23:45 / 06.03.2018
7 145

Itmi bu, yigitmi bu?..

Itmi bu, yigitmi bu?..
“Dom”dagilar bilan sumalak qildik. Ajoyib o‘tdi. Ertasiga ikki qo‘shni kirakash haydovchi bilan ulkan qozon va o‘choqni mashinaga ortib yo‘lga tushdik.

Ketayotib qarasak, bir yigit avtobus bekatidan beriroqda ikkala qo‘lini yerga tiragancha tebranib o‘tiribdi. Juda xunuk manzara edi bu! Egasini kutib g‘ingshiyotgan itga o‘xshardi yigit.

– Ertalabdan otib olibdimi manovi? – dedim g‘ashim kelib. – Oilasi, bola-chaqasi, qiladigan ishi yo‘qmikan-a?

– Tabletka ichgan bo‘lsa kerak, – javob berdi haydovchi.

Men hozirgina aytgan gapimdan uyalib qoldim. Demak, bekatdagi yigit bemor! Kasali xuruj qilgan bo‘lsa, mazasi qochgan. Donolik qilib fol ochgunimcha mashinani to‘xtattirib, yordamga oshiqishim kerak edi. Bir mashhur yozuvchi haqida eshitganman: yurak xuruji tutib, piyodalar yo‘lagida hushidan ketib yotganida yo‘lovchilar mast-alast deb o‘ylab chetlab o‘tishgan.

– Ikkita tabletka ichadi-yu uyog‘i kayfu safo! – dedi haydovchi.

Uning gapini tushunmadim.

– “Shuhrat”da anovinaqa qizlar turadigan joy bo‘lardi, eshitganmisizlar? – davom etdi haydovchi. – O‘sha yerda sotishadi bunday tabletkalarni. Aptekalarda ham pullashadi. “Kayf qildiradigan tabletkalar bormi?” desangiz, sekin chiqarib berishadi. Podprilapka!

– Shuni yoshlar borib oladimi rostdan ham?

– Ha. Ikkita tabletka yetarkan! Bu doridan alkogolning hidi kelmaydi, ko‘ngilni aynitmaydi. Kayf qildiradi. Tuppa-tuzuk boyvachcha bolalar sotib oladi. Keyin esa mana shunaqa ahvol! Bu dorilar o‘zi ruhiy bemorlar shifoxonasida ishlatilar ekan. Kasallarni tinchlantirish uchun qo‘llanilarkan. Tuppa-tuzuk sog‘lom yigitlar esa sotib olib, iste’mol qilaveradi.

Qaytishda qarasak, boyagi yigit bekatdagi o‘rindiqda beyeemalol cho‘zilib yotibdi.

66,5 million so‘mlik “Lirika” va allambalo dorilar haqidagi xabarlar esimga tushdi. Shu bo‘lsa kerak-da! Bunday “mol” bilan savdo qilayotgan, tirikchilik o‘tkazayotgan “uchar”lar haqida o‘ylab qoldim. Nega ular bu ishlaridan, noqonuniy savdodan hazar qilishmaydi, nadomat chekishmaydi? O‘zlari uchun emas, jamiyat uchun foydali ish bilan qachon shug‘ullanadilar? Nahotki bunday faoliyat turini tugatish uchun faqat maxsus reydlar kerak bo‘lsa?

“Farhod” chorrahasi yonidagi piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab bir to‘da yoshlar turadi doim. Qaddi-qomati raso, barvasta yigitlar. Ora-sira e’lon qilib qo‘yishadi: “Sotkalar bor, lyubboy telefonlar bor!” Ular sotayotgan qo‘l telefonlari – eskirgan, puturdan ketgan, quvvati haminqadar, shuningdek... o‘g‘rilangan aloqa vositalari! Yo‘lak chekkasida chiroyli qilib taxlab ham qo‘yishadi. “Ishlashiga jovob, oka”! Biroq “tovarlar” hujjatiga “jovob” yo‘q, kassa tushumi haqida gap bo‘lishi mumkin emas! Ammo barzangilar anchadan buyon yo‘lakni band qilib “javlon to‘kishyapti”!

Bu qanday ish, qay tarzdagi mashg‘ulot! Innovatsion tadbirkorlikmi? Uyalish kerak, axir! Aslida bu ham noqonuniy savdo! Ajabki, hech kim ularning mushugini pisht demaydi! Militsiya xodimlari ko‘ziga yot ko‘ringan yo‘lovchilar pasportini tekshirguncha mana shu “uchar”lar faoliyati bilan qiziqsa bo‘lmasmikan?

Bir paytlar ruslarning “Trud” gazetasi bo‘lardi (hozir bormi-yo‘qmi, bilmayman). Zo‘r-zo‘r maqolalar yoritilar, hatto fotosuratlarga “tesha tegmagan” izohlar qayd etilardi. Bir gal noqonuniy savdo bilan shug‘ullanadigan ikki barzangining rasmi berilib, chiroyli tagso‘zi yozilgan ekan: “Bu yigitlarning bo‘yniga omoch qo‘shib, rus dalasida ishlatsang foydasi ko‘proq tegadi!”

Xo‘sh? Noqonuniy savdo qiluvchilar faoliyatiga uzil-kesil chek qo‘yish uchun biz ham omoch izlashimiz kerakmikan?
Anvar Namozov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Itmi bu, yigitmi bu?..