib turadi.
“Ota-onasi oilamizga aralashaveradi? Endi esa ularning panasiga yashirinib o‘tiribdi...”
Qaynota-qaynonangiz o‘z-o‘zidan sizning turmushingizga bosh suqmagan bo‘lishi aniq. Demak, oila qo‘rg‘oni devorlarini mustahkamlab olmagansiz. Ayolingizga yo suyanchiq bo‘lolmaganingiz, yo uni tushunmaganingiz, yo ruhiy, moddiy ehtiyojlarini qondira olmaganingiz uchun ota-onasidan yordam olish barorabarida ularni turmush atalmish g‘oringizga olib kirgan bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda ehtiyoj nima degan savolga javob berib o‘tsak.
Ehtiyoj, bu — qondirilishi kerak bo‘lgan istak. Deylik, siz chanqadingiz, suv ichmasangiz bo‘lmaydi,bu — ehtiyoj. Yoki ko‘ngilingiz kabob tusayapti. Ammo uning o‘rniga bir kosa mastava ichsangiz ham, qorningiz to‘yadi, bu — xohish.
Ayollarning ham o‘ziga yarasha psixologik va moddiy ehtiyojlari bor. Ularning bo‘sh o‘rnini to‘ldirmasangiz, odatda ota-onasiga yuzlanishadi.
Yuqoridagi murojaat egasi xorijda ishlagan payti qaynota-qaynonasi qizlarining turli muammolarini hal qilib bergan bo‘lishlari mumkin. Balkim kuyov xorijdan qaytgach ham qizining ro‘zg‘orining katta-kichik tashvishlari ularning bo‘ynida qolgandir? Bu bizning taxminlarimiz, xolos. Ammo bir narsa aniqki, sizning oilangizga qaynota-qaynonangizning aralashishi besabab emas. Va bunga o‘zingiz ham qaysidir ma’noda yo‘l ochib bergansiz.
Ikkinchi savol — nega ayrim ayollar ota-onasining orqasiga yashirinib olishadi?
- Turmush o‘rtog‘iga hech qanday gap ta’sir qilmagani, oilani asrash uchun kurashishdan charchagani uchun.
- Ota-onasining oldida boshi egik, tili qisiq bo‘lgani tufayli.
- Bor-kel o‘yinlaridan bezgani uchun. Ya’ni erining yolg‘on va’dalariga uchib uyiga qaytadi-yu, yana ko‘p yashamay, eski hammom — eski tosligiga amin bo‘lib, ota uyiga ravona bo‘ladi.
Ammo o‘zi ikki-uch bolaning onasi bo‘lgan ayolning bu harakati zamirida qanday omil yotsa-da, bitta narsa birlashtirib turadi — muammoni o‘zaro hal qila olmaslik, o‘zining nima istashini bilmaslik.
“Men ajrashishni istamayman!!!”
Erkaklar murojaatini shunday yakunlashini eshitish albatta, yaxshi. Iloji boricha oilani asrab qolish kerak! Biroq nima uchun ajrashishni istamaysiz — gap ana shunda. Chunki sabablar oqibatlarni yuzaga keltiradi. Do‘ppini yerga qo‘yamiz-da, bir mulohaza qilamiz. Oilangizni asrab qolishdan maqsadingiz nima?
- Umr yo‘ldoshingiz bilan umrguzaronlik qilish, qo‘sha-qarish.
- Bolalaringizni sog‘lom muhitda katta qilish.
- Oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onni asrash.
Yoki:
- Onangizning parvarishiga odam kerakligi.
- Ro‘zg‘or ishlari qolib ketayotgani.
- Endi yangi oila qurish mas’uliyatini olishni istamaslik.
Mana shu sanab o‘tilgan maqsadlarni belgilab chiqing yoki davom ettiring. Bu o‘zingizni tushunishga yordam beradi. Agar ikkinchi bo‘limdagi sabablar sizda ko‘proq kuzatilayotgan bo‘lsa, ya’ni oila qadriyatlarini anglamas ekansiz, u omonatligicha qolaveradi.
“Qanday yarashay???”
Baxtingizga 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasidamiz! Demak, otni qamchilang. Yilda bir bo‘ladigan shodiyona haqqi ayolingizning kamchiliklari, xatolariga ko‘z yuming. O‘zingiznikilarni to‘g‘irlash uchun esa, avvalo, o‘zingizga so‘z bering. Endi iloji boricha, imkon topib, rafiqangizning bir o‘zini restoran yoki qahvaxonaga taklif qiling. “Qachondan beri ikkimiz yolg‘iz bayram qilmagan ekanmiz, u-bu joylarga bormaganimizga ham ancha bo‘libdi. Istasang, gaplashib olamiz, yoki shunchaki o‘tiramiz”, deng. Ota-onasi uchrashtirmaydi, gaplashtirmaydi degan bahonalar sizga aslo yarashmaydi. Restoran va qahvaxonalarda bayram kuni odam gavjum bo‘ladi, bu o‘z navbatida o‘rtada eski gaplar eslanib urish chiqib ketishining oldini oladi. Bolajonlaringiz onasining qo‘llariga gul tutqazgach, oilaviy muammolarni eslamay turing. Chiroyi ochilgach, oilangizni asrab qolishni chin dildan istashingizni ayting. Ogohlantirib o‘tamiz — bolalarni o‘ylaylik, qo‘ni-qo‘shni nima deydi, yoshimiz o‘tib ketayapti, degan gaplarni tilga olmang. “Seni sevganim, sendek ayolni hech qayerdan topa olmasligimni bilganim uchun yarashmoqchiman!” deng. Eng tez ta’sir qiladigan, ayolning yurak-yuragiga yetib boradigan gap shu. Agar o‘z talablari, istaklarini aytsa, ko‘nglini bo‘shatib olsin. Tinglashni, eshitishni va yorqin kelajakka uni ishontirishni biling.
Mabodo, ayolingiz uchrashuvga rozilik bermasa, undan xafa bo‘lmasdan, bayram kuni gul va shirinlik ko‘tarib to‘g‘ri kirib boring. Ishonamiz, oilani asrab qolish yo‘lida bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermaysiz!
MUXLISA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin